Линклар

Asaka shahridagi 55- maktabning birinchi sinf o‘quvchisi 8 yashar Yoqutoy Rustamjonova 6 aprelda darsdan chiqqanidan keyin uyiga bormagan. Ozodlikning Andijon viloyati huquq-tartibot organlaridagi manbasiga ko‘ra¸ shu kunlarda viloyatdagi barcha militsiya xodimlari yo‘qolgan qizni qidirishga safarbar qilingan.

Yoqutoy bedarak yo‘qolgach, Asakadagi 55- maktab va viloyatning boshqa maktablarida havfsizlik choralari kuchaytirildi. Maktabning boshlang‘ich sinf o‘quvchilari faqat ota- onalari yoki katta yoshdagi qarindoshlari hamrohligida maktabga kelib-ketishi talab qilinmoqda.

Asaka shahar xalq ta’lim bo‘limidagi Ozodlik manbasining aytishicha¸ birinchi sinf o‘quvchisi Yoqutoy Rustamjonovaning maktabdan chiqib ketgani kuzatuv kamerasida aks etgan:

"Darslar tugaganidan keyin bitta o‘zi maktabdan chiqib ketaëtgani kuzatuv kamerasida minut¸ sekundlari bilan turibdi. O‘sha kunlari Yoqutoyni onasining ko‘zi yorigan ekan¸ shu bois uni olib ketishga hech kim kelmagan. Hozir maktabga tashqaridan hech kim qo‘yilmayapti. Nazorat kuchaytirilgan. Asaka shahar ichki ishlar bo‘limi tergovchilari bo‘lgan voqeani so‘rab-surishtirib turibdi"¸ deydi manba.

Andijon viloyati huquq-tartibot organlaridagi Ozodlik manbasi¸ besh kundan beri qidirilayotgan Yoqutoyni topish uchun viloyatdagi barcha resurslar sarflanayotganligini aytdi:

"Tele-radiokanallarda qidiruv e’lonini berdik. Viloyatdagi simyog‘ochlarga varaqalar ëpishtirdik. Qizni ko‘ylagini iskovuch itlarga hidlatib ham qidirdik. 2008 yil tug‘ilgan qiz. Ko‘k rangli maktab formasida bo‘lgan. Boshida oq rangli bantik. Maktabni kuzatuv kamerasidagi tasvirlarni analizga berdik. Bilganimiz shuki qiz 6 aprel kuni maktabdan chiqib, noma’lum tarafga qarab ketgan va uyiga bormagan. Bu joriy yilda bolalarning bedarak yo‘qolishi bilan bog‘liq Asakadagi ilk voqea"¸ deydi Ozodlik manbasi.

Asakada bedarak yo‘qolgan Yoqutoy Rustamjonova voqeasi ijtimoiy tarmoqlarda turlicha talqin qilinmoqda.

Telegram tarmog‘idagi Jahongir ismli yuzerning yozishicha¸ “bunday xolat 2 yil oldin ham yuz bergan". Yuzer iddaosiga ko‘ra¸“Bolani o‘ldirib latokka tashlab ketishgan”.

Andijonda bolaning bedarak yo‘qolishi bilan bog‘liq yana bitta xolat Ozodlikka ma’lum.

O‘tgan yilning mart oyida Andijon viloyati Shahrixon tumanida 8 yashar Nodirbek Yo‘ldoshev bedarak yo‘qolgan edi.

Nodirbek Shahrixon tuman 7-umumta’lim maktabi 1-sinfi o‘quvchisi bo‘lgan.

Nodirbekning otasi Shuhrat akaning Ozodlikka aytishicha, 2015 yilning 6 martida yo‘qolgan bola hanuz topilmagan.

XS
SM
MD
LG