Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 06:49

Gulnoraning sobiq hisobchisi "Nurik" 18 yilga qamaldi


O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimovning to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimova tijoriy tizimlaridan birida yuqori lavozimda ishlagan va korrupsion sxemalarga aloqador ko‘rilgan "Nurik" laqabli Nurmuhammad Sodiqov 18 yilga Ozodlikdan mahrum qilingan. Bu haqda Frantsiyadagi Markaziy Osiyoda inson huquqlari tashkiloti O‘zbekistondagi manbalaridan olgan ma’lumotga tayanib 9 aprel kuni xabar qildi.

Nurmuhammad Sodiqov uzoq yillar davomida Gulnora Karimovaning shaxsiy hisobchisi vazifasini bajarib kelgani aytiladi.

Uch yil avval Sodiqov Arab Amirliklaridan qaytganida Toshkent aeroportida qo‘lga olingan va unga moliyaviy qallobliklar bilan bog‘liq ayblovlar qo‘yilgan edi.

Fransiyadagi Markaziy Osiyoda insor huquqlari tashkiloti rahbari Nadejda Otaevaning aytishicha, Sodiqov ustidan hukm yaqinda o‘qilgan.

- Hozir bizga ayon bo‘lishicha Nurmuhammad 18 yillik qamoq jazosiga hukm qilingan,- dedi Nadejda Otaeva Ozodlik bilan suhbatda.

O‘zbekiston tergov idoralari Gulnora Karimova xorijiy telekom shirkatlaridan yirik miqdorda pora olgan, degan iddao bilan Yevropa va AQShda tergov qilinayotgan jinoyat ishlariga aloqador bir qator shaxslarni hibsga olgan.

Hibsga olinganlar orasida Gulnora Karimovaning fuqaroviy eri Rustam Madumarov va xos yordamchisi Gayane Avakyanlar ham bor.

Ular 2014 yilning may oyida odam o‘g‘irlaganlikda aybdor deb topilib, O‘zbekiston harbiy sudi tomonidan 9 va 6 yilga qamoqqa hukm etilgan edi.

O‘g‘irlangan odam esa Nurmuhammad Sodiqov bo‘lgan. O‘zbekiston Bosh prokuraturasi Sodiqovni Gayane Avakyan va Rustam Madumarov yollagan sobiq harbiylar o‘g‘irlaganini bildirgan edi.

Nurmuhammad Sodiqov hibsga olinishidan avval 2013 yilning noyabrida Gulnora Karimovaga yaqin odamlar tarafidan o‘g‘irlab ketilganini uning yaqinlari Ozodlikka aytishgan edi.

Ozod etilishidan bir necha kun o‘tib, Sodiqov Twitter tarmog‘i orqali o‘zini Gulnora Karimovaning odamlari uning ko‘rsatmasiga ko‘ra o‘g‘irlashganini iddao qilgandi.

Nurmuhammad Sodiqovga nisbatan hukmning qachon va qaysi mahkama tarafidan chiqarilgani ma’lum emas. O‘zbekiston sud-tergov idoralari bu xabarp yuzasidan Ozodlikka izoh berishdan bosh tortishdi.

Nadejda Otaevaning aytishicha, Gulnora Karimova atrofidagi shaxslar, jumladan Sodiqov ustidan mahkama ham yopiq o‘tkazilgan.

– Afsuski jamoatchilik bu sud jarayonlarini kuzatish imkoniga ega bo‘lmayapti. Bu shaxslar ustidan mahkamalar yopiq o‘tkazilyapti. Sababi bu korrupsiya sxemalari markazida Islom Karimovning qizi Gulnora Karimovaning turibdi. U prezident otasining soyasida bu ishlarni qilgani, uni xizmat mavqeidan foydalangani ma’lum. Aynan shuning uchun bu jarayonlar jamoatchilikdan yopiq o‘tkazilyapti,- deydi Nadejda Otaeva.

Gulnora Karimovaning yillar davomida yirik xorijiy telekom shirkatlari va mahalliy biznes tuzilmalardan yuzlab million dollar miqdorida pora olib kelganiga ishora qiluvchi hujjatlar Ozodlik ishtirok etgan jurnalistik surishtiruvlar natijasida fosh etildi.

Xususan, Shvetsiyaning TeliaSonera, Rossiyaning Vimpelcom va MTS shirkatlariga O‘zbekistonda biznes qilish imkoni evaziga Gulnora Karimova kamida 1 milliard AQSh dollari miqdorida pora olganiga ishora qiluvchi hujjatlar jurnalistik surishtiruvlarda oshkor etildi.

2014 yilning sentyabrida O‘zbekiston Bosh prokuraturasi Gulnora Karimova doxil "uyushgan jinoiy guruh" ustidan tergov borayotganini bildirgan edi. Nurmuhammad Sodiqov ham davlatga o‘nlab million dollar zarar yetkazgan jinoiy guruh a’zosi sifatida ko‘rilayotgan edi.

XS
SM
MD
LG