Линклар

O‘tgan hafta yakunida AQSh Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha yordamchisi o‘rinbosari Daniel Rozenblyum Toshkentga kelib, O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov bilan uchrashdi. AQSh rasmiysining Toshkentga safari prezident Islom Karimovning bir necha kundan so‘ng Moskvaga qiladigan tashrifi arafasida bo‘lib o‘tdi.

9 aprel kuni Toshkentga kelgan AQSh Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha yordamchisi o‘rinbosari Daniel Rozenblyum O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov bilan uchrashuvi chog‘ida ikki tomonlama munosabatlarning bugungi kundagi ahvoli va kelajagini muhokama qilgan. Uchrashuvda AQShning O‘zbekistondagi elchisi Pamela Leora Spratlen ham ishtirok etgan.

AQShning Toshkentdagi elchixonasi matbuot xizmati Rozenblyumning o‘zbek rasmiysi bilan uchrashgani yuzasidan boshqa tafsilotlar mavjud emasligini bildirdi.

“Biz Rozenblyumning Toshkentga safari haqida O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi bergan ma’lumotdan boshqa narsani ayta olmaymiz. Bu safar tafsilotlari haqida qo‘shimcha ma’lumotlar yo‘q. Agar qo‘shimcha tafsilotlar paydo bo‘lib qolsa, bu haqda matbuotga bildiramiz”, -dedi AQSh elchixonasi matbuot xizmati xodimi.

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi tarqatgan ma’lumotda, Daniel Rozenblyum Abdulaziz Komilov bilan uchrashuv chog‘ida 2016 yil yanvarida Vashingtonda o‘tkazilgan o‘zbek-amerika siyosiy maslahatlashuvlari natijalarini ham muhokama qilgani aytilgan.

Joriy yilning 19 yanvar kuni O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov etakchiligidagi o‘zbek delegatsiyasi Vashingtonga safar qilgan edi. 21 yanvargacha davom etgan safar chog‘ida O‘zbekiston-AQSh siyosiy maslahatlashuvlarining navbatdagi 6- raundi o‘tkazilgan.

O‘zbek rasmiylarining Vashingtonga safari oldidan Hyuman Rayt Uotch xalqaro inson huquqlari tashkiloti Qo‘shma Shtatlar O‘zbekistondagi siyosiy mahbuslarni ozod etish uchun Toshkent hukumatiga ochiq bosim o‘tkazishi kerakligi yuzasidan bayonot tarqatgan edi.

O‘zbekiston-AQSh siyosiy maslahatlashuvlari chog‘ida Davlat departamenti rasmiylari O‘zbekistondagi inson huquqlari vaziyati va paxtazorlarda majburiy mehnatdan foydalanish muammosini ham ko‘targan hamda Toshkent hukumati bu muammolarni bartaraf etish yo‘lida harakat qilishiga umid bildirgan/

O‘zbekistonlik huquq faollarining Ozodlik muxbiriga aytishlaricha, Rozenblyum Toshkentda O‘zbekiston - AQSh siyosiy maslahatlashuvlari natijalarini muhokama qilganiga qaramay, mahalliy huquq faollari va fuqarolik jamiyati vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazmagan.

Ayni paytda ayrim kuzatuvchilar Daniel Rozenblyumning Toshkentga safari prezident Islom Karimovning bir necha kundan so‘ng Moskvaga qiladigan tashrifi arafasida bo‘lib o‘tganiga diqqat qaratmoqda.

Avvalroq Rossiya nashrlari Kremldagi manbaga tayangan holda O‘zbekiston prezidenti Islom Karimov 25-26 aprel kunlari Moskvada prezident Vladimir Putin bilan uchrashib, o‘zbek armiyasini modernizatsiyalash, jumladan, zamonaviy qurollar bilan ta’minlash masalasini muhokama qilishi haqida xabar bergan edi.

XS
SM
MD
LG