Линклар

logo-print

Ozodlik ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan militsiya xodimining ayol kishini kaltaklayotgan videosi tafsilotlarini aniqladi. Voqea 10 aprel kuni Toshkentning Uchtepa tumani Farhod mahallasi hududida sodir bo‘lgan. Videoda 55 yoshlardagi ayolni tepgan militsioner esa uchastka noziri Izzatilla Hoshimov ekani aytilayapti. Ozodlik bilan suhbatda uchastka noziri Hoshimov ayolni tepmaganini iddao qildi.

Uchtepaning Farhod mahallasida yashovchi ayolning Ozodlikka aytishicha, Feysbukda tarqalgan militsionerning ayol kishini kaltaklayotgani aks etgan videoda tasvirlangan voqeaga shaxsan guvoh bo‘lgan:

“Bu Uchtepaning 23 kvartalida, Farhod mahallasidagi 69-domning oldida sodir bo‘ldi. Yakshanba, 10 aprel kuni edi. 55 yoshlardagi ayol, ruhan nosog‘lom bo‘lsa kerak, lekin bashang kiyingan edi. U ko‘chada baqirib to‘polon qildi. Keyin shu atrofda yashovchi odamlar to‘plandi. Odamlar ayolni tinchlantirishga urindi. Lekin u hech o‘ziga kelmagach, kimdir militsiyaga qo‘ng‘iroq qildi”, deya eslaydi uchtepalik ayol ismini ochiqlamaslik sharti bilan.

Voqea guvohining aytishicha, shu mahalla noziri Izzatilla Hoshimov voqea joyiga yetib kelgan va ayolga nisbatan juda qo‘pol munosabatda bo‘lib, uni tepkilagan:

“Uchastkovoy melisa ayolni qanday tinchlantirishni bilmadi shekilli, mashinasidan kir lattani olib, uni ayolning og‘ziga tiqmoqchi bo‘ldi. Ayol qichqirib, qarshilik ko‘rsatib, yuz- ko‘zini yopmoqchi bo‘lgan edi, uchastkovoy ayolning yuziga oyoqlari bilan tepdi. Keyin uchastkovoy uni o‘zbekchalab so‘kdi. Hamma buni kuzatib turdi, lekin hech kim indamadi. Voqea 3 soatcha davom etdi. Keyin mashinada yana uchta militsioner keldi. Tez tibbiy yordam ham etib keldi. Ayolni tez yordam mashinasiga olishmoqchi bo‘lganida u qarshilik ko‘rsatdi. Shu payt uchastkavoy yana uni kaltakladi. Lekin keyin eshitishimizcha, ular voqea guvohlaridan yolg‘on ko‘satma berishni talab qilishgan. Protokol tuzilganida, uchastkovoyning ayolni kaltaklaganini yozishmagan”, deydi uchtepalik manba.

Farhod mahalla yig‘inidagi faollardan birining aytishicha, baqir-chaqir qilgan ayol 55 yoshlardagi rus millatiga mansub bo‘lib, u bu mahallada yashamaydi. Faolga ko‘ra, ayol ruhan nosog‘lom bo‘lishi mumkin, uning shaxsini aniqlash imkoni bo‘lmagan, uni tez tibbiy yordam mashinasi olib ketgan.

Ozodlik ayolni tepgan, deb ko‘rilayotgan Farhod mahallasi uchastka noziri Izzatilla Hoshimov bilan telefon orqali bog‘lanib, voqea yuzasidan izoh so‘radi:

Ozodlik: Farhod mahallasi uchastka noziri Izattila Hoshimovmi bu?

- Manman.

Ozodlik: Men jurnalistman. Ozodlik radiosidan telefon qilayapman. Video chiqib ketdi, ayolni tepayotganingiz aks etgan. Shuni so‘ramoqchi edim: Qaysi huquq bilan ayolni tepdingiz?

- U yerda ayol tepilmagan. U ayol ko‘chada fuqarolarning tinchligini, osayishtaligini buzib ko‘chada baqirib, yosh bolalarni quvlab yurganini va mashinani tagiga o‘zini tashlab, mashinani kapotlariga o‘tirib olgani haqida xabar kelgan. O‘sha xabarga asosan chiqildi. Shaxsini, yashash joyini so‘ralganda hech qanaqa shaxsini ham, o‘zini ham tanitgani yo‘q. Shu bilan keyin maxsus 103 xabariga asosan vrachlarni chaqirib, berib yuborilgan. U yo‘lda, yana eshitishimiz bo‘yicha, vrachlarni ham urib tashlagan u ayol.

