Линклар

Шошилинч хабар
17 апрел 2024, Тошкент вақти: 03:00

Freedom House: O‘zbekistondagi iqtisodiy muammolar "diktatura uchun tahdiddir"


Freedom House xalqaro tashkilotining 12 aprel kuni e’lon qilingan yangi hisobotida O‘zbekistonda yuzaga kelgan iqtisodiy muammolar “ildiz otgan diktatura”ga tahdid tug‘dira boshlagani, buning ortidan hukumat “fuqarolar ustidan nazoratni kuchaytirish”ga urinishi ta’kidlanadi. Tashkilot hisobotida aytilishicha, o‘zbek mehnat muhojirlaridan kelayotgan pul jo‘natmalari miqdori 2015 yilda 58 foizga ozaygan.

Freedom House yangi hisobotida sobiq Sovet ittifoqi, Bolqonlar va Markaziy Yevropadagi 29 davlat haqida ma’lumot berilgan. Hisobotda aytilishicha, neft narxining keskin tushib ketishi ortidan postosvet davlatlari “iqtisodi chala o‘lik holat”ga kelib qolayozgan.

Hisobotning O‘zbekistonga oid qismida aytilishcha, 2015 yilda o‘zbekistonlik mehnat muhojirlarining vatanlariga pul jo‘natmalari 58 foizga ozaygan va bu tendensiya 2016 yilda ham davom etadi. O‘zbekistonda valyuta aylanmasi hukumat monopoliyasida bo‘lgani ortidan, bugungi kunda yuzaga kelgan vaziyatda ko‘plab korxonalar xonavayron bo‘lishi mumkin.

Freedom House rasmiysi Nate Shenkan yuzaga kelgan iqtisodiy muammolar “ildiz otgan diktatura”ga tahdid tug‘dira boshlagani, buning ortidan hukumat “fuqarolar ustidan nazoratni kuchaytirish”ga urinishini ta’kidlaydi:

-Mintaqa liderlari nimalar bo‘layotganini aniq bilib turishibdi. Ular iqtisodiy krizis yuzaga kelganini his qilgan holda, norozilik kayfiyatlarini bostirish uchun o‘z nazoratlarini kuchaytirishga harakat qilishmoqda, - dedi Shenkan.

Uning aytishicha, yuzaga kelgan vaziyatda O‘zbekiston kabi avtoritar boshqaruvdagi davlatlar hukumatlari iqtisodni shaffoflashtirishi va islohotlar o‘tkazishi zarur. Aks holda iqtisodiy tanazzulning salbiy oqibatlari bu hukumatlarni darz ketkazadi.

Yanvar oyida Heritage jamg‘armasi va The Wall Street Journal O‘zbekistonni iqtisodiy erkinlik bo‘yicha 178 davlat orasidan 160-o‘ringa qo‘ygan edi.

Freedom House hisobotida o‘zbekistonlik huquq faollari muntazam bosim ostida yashashga majbur bo‘layotganlari aytiladi. Hisobotda Yelena Urlaeva, Shuhrat Rustamov, O‘ktam Pardaev, Aliqul Sarimsoqov, Malohat Eshonqulova, Dmitriy Tixonov kabi huquq faollari o‘tgan yilda hukumatning eng ko‘p bosimiga uchragani, ayrim holatlarda kaltaklangani va ruhiy kasalliklar shifoxonalariga majburan yotqizilganlari qayd etilgan.

Huquq faoli Yelena Urlaevaga ko‘ra, xalqaro hamjamiyatning bu kabi hisobotlariga qaramay, O‘zbekistonda o‘zgacha fikrlovchilar va huquq faollariga nisbatan hukumatning munosabati yillardan beri o‘zgarmay qolmoqda.

-Men A’zamjon Farmonov juda og‘ir ahvolda ekanini aytib o‘tmoqchiman. U siyosiy mahbuslar saqlanadigan juda mudhish Jasliq qamoqxonasida saqlanmoqda. Huquq faoli A’zam Turg‘unov ham uzoq yillardan beri qamoqda qolmoqda. Solijon Abdurahmonov yana uch yildan keyin qamoqdan chiqarilishi kerak. Biroq uning jazo muddati uzaytirilishidan qo‘rqib turibmiz.O‘ktam Pardaevga nisbatan jinoyat ishining ochilishi, Dmitriy Tixonovning huquq-tartibot tuzilmalari tomonidan ta’qib qilinishi o‘zbekistonlik huquq faollariga hukumatning munosabati o‘zgarmay qolayotganiga yana bir dalildir,- dedi Yelena Urlaeva.

Freedom House hisobotida O‘zbekistonda so‘z erkinligi mavjud emasligi, paxtazorlarda majburiy mehnatdan foydalanish davom etayotgani, hukumat amaldorlarining esa o‘ta korrupsiyalashgani va korruptsiyalashish jarayoni davom etayotgani, sudlar hukumatga qaram ekani va huquq-tartibot tuzilmalarida mahbuslarga nisbatan qiynoqlarni qo‘llash holatlari hali ham mavjudligiham qayd etilgan.

XS
SM
MD
LG