Линклар

Donbassdagi vaziyatni izga solish bo‘yicha Normand formatida ishtirok etayotgan Fransiya Ukraina sharqida Kiev kuchlari va rossiyaparast ayirmachilar o‘rtasida otashkesim tartibi buzilishiga oid hodisalar ko‘payganidan xavotirda.

Fransiya Tashqi ishlar vazirligining bu boradagi bayonoti Donetsk shimoliy-sharqidan 50 kilometr narida joylashgan Zaytsevo qishlog‘ida shanba kuni YeXHT monitoring guruhi o‘qqa tutilganiga oid xabar ortidan tarqatildi. YeXHT vakillarini o‘qqa tutganlar kimligi ochiqlanmagan. Bu o‘tgan hafta Donbassda xalqaro ekspertlar duch kelgan ikkinchi noxush hodisadir. Shunga o‘xshash hodisa 7 aprel kuni ham sodir bo‘lgan.

Tutash chiziqlar oldida kuzatuvchilar bilan sodir bo‘lgan yaqindagi noxush voqealarni “qabul qilib bo‘lmas” deya ta’riflagan Fransiya diplomatlari nizolashayotgan tomonlarni o‘zlari nazorat qilayotgan hududlarga YeXHT vakillarining to‘siqsiz kirishini kafolatlashga chaqirgan.

Fransiya Tashqi ishlar vazirligi Donbassdagi vaziyat Minskda imzolangan tinchlik bitimiga to‘la amal qilinganidagina barqarorlashi mumkinligini urg‘ulagan.

Ukraina sharqida 2014 yil aprelidan beri davom etayotgan to‘qnashuvlarda shu kungacha 9 ming 100 kishi halok bo‘lgani aytiladi.

10 aprel kuni Yevropa Ittifoqining tashqi siyosat bo‘yicha mutasaddisi Federika Mogerini Ukraina sharqida YeXHT vakillari bilan sodir bo‘lgan noxush voqealarni qoralab chiqqan va tomonlarni bu kabi xatti-harakatlardan tiyilishga chaqirgan.

XS
SM
MD
LG