Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 12:48

Samarqandda kuyov o‘g‘risi 3,5 yilga qamaldi


Samarqandlik oshiq yigit sevgan qizining boshqaga unashtirilishi ortidan ular to‘yini buzish uchun bo‘lajak kuyovni o‘g‘irlagan. O‘zbekiston Bosh prokuraturasining "Huquq" gazetasiga ko‘ra, Nodir Abduhamidov ismli yigit “kuyov o‘g‘irlash operatsiyasi”ga amakilarini ham jalb etgan. Kuyov o‘g‘rilari shu kuni militsiya tarafidan qo‘lga olingan. Ular bezorilikda ayblanib, uch yildan ortiqroq muddatga qamaldi. O‘g‘rilardan ozod bo‘lgan kuyovbola Bekmurod esa ertasi kuni unashtirilgan qizga uylangan.

Kinolarda ko‘rish mumkin bu voqea Samarqandning Bulung‘ur tumanida o‘tgan oy sodir bo‘ldi. Samarqandlik Nodir qishlog‘ida bir qizni yaxshi ko‘rar edi. Lekin qizni ota-onasi uni boshqa yigitga unashtirishdi.

Yigit esa sevgan qiziga etishning so‘ng chorasi sifatida to‘yga bir kun qolganda kuyovni o‘g‘irladi.

Samarqand huquq-tartibot idoralariga ko‘ra, Nodir Abdurahmonov amakilari Habibulla Abduhamidov va Abbos Ibragimovlarni ham o‘g‘irlikka sherik qilgan.

Ular kuyov bolaga telefon qilib “to‘y bilan tabriklashga keldik, chiq” deyishgan. Bola chiqishi bilan mashinaga bosib olib ketishgan.

- Pichoq bilan qo‘rqitishgan. Keyin ertaga to‘yi bo‘lishi kerak bo‘lgan kuyovni uyidagilar qidirishga tushgan. Militsiyaga murojat qilishgan. Kuyov o‘g‘rilari shu kuni ushlandi, - deydi huquq-tartibot idoralaridagi Ozodlik manbasi.

Hozirda Nodir Abduhamidov ham unga yordam bergan amakisi va xolavachchasi ham qamoqda.

Voqeadan xabardor bo‘lgan samarqandliklardan biri bu haqda Ozodlikka gapirib berdi:

- Meni bilishimcha bularning maqsadi to‘yni buzish bo‘lgan. Bu yigit yaxshi ko‘radigan qizini boshqasiga unashtirilganidan alamda buni qilgan. Kuyov bolani olib qochib, qerdadir ushlab turishmoqchi bo‘lishgan, - dedi bulung‘urliklardan biri.

Samarqand viloyati Ichki ishlar boshqarmasi mulozimlariga ko‘ra, Nodir Abduhamidov O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 277-moddasi, bezorilik jinoyati bo‘yicha ayblanib, 3 yarim yilga, kuyov o‘g‘irlashda yordamlashgan qarindoshlari esa 3 yilga qamalgan.

Samarqandning Bulung‘ur tumani “Nikoh uyi” xodimasi Nazokat Isroilova kuyov o‘g‘irlanishi tumanda misli ko‘rilmagan hodisa bo‘lganini aytadi.

- Bunaqasi bizda shu paytgacha bo‘lmagan. Bu yigit qizni yaxshi ko‘rar ekan, unda ko‘ngli bor ekan ota-onalarini yuborib, sovchi yuborib, kattalarni o‘rtaga qo‘yib, mahalla faollarini qo‘yib qilishi kerak edi. Endi u qiz ham oldindan ota-onasi bilan suhbatlashib, rozi bo‘lgan-da boshqa yigitga tegishga. Hozir avvalgiday zamon emasku, hozir qizlar ota-onasi aytgan yigitga tegib ketavermaydiku. Shuncha tayyorgarlik ko‘rib, to‘y qilamiz deb turgan paytda bu bolani bunaqa yo‘l tutishi noto‘g‘ri-da, bunaqa yo‘l bilan sevgilisiga erishib bo‘lmaydiku, - deydi Nazokat Ismoilova.

O‘zbekistonda kuyov o‘g‘irlanishi kuzatilmagan esa-da kelin o‘g‘irlash bor gap. So‘nggi yillarda Qoraqalpog‘istonda turmushga chiqmagan qizlarni o‘g‘irlab qochib, uylanish holatlari ko‘paydi.

O‘zbekiston huquq-tartibot organlariga ko‘ra, Qoraqalpog‘istonda o‘tgan yil o‘ndan ziyod qiz o‘g‘irlangan.

Asosan o‘zbeklar, qoraqalpoqlar va qozoqlar istiqomat qiladigan Qoraqalpog‘istonda bir necha asr avval urf bo‘lgan qiz o‘g‘irlash holatlarining so‘nggi yillarda ko‘payganini Ozodlik manbalari ham aytmoqda.

To‘rtko‘l tumanida yashaydigan 50 yashar qoraqalpoq Rahimboyning aytishicha, kelin tomonga beriladigan qalin pulining kattaligi va yoshlarning nikohiga ota-onalar rozilik bermasligi bois qizlarni o‘g‘irlash holati ko‘paygan.

XS
SM
MD
LG