Линклар

Joriy yil 1 iyulidan boshlab O‘zbekistonda yetishtirilgan meva-sabzavotni yuk mashinalarida xorijga eksport qilishga ruxsat qilindi.

Kun.uz nashri ma’lumotiga ko‘ra, bu xususdagi hukumat qaroriga o‘zgartirish kiritilgan.

Yangi o‘zgartishga ko‘ra, 1 iyuldan boshlab, yuridik va jismoniy shaxslar o‘ziga tegishli avtotransport vositalari yordamida meva-sabzavot mahsulotlari, kartoshka, poliz ekinlari va uzumni xorijga tashishiga ruxsat etiladi.

Buning uchun faqat ularda avtomobil transporti yordamida xalqaro yuk tashuvlarini amalga oshirish litsenziyasi bo‘lishi talab etiladi.

Bosh vazir Shavkat Mirziyoev imzolagan qarorga muvofiq, o‘tgan yilning 1 sentyabridan boshlab meva-sabzavotni avtotransport vositalarida eksport qilish taqiqlangan edi.

Hukumatning bu qarori meva-sabzavot yetishtirish bilan shug‘ullanuvchi o‘zbekistonlik fermerlarning e’tiroziga sabab bo‘ldi.

Keyinchalik hukumat o‘z qarorini o‘zgartirib, 1 yanvardan meva-sabzavotni yuk mashinalarida tashishga ruxsat berdi, biroq bu imkoniyatdan hamma tadbirkor ham foydalanishi mumkin emas edi. Bu imkon berilgan huquqiy shaxslarning maxsus ro‘yxati mavjudligi aytilgan edi.

Hukumatning uchinchi bor o‘zgartirayotgan qaroriga ko‘ra, bu ro‘yxat bekor qilingan va litsenziya olgan barcha tadbirkorga mashinada meva-sabzavotni eksport qilishga ruxsat etildi.

XS
SM
MD
LG