Линклар

12 apreldan kuchga kirgan yangi qonunga ko‘ra¸ O‘zbekistonda davlat hokimiyati va boshqaruv organlari¸ ular mansabdor shaxslarining qonunga qanchalik amal qilayotganini nazorat qilish parlament vakolatiga o‘tdi. Prezident imzo chekkan yangi qonun¸ ayni paytda¸ “tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshiruvchi organlarning muayyan materiallari” parlament nazoratidan tashqarida qoldirildi.

Bosh nazoratchi - parlament

11 aprel kuni prezident Islom Karimov imzolagan “Parlament nazorati to‘g‘risida”gi Qonun matni “Xalq so‘zi” va “Narodnoe slovo” gazetalarida 12 aprel kuni e’lon qilinishi bilan kuchga kirdi.

Qonunning 1-moddasiga ko‘ra¸ uning “maqsadi parlament nazoratini tashkil etish va amalga oshirish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat”.

28 moddadan iborat yangi qonunga ko‘ra¸ Qonunchilik palatasi va Senat deputat va a’zolari¸ shuningdek¸ parlamentdagi fraksiya va guruhlar¸ shuningdek¸ Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) davlat hokimiyati va boshqaruv organlari hamda ular mansabdor shaxslari faoliyati qonuniyligini nazorat qiladi.

Ayni paytda¸ “tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshiruvchi organlar va sudlarning ish yurituvidagi muayyan ishlar va materiallarni, shuningdek ijro ishi yuritish hamda notarial ish yuritishning muayyan materiallarini ko‘rib chiqish bilan bog‘liq faoliyat parlament nazoratining ob’ekti bo‘lishi mumkin emas”.

Parlament nazorati der ekan¸ qonun Davlat byudjetini tasdiqlash¸Vazirlar Mahkamasi va Bosh vazir ma’ruzalarini tinglash¸ Hisob palatasi¸ Bosh prokuror¸ Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi raisi va Markaziy bank raisining hisobotini eshitishni ko‘zda tutiladi.

Yangi qonun bilan tanishib chiqqan siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov¸ yangi qonun shu paytga qadar O‘zbekiston qonunchiligida alohida-alohida mavjud bo‘lgan modda va bandlar endilikda alohida qonunga jamlanganini qayd qiladi:

- Shu paytgacha¸ “Parlament nazorati to‘g‘risida” alohida qonun yo‘q edi. Yangi qonunni qonunchilikdagi eski modda¸ band va g‘oyalarni tartibga solish¸ deyish mumkin. Birgina yangilik¸ garchi katta bo‘lmasa-da¸ bu qonunda prokuratura organlari faoliyati ustidan parlament nazoratini amalga oshirish uchun maxsus komissiya tuzilishidir¸ deydi Rabbimov.

Izchil islohot?

Prezident Karimov parlament vakolatlarini kengaytirish sifatida taqdim etilaëtgan bunday o‘zgartishlarni 2010 yil 12 noyabridan beri muttasil qonunchilikka kiritib kelmoqda.

2011 yil 18 aprelida imzolangan qonun asosida ijroiya hokimiyati apparatini tuzish va uni boshqarish hamda O‘zbekiston Bosh prokurorini tayinlash vakolatlari go‘yo prezidentdan parlamentga o‘tkazilgan edi.

2013 yil dekabrida qilgan chiqishida Karimov “Oliy Majlis yuqori palatasi - Senat hamda quyi - Qonunchilik palatasi rolini yanada kengaytirish, faqatgina qabul qilingan qonunlar ijrosini tekshirish bilan chegaralanmasdan, Vazirlar Mahkamasi hamda ijro organlari faoliyati ustidan nazoratini kuchaytirish, ichki va tashqi siyosatni amalga oshirishda, eng muhim strategik masalalar bo‘yicha qarorlar qabul qilishda huquq va vakolatlarini oshirish uchun Konstitutsiyamizga tegishli qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish maqsadga muvofiq bo‘ladi”¸ degan edi.

Bu taklifdan ko‘p o‘tmay¸ 2014 yil 17 aprel kuni Islom Karimov prezident¸ bosh vazir va parlament vakolatlari bo‘yicha mamlakat konstitutsiyasiga o‘zgartishlar kiritishga qaratilgan qonunni imzolagan edi.

Yangi qonunni tug‘dirgan ehtiyoj

Parlament vakolatini kengaytirish iddaosi bilan qilinayotgan bu o‘zgartishlar¸ Kamoliddin Rabbimov ta’kidicha¸ aslida Islom Karimovning o‘z qolgan obro‘sini yo‘qotmaslik uchun qilaëtgan siyosiy yurishidir:

- Yoshi 78 dan oshgan Karimov siyosiy eksperimentlar o‘tkazmaydi. Biz bilamiz¸ 90-yillarning birinchi yarmida Karimovning umri mustaqil parlament bilan kurashib o‘tdi. Karimov hozirga kelib parlamentni mustaqil qilish¸ hokimiyatning aksar tizimlarini nazorat qiluvchi to‘laqonli parlamentga aylantirish vazifasini oldiga qo‘ygan emas¸ aksincha. Karimov uchun asosiy muammo bugun reputatsion muammo. Ya’ni faqatgina prezident hokimiyati boshqa hokimiyat tarmoqlarini jazolayvermasin¸ endi bu ishni parlament qilsin¸ degan maqsad bor bu qonunda¸ deydi o‘zbekistonlik siësatshunos Rabbimov.

Hokimiyatning boshqa organlarini nazorat qiluvchi parlament kimning nazoratida?

O‘zbekiston qonunchiligiga ko‘ra¸ umumxalq saylovi orqali saylanishi kerak bo‘lgan parlament deputatlarining¸ amalda shaxsan prezident tasdiqlagan ro‘yxat orqali tayinlanishi aytiladi.

Shu bois¸ deputatlarning xalq emas¸ ayni prezident va uning devoniga hisob berishi¸ parlamentning esa¸ mustaqil hokimiyat tizimi emas¸ ijroiya hokimiyatining qo‘g‘irchog‘i aylangani kuzatiladi.

Kuzatuvchilarga ko‘ra¸ O‘zbekiston parlamentning o‘zi¸ undagi har bir deputat va ular mansub partiyalar prezident va prezident devoniga qaramligi bois¸ 12 apreldan kuchga kirgan “Parlament nazorati to‘g‘risida”gi qonun¸ davlat boshqaruvi mohiyatini mutlaq o‘zgartirmaydi.

Qonunchilikka kiritilgan o‘zgartish va to‘ldirishlar parlament vakolatini oshirganiga qaramay¸ tahlilchilar¸ deputatlarning bu vakolatdan foydalanishiga shubha bildirmoqda:

- Agar har bir deputat prezident devoniga bitta-bitta chaqirtirilib¸ bitta gap etmasa¸ o‘rib-so‘kib¸ falon organni tekshirib¸ falon xulosa chiqarasan¸ deb topshiriq berilmasa¸ parlamentdagilarning o‘zicha qonunga tayanib¸ MXX yoki prokuratura faoliyatini tekshirishiga ishonish qiyin¸ deydi Kamoliddin Rabbimov.

XS
SM
MD
LG