Линклар

logo-print

O‘tayotgan haftada Yevropa xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti – YeXHTning ikki xodimi sharqiy Ukrainadagi rossiyaparast ayirmachi qizning to‘yida ishtirok etgani aks etgan suratlar Internetda paydo bo‘ldi. Tashkilotning Ukrainadagi missiyasi bu holatdan afsuslanish bildirdi.

Suratlarning birida ismi oshkor qilinmagan YeXHT kuzatuvchisini ayirmachi Volodimir Timofeev quchoqlab turganini ko‘rish mumkin. YeXHT saytida yozilishicha, kuzatuvchilarning vazifasi “tangliklarni ozaytirish, tinchlik, barqarorlik hamda xavfsizlik o‘rnatishga hissa qo‘shishdan” iboratdir.

Bu suratlarni ukrainaning Hromadske.tv telekanali jurnalistni Yevgeniy Spirin o‘z Facebook sahifasida e’lon qildi. Jurnalist suratlarni o‘z navbatida VKontakte saytidan olgan.

2015 yilning iyunida bo‘lib o‘tgan to‘yda YeXHT kuzatuvchisi va uning tarjimoni qatnashgan.

Yana bir suratda Timofeevni kuzatuvchini quchoqlab, kameraga qarab kulib turganini ko‘rish mumkin.

Shirinning sharhi Facebookda ommalashganidan keyin YeXHTning Ukrainadgi Maxsus kuzatuv missiyasi (MKM) suratlar haqiqiyligini tasdiqladi, lekin kuzatuvchilar to‘yda haqiqiy mehmon bo‘lmaganini aytdi.

YeXHT 7 aprel kuni rasmiy Facebook sahifasida “YeXHT MKM bo‘lib o‘tgan hodisadan afsusda. Kuzatuvchilar to‘yda bevosita ishtirok etmagan bo‘lsa-da, surat ular noto‘g‘ri ish qilishganini ko‘rsatadi. Bu kuzatuvchilar missiyani tark etishgan”, deb yozdi.

YeXHT MKMning vakili Ozodlik radiosiga yuborgan xatda yozilishicha, kuzatuvchilar to‘yga kelgan mehmonlar suratga tushayotgan maydonandan o‘tib ketayotgan bo‘lishgan. Ular to‘xtab suhbatlashishgan, keyin suratga ham tushishgan. Xatda yana kuzatuvchilar qachon yoki qay yo‘sinda missiyadan chetlatilgani oshkor qilinmasligi aytilgan.

Yaqinda Timofeev va uning ayirmachi sheriklari o‘rtasida muammolar paydo bo‘ldi.

Donetsk Xalq Respublikasi deb e’lon qilingan hudud rahbari Igorь Plotnitskiy Timofeevni Staxanov shahrida bir qator og‘ir jinoyatga qo‘l urganlikda aybladi. Ukrain matbuotida tarqatilgan xabarlarga ko‘ra, ayirmachilar Timofeevni mart oyida qo‘lga olgan.

Rossiya Ukrainaning Qrim mintaqasini anneksiya qilib, mamlakat sharqida rossiyaparast ayirmachilarni qo‘llay boshlaganidan beri ayirmachilar Kiev kuchlari bilan to‘qnashib keladi. Har ikki taraf YeXHTni betaraf bo‘lishga chaqirib, tanqid qilib turadi.

Anna Shamanskaya

(Nodir Otaev tarjimasi)

XS
SM
MD
LG