Линклар

Turkiyalik jurnalistlar prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘onni matbuot erkinligini ayovsiz ravishda bo‘g‘ishda ayblamoqda. Istanbulda sudlanayotgan ikki jurnalist - Jan Dundar va Erdem Gul himoyasiga birlashgan turk jurnalistlari, huquq himoyachilari va faollar Yevropa Ittifoqini qochqinlar bo‘hronidan qutulish evaziga bunday bosimga ko‘z yumishda ayblamoqda.

Turkiyalik telejurnalist Bonu Guvan o‘z prezidentining CNN boshlovchisi Kristian Amanpurga bergan intervьyusiga munosabat bildirarkan: "Prezident Erdo‘g‘on bu gal juda xushmuomala bo‘ldi. Turkiyada esa bunday savolni beradigan jurnalistga undan intervyu olish imkoni berilmaydi, hatto", dedi.

Bonu Guvan shu kunda Istanbulda sudlanayotgan ikki jurnalist huquqini poymol etmaslikni talab qilayotgan turkiyalik faollardan biridir.

1 aprelь kuni ikki jurnalist - Jan Dundar va Erdem Gullar sudlandi. Ularga Suriyaga qurol-yarog‘ kontrabandasiga aloqadorlik aybi qo‘yildi. Ammo, mahalliy matbuotda bu sudlov turkiyalik jurnalistlar ustidan siyosiy bosimning yaqqol va ayovsiz ko‘rinishidan biri sifatida tanqid qilinmoqda.

Jurnalistlarga qo‘yilgan ayblov isbotini topsa, ularga umrbod qamoq jazosi berilishi mumkin.

Jan Dundar muholifatga qarashli Cumhuriyet gazetasining bosh muharriri, Gul esa ayni gazetaning Anqara bo‘limi rahbaridir.

Ayni gazetada o‘tgan yili may oyida e’lon qilingan maqolada Turkiya maxsus xizmatlari insonparvarlik yordami niqobi ostida Suriyaga qurol-yarog‘ olib kirdi, degan iddao bosilgan edi. Ushbu maqolada Turkiya Suriyadagi isyonchi guruhlarni qo‘llamoqda, bu guruhlarning ayrimlari esa "Islomiy davlat"ga aloqadordir, degan iddao ham bor edi.

O‘shanda shaxsan Erdo‘g‘onning o‘zi bayonot bergan va bu yuk mashinalarida insonparvarlik yordami tashilgan hamda bu yordam Suriyadagi turkmanlarga olib borilganini aytgan edi.

Keyinchalik bu ikki jurnalist hibsga olindi va ular xorij davlatlari foydasiga josuslikda ayblandi.

O‘tgan haftada Erdo‘g‘onni intervyu qilgan CNN jurnalisti Kristian Amanpur bu sudlovni nazarda tutar ekan: "Tushunolmayapman, nega siz matbuotga qarshi urush ochdingiz?" deb so‘radi.

Erdo‘g‘on esa mutlaqo sokin ohangda: "Men matbuotga qarshi urush qilayotganim yo‘q. Mening davlatimda qonunlar ishlaydi. Agar matbuot xodimi yoki muharriri josuslikka aloqador bo‘lsa, dunyoga davlat sirlarini fosh qilsa va bu harakatlari mahkamagacha borsa, mahkama tegishli qarorni beradi", deb javob berdi.

Bonu Guvan esa fevralь oyida hibsdan qo‘yib yuborilgan ikki jurnalistdan IMC TV kanalida intervyu olarkan, Erdo‘g‘on hukumatining bu harakatini keskin tanqid qildi va natijada, ushbu telekanal ko‘rsatuv chog‘idayoq Turksat sun’iy yo‘ldoshidan uzib tashlandi.

"Yevropa Ittifoqi Turkiyadagi matbuot ahvoliga befarq bo‘lmasligi shart", deydi Guvan.

2007 yilda ingliz tilidagi Today's Zaman gazetasini ochgan Byulent Kenes shu yilning 4 martida ishxonasida yuzlab politsiyachi ishtirokidagi reyd jarayonida qo‘lga olingan, bir kun o‘tib qo‘yib yuborilgan yana bir turk jurnalistidir.

Bunga qadar u Erdo‘g‘onni Twitter tarmog‘ida haqorat qilganlik aybi bilan 21 oyga hibsga qilingan.

"Men o‘z ishim bilan bemalol shug‘ullana olmadim, chunki har kuni, har haftada politsiya va prokuraturaga qatnab, tushuntirish xati berdim", deydi Byulent.

U sudlanarkan, politsiya uning pasportini olib qo‘ydi, u ishlagan tahririyatdan yana bir necha jurnalist quvildi.

Twitter ijtimoiy tarmog‘i bergan hisobotga ko‘ra, 2015 yil davomida Anqara rasmiylari u yoki bu postni tarmoqdan olib tashlashni so‘rab, 450ta sud hukmini yo‘llagan. Bu esa ayni mazmunda dunyo bo‘ylab ma’muriyatga kelib tushgan jami so‘rovlarning 93 foiziga tengdir.

Ayni paytda Turkiyada Erdug‘on hukumatining bunday harakatlarini oqlayotgan ziyolilar ham bor.

Bulardan biri - Erdo‘g‘on bilan bir mahallada katta bo‘lgan taniqli fotograf So‘ner Ovchio‘g‘li: "Dunyodagi hamma qudratli davlatlar boshqa ko‘plab davlatlarga, urush bo‘layotgan mintaqalarga qurolini o‘tkazadi. Biz ham shu ishni qilishimiz mumkin va Turkiya maxsus xizmatlari buni oshkor qilmasligi kerak", deb hisoblaydi. U jurnalistlar - Dundar va Gulni Turkiyaning dushmanlari, deb atadi.

1 aperlь kuni Rossiyaning BMTdagi vakili Vitaliy Churkin Turkiya hukumatini o‘z maxsus xizmatlari orqali "Islomiy davlat"ga aloqador guruhlarga 1 milliard 900 million dollar miqdorida yordam berganlikda aybladi.

Turkiya tomoni esa bu ayblovni "Suriyada Rossiya havo kuchlari tomonidan tinch aholi o‘ldirilayotgani, mamlakat vayron qilinayotganidan jamoatchilikni chalg‘itishga urinish" deya sharhlab, rad etdi.

XS
SM
MD
LG