Ozodlik: Yo‘q. Sizning tepayotganingiz aks etgan video turibdiku.

- Yo‘q tepmaganmiz uni. Hech qanaqa tepilmagan. U yerda fuqarolarning oldida qanaqasiga tepish mumkin uni.

Ozodlik. Oyog‘ingiz bilan tepayapsizda endi. Har holda oyog‘ingiz turibdi uning ustida.

- Yo‘q, yo‘q, unaqa bo‘lmagan. U aks ettirilgan bo‘lishi mumkin. Lekin u ko‘pchilikning oldiga borgan odamni oyog‘idan tortib, yiqitmoqchi bo‘lib, harakat qilgan u ayol. Keyin unga suvlar sepib, o‘ziga bir amallab keltirganmiz. Boshqa hech qanaqa noqonuniy harakat sodir etilmagan.

Ozodlik: Har holda men ko‘rgan videoda shundoq: Siz tepayapsizda.

- Men tepilmagan deyapman sizga.

Ozodlik: Qandaydir haqqingiz bormi, shunaqa harakat qilishga- tepishga?

- Hech kimning haqqi yo‘q,-dedi Farhod mahallasi uchastka noziri Izzatilla Hoshimov Ozodlik muxbiri bilan suhbatda.

Ushbu voqea aks etgan video ijtimoiy tarmoqlarda qizg‘in muhokamaga sabab bo‘lib, militsiya xodimining harakatlari qoralandi. Jumladan, Alexandra Z nikli Feysbuk foydalanuvchisi “nima bo‘lganda ham, bu odamning yuziga tepish uchun sabab bo‘lolmaydi”, deya yozg‘irdi:

“Ayolning hushi, albatta, joyida emas, aytilishicha, u o‘zini g‘alati tutgan. Ammo uchastka noziri undan ham battar ekan... Bu vaziyatda u o‘zini juda noprofessional tutdi. Bunaqa xodimlar organda ishlamasligi kerak”, deb yozadi Alexandra Z. ismli foydalanuvchi.

So‘nggi paytlarda ijtimoiy tarmoqlarda o‘zbekistonlik tartib posbonlarining zo‘ravonliklari aks etgan videolar tez-tez tarqatilmoqda. Masalan, o‘tgan yili oxirida Toshkentda militsiya xodimlarining transvestitlar kvartirasiga bostirib kirishi va ularni kaltaklagani aks etgan videotasvir tarqalgan, buning ortidan bu ishga mas’ul ko‘rilgan militsiya xodimlari ishdan haydalgandi.

Ozodlik manbalariga ko‘ra, Chilonzor tuman militsiyasi boshlig‘i, polkovnik Abdumajid Shermuhamedov 11 yanvar kuni maxsus majlis o‘tkazib, shaxsan o‘zi transvestitni kaltaklagan kapitan va katta leytenant unvonidagi militsionerning pogonlarini yulib tashlagan.

Yana yanvar oyida Ozodlik Toshkentning Chorsu bozorida militsiya xodimlari tarafidan kaltaklangan va bu haqda hokimiyat idoralariga shikoyat qilgani uchun tuhmatda ayblanib, sudga tortilayotganini iddao qilgan ayol haqida hikoya qilgan edi.

Mart oyi boshida Ozodlik mushtariylaridan biri Samarqandda ikki nafar militsiya xodimi bir ayolni mashina yukxonasiga solishga urinayotgani tasvirlangan videoni yo‘llagandi. Mushtariyning aytishicha, o‘zi tasvirga olgan bu videodagi hodisa 2 mart kuni Samarqanda shahar ichki ishlar bo‘limi yonida sodir bo‘lgan.

Samarqand viloyati va shahar ichki ishlar idoralari o‘shanda bunday hodisa yuz berganini mutlaqo inkor qilishgan. Ammo Ozodlikning mobil muxbirlari videoda tasvirlangan voqea joyi aynan shahar ichki ishlar idorasi binosi oldida ekanini tasdiqlaganlar.

XS
SM
MD
LG