Линклар

Ijtimoiy tarmoqlarda ayolning boshiga tepgan o‘zbek militsioneri qilig‘i qoralanmoqda


Yerda yotgan ayolni tepayotgan militsiya xodimi.

Yerda yotgan ayolni tepayotgan militsiya xodimi.

O‘zbekistonlik ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari militsiya xodimi ayol kishini kaltaklayotgan videoni qizg‘in muhokama qilayaptilar.

Facebook tarmog‘ida tarqalgan videoda militsionerning “O‘chir ovozingni!” deya yerda yotgan bir ayolning boshiga tepayotgani, chalqancha yotgan ayol esa qichqirib, yuz-ko‘zini to‘sishga harakat qilayotgani aks etgan.

Feysbuk foydalanuvchisi Kseniya A.ning yozishicha, “Shavkatli uchastka noziri” deya sarlavhalangan video Telegram ijtimoiy tarmog‘idan olingan.

Yulduz M. ismli foydalanuvchiga ko‘ra, yerda yotgan ayol o‘zini boshqara olmay, hovlidan chiqayotgan mashinaga urilib ketib, uning oyna tozalagichi va ko‘zgusini sindirib qo‘ygan, keyin esa yerga yotib olib, jonholatda qichqira boshlagan. Chor-atrofdagi uy turg‘unlari uni tinchlantira olmaganlaridan keyin profilaktika nozirini chaqirishgan.

“30 daqiqacha baqirib yotdi, aftidan, aqli joyida emas. Uchastka noziri kelganidan keyin nima bo‘lganini ko‘rmadik. Ammo baqiriq yana 15 daqiqacha eshitilib turdi”, deb yozadi Yulduz M.

Unga e’tiroz bildirganlar “nima bo‘lganda ham, bu odamning yuziga tepish uchun sabab bo‘lolmaydi”, deya yozmoqdalar.

“Ayolning hushi, albatta, joyida emas, aytilishicha, u o‘zini g‘alati tutgan. Ammo uchastka noziri undan ham battar ekan... Bu vaziyatda u o‘zini juda noprofessional tutdi. Bunaqa xodimlar organda ishlamasligi kerak”, deb yozadi Alexandra Z. ismli foydalanuvchi.

So‘nggi paytlarda ijtimoiy tarmoqlarda o‘zbekistonlik tartib posbonlarining zo‘ravonliklari aks etgan videolar tez-tez tarqatilmoqda. Masalan, o‘tgan yili oxirida Toshkentda militsiya xodimlarining transvestitlar kvartirasiga bostirib kirishi va ularni kaltaklagani aks etgan videotasvir tarqalgan, buning ortidan bu ishga mas’ul ko‘rilgan militsiya xodimlari ishdan haydalgandi.

Ozodlik manbalariga ko‘ra, Chilonzor tuman militsiyasi boshlig‘i, polkovnik Abdumajid Shermuhamedov 11 yanvar kuni maxsus majlis o‘tkazib, shaxsan o‘zi transvestitni kaltaklagan kapitan va katta leytenant unvonidagi militsionerning pogonlarini yulib tashlagan.

Yana yanvar oyida Ozodlik Toshkentning Chorsu bozorida militsiya xodimlari tarafidan kaltaklangan va bu haqda hokimiyat idoralariga shikoyat qilgani uchun tuhmatda ayblanib, sudga tortilayotganini iddao qilgan ayol haqida hikoya qilgan edi.

Mart oyi boshida Ozodlik mushtariylaridan biri Samarqandda ikki nafar militsiya xodimi bir ayolni mashina yukxonasiga solishga urinayotgani tasvirlangan videoni yo‘llagandi. Mushtariyning aytishicha, o‘zi tasvirga olgan bu videodagi hodisa 2 mart kuni Samarqanda shahar ichki ishlar bo‘limi yonida sodir bo‘lgan.

Samarqand viloyati va shahar ichki ishlar idoralari o‘shanda bunday hodisa yuz berganini mutlaqo inkor qilishgan. Ammo Ozodlikning mobil muxbirlari videoda tasvirlangan voqea joyi aynan shahar ichki ishlar idorasi binosi oldida ekanini tasdiqlaganlar.

XS
SM
MD
LG