Линклар

logo-print

Markaziy Osiyodagi iqtisodiy inqiroz kuchaymoqda


O‘zbek iqtisodidagi inqiroz¸ xususan¸ inflyatsiya darajasi shu ketishda davom etaversa¸ ijtimoiy tarmoqlardagi prognozga ko‘ra¸ O‘zbekiston Zimbabve ahvoliga tushib qoladi.

O‘zbek iqtisodidagi inqiroz¸ xususan¸ inflyatsiya darajasi shu ketishda davom etaversa¸ ijtimoiy tarmoqlardagi prognozga ko‘ra¸ O‘zbekiston Zimbabve ahvoliga tushib qoladi.

Rossiya iqtisodidagi krizis kuchaygan sari¸ Rossiyadan Markaziy Osiyo davlatlariga yuborilayotgan muhojir pullari oqimi keskin qisqarishda davom etmoqda. Bu esa¸ tahlilchilarga ko‘ra¸ muhojir puliga qaram bo‘lgan Tojikiston¸ Qirg‘iziston va O‘zbekistondagi ahvolning bundan keyin yanada og‘irlashishini anglatadi.

Eurasia Net loyihasi direktori Piter Leonardning Ozodlikka aytishicha¸ muhojir puliga eng ko‘p qaram bo‘lgan tojik iqtisodi Rossiya iqtisodiy krizisining eng katta zarbasiga uchramoqda. Muhojir yuboradigan pul yalpi milliy mahsulotining 50 foizini tashkil etadigan Tojikistonda¸ Rossiyadan kelayotgan pul jo‘natmalari 67 foizga kamaygan va 2014 yilgi 3¸8 milliard dollardan o‘tgan yil oxiriga kelib¸ 1¸3 milliard dollarga tushgan.

- Eng qattiq zarbani Tojikiston boshdan kechirmoqda. Ayni paytda¸ O‘zbekiston va Qirg‘izistonda ham vaziyat umidga asos beradigan darajada emas¸ deydi Piter Leonard.

O‘zbekistonga mehnat muhojirlari Rossiyadan yuborayotgan pul jo‘natmalari 2014 yilda 5,581 milliard dollar bo‘lgan bo‘lsa¸ 2015 yil oxiriga kelib¸ 3,05 milliardga tushib qolgan.

Ayrim ma’lumotlarga ko‘ra¸ Rossiyadan yuborilayotgan pul miqdori kamayishi bilan ayni paytda¸ bu pullarning mahalliy valyutalardagi qurbining ham pasayishi Markaziy Osiyodagi iqtisodiy vaziyatni pastga tortmoqda.

Rossiyadagi iqtisodiy inqirozning bilvosita zarbalari mintaqada turli ko‘rinishda aks etmoqda.

Iqtisodchilarga ko‘ra¸ bulardan biri inflyatsiya darajasining oshishida ko‘rinmoqda:

- Mahalliy valyutalar ham qattiq zarba emoqda. Buni faqat muhojir puli hisobiga ro‘zg‘or tebratib kelganlargina emas¸ hamma sezmoqda. Bugun istalgan o‘zbekistonlik o‘zi olaëtgan maoshga bir yil avvalgiga nisbatan kamroq narsa sotib olaëtganini ko‘rib¸ bilib turibdi¸ deydi Ozodlikning mintaqa bo‘yicha tahlilchisi Bryus Pannier.

Markaziy Osiyo¸ xususan¸ O‘zbekistondagi iqtisodiy inqirozning yana bir ko‘rinishi naqd pul taqchilligida aks etmoqda.

Tahlilchilarga ko‘ra¸ Tojikistondagi eng katta bank bankrotlik darajasiga tushib qolgan va bu bankning hozirga qadar rasman kasod deb e’lon qilinmagani o‘ziga xos mo‘’jizadir.

O‘zbekistonda esa¸ nafaqat o‘qituvchi va vrachlar kabi davlatning oddiy xizmatchilari¸ balki maxsus kontingent tashkiloti xodimlariga ham oylab maosh to‘lanmay kelinayotgani¸ o‘zbek iqtisodining og‘ir ahvolga tushgani tasdig‘idir:

- O‘zbek iqtisodining haqiqiy ahvolini ko‘rsatuvchi aniq raqamlar yo‘q hisobi. Jurnalistik kuzatuvlar va qo‘limizdagi bor ma’lumotdan kelib chiqib¸ biz o‘zbek iqtisodining o‘sish sur’ati hukumat aytgan darajada emasligini aytishimiz mumkin. Xitoy va Rossiyadan import hajmining dollarda keskin kamaygani ham iqtisodiy ahvol yaxshi emasligidan darakdir. Nafaqat Rossiyadan yuborilaëtgan muhojir pullarining kamayishi¸ balki jahon bozorida gaz va paxta narxining tushishi ham bu inqirozni kuchaytirmoqda¸ deydi Economist Intelligence Unit Aleks Nays.

Mintaqaning eng ëpiq davlati bo‘lgan Turkmanistondan real vaziyatga doir aniq ma’lumot olish deyarli imkonsiz bo‘lsa-da¸ bu mamlakatda ham naqd pul bilan bog‘liq muammo yuzaga kelgani ko‘rinmoqda.

Aytilishicha¸ayrim davlat xizmatchilariga maoshlarni oziq-ovqat¸ ayrim hollarda qo‘y bilan to‘lash hollari qayd etilmoqda. Shuningdek¸ Turkmanistonning eng katta va serdaromad hisoblangan gaz sektorida ishchi-xizmatchilarni ommaviy tarzda bo‘shatish hollari borligi haqida ayrim xabarlar mavjud.

Kuzatuvchilarga ko‘ra¸ mintaqaning eng boy davlati Qozog‘iston hozircha bunday muammolarga chap berishga muvaffaq bo‘lmoqda. Ammo bu inqiroz turmush darajasi baland bo‘lgan qozog‘istonliklarning yanada yaxshiroq hayot borasidagi rejalarini ancha kechiktirishi mumkin.

XS
SM
MD
LG