Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 18:54

Moskvaning turli joylarida mehnat muhojirlari otib ketildi


Sulaymon Saidov shifoxonada
Sulaymon Saidov shifoxonada

Moskva politsiyasi derazadan panjara bo‘yayotgan 19 yashar o‘zbekistonlik mehnat muhojirini to‘pponchadan otib qochgan mahalliy fuqaroni hibsga oldi. 40 yashar bu shaxs o‘z hatti-harakatlarini “muhojirlarning uning balkoni ostida panjara bo‘yayotgani yoqmagani” bilan izohladi. Bundan bir kun oldin metroda yana bir migrant ko‘zidan otilgan edi.

O‘zbek muhojiri yelkasidan otildi

Shanba, 9 aprel kuni ertalab Moskvaning Strogino tumanidagi Isakovskiy ko‘chasida temir panjaralarni bo‘yash ishlarini olib borayotgan kommunal xo‘jalik ishchilarini shu atrofda yashovchi fuqaro haqorat qila boshlaydi.

9 qavatli panel uyning ikkinchi qavatida yashovchi bu shaxs ularni “uxlashga halaqit berayotganlikda” aybladi, vaholanki soat ertalabki 10:30lar edi.

Derazadan butilka va boshqa buyumlarni ota boshlaganini ko‘rgan ishchilar politsiya chaqirtirib, chetroqqa o‘tgan. Ammo shu payt derazadan o‘q ovozi yangradi.

Otilgan o‘q 19 yoshli o‘zbekistonlik Lochinbek To‘raev yelkasiga tegib, uni yarador qildi.

Ozodlik Lochinbek To‘raev yengil yaralangani va allaqachon uyiga javob berib yuborilganini aniqladi.

- Men panjara bo‘yayotgan edim, nimadir kelib yelkamga tegdi. Nimaligini avvaliga tushunmadim ham. Boshlig‘imiz politsiya va “tez yordamni” chaqirtirdi va meni olib ketishdi. Taxminan ikkinchi qavatdan otishdi,- dedi Lochinbek.

Ichkaridan kvartirasini yopib olgan shaxs hodisa joyiga chaqirtirilgan politsiyaga eshiklarni ochmadi: politsiya o‘t o‘chiruvchilar yordamida eshiklarni buzib ichkariga kirdi va 40 yoshli Andrey Starikovni hibs etdi. Bu safar u politsiyaga migrantlar mashinasini bo‘yab qo‘yishidan qo‘rqib, o‘q otganini aytdi.

Keyinroq qo‘lga olingan moskvalik mahalliy psixonevrologiya bo‘limida qaydda turishi, oldin ham boshqa qo‘shnilar bilan janjallashib turgani aniqlandi. “Moskovskiy komsomolets” nashrining yozishicha, Starikov qo‘shnilar oynasiga va mashinalariga ham travmatika pistoletidan o‘q otgan. Tergovchilar uning “Folksvagen” avtomobilida 17 dona mayda o‘q topdi.

Tergovchilar “Bezorilik” moddasi asosida Andrey Starikovga nisbatan jinoiy ish ochgani ma’lum bo‘ldi. Qo‘yilayotgan ayblovlar bo‘yicha moskvalik 8 yilgacha qamoqqa mahkum etilishi mumkin.

Travmatdan yaralangan muhojirlar soni ko‘paymoqda...

Ta’kidlash zarurki, bu voqeadan bir kun oldin, 8 aprel kuni, Moskvaning “Kalujskaya” metro bekatida yana bir moskvalik ikki nafar Tojikiston fuqarosiga travmatik quroli bilan otgan edi.

Hodisa guvohlarining aytishicha, kechki 18:00larda ko‘rinishidan rus bo‘lgan yo‘lovchi 19 yashar tojikistonlik Muhammadjon Hakimovni poezd vagonidan chiqib ketishni talab qiladi. Uning himoyasiga kelgan yigitchaning amakisi Sulaymon Saidov janjal ko‘targan rossiyalikni tinchlantirishga urinadi, ammo u birdan “Osa” pnevmoto‘pponchasini olib, Sulaymonning boshiga qarata bir necha marotaba o‘q uzadi.

Muhammadjon qochadi, shunda qurollangan shaxs Sulaymonga yana ikki marotaba o‘q otib, hodisa joyidan qochib ketadi.

Sulaymon Saidov Moskvada
Sulaymon Saidov Moskvada

Sulaymon Saidov shifoxonaga olib ketildi: vrachlar muhojirning boshiga ikkita o‘q tekkani, o‘qlardan biri uning ko‘ziga qadalib qolganini ma’lum qildi. Mahalliy tojik diasporasida voselik Sulaymon Saidov ko‘zi operatsiyasiga zarur bo‘lgan 120 ming rubl mablag‘ yig‘ish boshlangani aytilmoqda.

Tezkor politsiya guruhi jinoyatchini tashlab ketilgan pistolet bo‘yicha tezda aniqladi va hibsga oldi.

Bu shaxs 59 yashar Sergey Sarev ekani ma’lum qilindi. U 9 aprel kuni Cheremushki tuman sudi qarori bilan ikki oyga hibsga olindi. Tergovchilar Tsaryov “qotillikka urinish” moddasi asosida jinoiy javobgarlikka tortilganini xabar qildi.

Tojikistonlik jabrdiyda yaqinlari esa Tergov qo‘mitasiga “milliy adovat yuzasidan” jinoiy ish qo‘zg‘atilishi talabi bilan chiqdi.

Ayni paytda, Tojikistonning Rossiyadagi elchiligi Rossiya Tashqi ishlar vazirligiga tojikistonliklarga qilingan hujum yuzasidan ob’ektiv tergov olib borishni so‘rab, maxsus nota yubordi.

Sankt-Peterburgda shu yilning 24 martiga o‘tar kechasi ikki nafari pichoqlab va yana biri otib ketilgan muhojirlar haqida Ozodlik oldinroq xabar qilgandi.

6 aprel kuni esa xuddi shu shaharda yana bir 28 yoshli O‘zbekiston fuqarosi og‘ir ahvolga gospitalizatsiya qilingan edi: shifokorlar noma’lum kimsa uning jinsiy a’zolariga travmatika qurolidan otib ketganini qayd etdi.

XS
SM
MD
LG