Линклар

Шошилинч хабар
16 апрел 2024, Тошкент вақти: 11:18

Mehnat vazirligining yuzlab ishchisi ishsiz qolganidan shikoyat bo‘ldi


Fevral oyida nomi va tarkibi o‘zgartirilgan Mehnat vazirligining sobiq ishchilari ishsiz va tovon pulisiz qolgani haqida shikoyat bo‘ldi. Vazirlik muqaddam "Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi" deb atalgan, hozir esa faqat "Mehnat vazirligi" sifatida qoldirilib, ayrim vakolatlari boshqa vazirliklarga bo‘lib berilgani bois, yuzlab ishchi ishsiz qolish tashvishiga tushib qoldi.

Ozodlikka o‘zini vazirlikning Samarqand viloyatidagi tuman bo‘limlaridan birida mehnat inspektori bo‘lib 18 yil ishlaganman, deya tanishtirgan xodim bog‘landi.

Bu inspektor ismi-familiyasi va o‘zi ishlagan tuman nomini aytmaslikni so‘radi.

Uning aytishicha, vazirlik "Mehnat vazirligi" qilib o‘zgartirilganidan so‘ng ularning bo‘limiga maxsus ogohlantiruv xati yo‘llangan:

"Xatda 1 apreldan boshlab: "...qarorlarga asosan tizim o‘zgartirilishi munosabati bilan sizning shtat vazifangiz qisqartirilishidan ogohlantiraman", deb yozilgan. Men boshqarmaga bordim, 18 yil ishlaganman inspektor bo‘lib, endi nima bo‘ladi, deb so‘radim. Lekin, hozircha bilmaymiz, degan javob bo‘ldi. Bizning tumanda 5 ta inspektor bor, shundan faqat 2 yoki uzog‘i bilan 3 kishi qoladi, qolgani qisqartiriladi, deyishyapti", dedi Ozodlikka bog‘langan mehnat inspektori.

Shu yil fevral oyida O‘zbekiston Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi tuzilmasi o‘zgartirilib, idora nomi "Mehnat vazirligi" deb o‘zgartirildi. Vazirlik vakolatida faqat aholini ish bilan ta’minlash, bandlik, mehnat muhofazasi bilan shug‘ullanish vakolatlari qoldirildi.

O‘zbekiston prezidentining 22 fevral kungi qarori bilan ijtimoiy muhofaza masalalari Mehnat vazirligi zimmasidan olinib, O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligiga, ijtimoiy nafaqalar berish vazifasi esa O‘zbekiston Moliya vazirligiga yuklandi.

Bu tuzilmaviy o‘zgarishlar ortidan vazirlikning yuzlab ishchisi qisqartirilishi kutilmoqda. Xususan, Ozodlikka bog‘langan samarqandlik mehnat inspektori u ishlagan tumandagi "Bandlikka ko‘maklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazi"ning 27 xodimidan 13 nafarining taqdiri noma’lum qolayotganini aytdi.

Bu 13 kishidan 7 nafari vazirlikning aholi bandligiga ko‘maklashib yurgan xodimlar, 5 nafari esa mehnat inspektorlaridir:

"15 nafar o‘rta maxsus ma’lumot olgan ijtimoiy xizmatchi bor edi. Ular Sog‘liqni saqlash vazirligi strukturasiga o‘tkazildi. Lekin, biz inspektorlarga qisqartirish haqida ogohlantirish keldi, attestatsiyadan o‘tasiz, deyishdi. 18 yillik inspektorlar ishsiz qoldikmi endi, deb turibmiz. Ikki oylik tovon puli berilishi kerak o‘zi tartibi bo‘yicha, 1 million 200 ming so‘m atrofida, bu haqda gap ham yo‘q. Hozir tumanni o‘zida 10 tacha odam ishsiz qolayapti. Viloyat bo‘yicha mingtaga boradi", deydi sobiq mehnat inspektori.

Ozodlik bu shikoyat ortidan O‘zbekiston Mehnat vazirligiga bog‘landi.

Vazirlikdan berilgan rasmiy javobga ko‘ra, strukturaviy o‘zgarishlar ortidan vazirlikning ijtimoiy xizmat bilan shug‘ullangan xodimlari O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vazirligiga o‘tkazib berilgan.

Aholiga ijtimoiy nafaqalar belgilash bilan shug‘ullanuvchi xodimlar esa Moliya vazirligi tasarrufiga o‘tkazilgan. Hozirda aholi bandligiga ko‘maklashib kelayotgan xodimlar Mehnat vazirligining o‘zida qoldirilmoqda, ammo ularning soni attestatsiya vositasida qisqartirilishi kutilmoqda.

"Attestatsiyaga hozirlik borayapti hozir. Attestatsiyadan o‘tgan xodimlar qoldiriladi. Qisqartirish undan keyin bo‘ladi, hozir bu haqda bir narsa deyish qiyin", dedi vazirlikning o‘zini tanishtirmagan xodimi.

Respublikada aholini mehnat bilan ta’minlash va ayni paytda ularni ijtimoiy himoya qilishga mas’ul vazirlik ishsiz qolayotgan o‘z xodimlarini ishga joylashtirish yoki ularga ishsiz qolgan muddatida kompensatsiya to‘lanishi haqidagi savollarimiz esa hozircha ochiq qoldirildi.

O‘zbekiston bo‘ylab har bir tumanda ishlab kelgan "Bandlikka ko‘maklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markaz"larida 4-10 nafardan mehnat inspektori, 10-20 nafarga qadar ijtimoiy xizmatchi, 5-10 nafarga qadar aholini ish bilan ta’minlashga ko‘maklashuvchi xodim ishlaydi. Ozodlikka bog‘langan mehnat inspektoriga ko‘ra, bu xodimlarning oyligi o‘rtacha 500 ming so‘mdan 700 ming so‘mgacha.

XS
SM
MD
LG