Линклар

logo-print

Tojikistonning Xatlon viloyati Vaxsh tuman sudi 17 yoshli Husayn Nuralievni xorijiy davlatdagi jangovar harakatlarda ishtirok etishga hozirlanganlikda aybdor, deb topdi. 9-sinfni bitirganidan keyin Rossiyaga ketgan o‘smir u erdan Turkiya orqali jihod uchun Suriyaga o‘tmoqchi bo‘lgan.

Vaxsh tuman sudida o‘tgan mahkamada Husayn Nuraliev aybiga iqror bo‘ldi. U o‘zini jihodga chaqirganlarini va yanglish fikrlar yetovida Suriyaga ketmoqchi bo‘lganini e’tirof etdi.

Sudda Vaxsh tuman prokuraturasi vakili Husayn uzoq vaqt mobaynida “Odnoklassniki” ijtimoiy tarmog‘i orqali “Islomiy davlat” guruhi a’zolari bilan aloqada bo‘lgani, pirovardida ular o‘smirni Suriyaga jihod uchun borish lozimligiga ishontirishganini aytdi.

O‘smirning advokati Talbon Safarov sud Husaynning voyaga yetmaganini hamda sodir etgan qilmishidan taassufda ekanini hisobga olib, bu kabi jinoyat uchun beriladigan 12 yillik qamoq jazosi o‘rniga unga 7 yillik qamoq jazosi tayin qilganini qayd etdi.

Sud materiallariga ko‘ra, Husayn 2015 yili Rossiyaga ishlash uchun ketgan. U yerda o‘smir Abu Anas laqabli turk bilan tanishgan. O‘tgan yil avgustida u Turkiyaga yo‘l olgan, biroq Suriya chegarasidan o‘tayotgan paytda turkiyalik tartib posbonlari tomonidan qo‘lga olinib, Tojikistonga topshirilgan.

Husaynning onasi Zulayho Alekova 8 aprel kuni Ozodlikning tojik xizmati bilan suhbatda oiladagi iqtisodiy tanglik o‘g‘lini mehnat muhojirligiga jo‘natishga majbur qilganini aytdi.

- Men uning Suriyaga ketish niyati borligini bilmaganman. O‘g‘lim 2016 yil yanvaridan beri aloqaga chiqmayotgandi, telefoni o‘chiq edi. Militsiya xodimlari esa bizga: “O‘g‘lingiz Turkiyada” deyishib, unga Tojikistongacha chipta olish uchun 800 dollar pul so‘rashdi, - deydi Zulayho Alekova.

Husaynning otasi Zaur Nuraliev esa aldov qurboni bo‘lib qolmaslik haqida o‘g‘liga ko‘p marta nasihat qilganini aytadi.

- Ammo, afsuski, shu ish bo‘ldi. Hozir Husaynni qamashdi, lekin biz sud hukmidan rozimiz. Men prezidentimizdan o‘g‘limizni afv qilishni so‘radim. Agar o‘g‘limni ozod qilishsa, armiya xizmatiga yuboraman, - dedi o‘smirning otasi.

Husayn Nuraliev Turkiyada bor-yo‘g‘i bir hafta bo‘lgan, Tojikistonga qaytarilganidan keyin esa bir necha oy mobaynida Qo‘rg‘ontepadagi hibsxonada tutib turilgan.

Vaxsh tumanidan yana 14 yigit Suriyaga ketgani, biroq ularning ko‘pi jang chog‘ida o‘ldirilgani ma’lum.

Tojik rasmiylariga ko‘ra¸ hozirda 1000 dan ziyod tojikistonlik Suriya va Iroqdagi jihodda jang qilmoqda.

Avvalroq bu mamlakat rasmiylari Bosh prokuratura tomonidan Suriya va Iroqdagi terror guruhlari safiga qo‘shilgan 417 nafar tojikistonlikka qarshi jinoiy ish qo‘zg‘aganini bildirganlar.

XS
SM
MD
LG