Линклар

logo-print

Tojikiston Madaniyat vazirligi bu yil Tojikistonda O‘zbekiston madaniyati kunlarini o‘tkazish rejalanmaganini ma’lum qildi.

Avvalroq “Aziya-Plyus” agentligi hukumatdagi o‘z manbasi so‘zlariga tayangan holda, Toshkent Dushanbening madaniyat kunlari o‘tkazish bo‘yicha rasmiy so‘roviga javob bermagani, shuning uchun ham bu tadbir rejalanmagani haqida xabar qilgandi.

Biroq Tojikiston Madaniyat vazirligining Xalqaro aloqalar bo‘limi mudiri Abdug‘affor Abdujabborov Ozodlikning tojik xizmatiga bu yil O‘zbekiston madaniyati kunlarini o‘tkazish vazirlik rejasida umuman bo‘lmaganini bildirdi.

- Bu yilgi rejamizda mamlakatimizda Hindiston, Qirg‘iziston madaniyati kunlarini o‘tkazish bor, shuningdek, Belarusь va Eronda Tojikiston madaniyati kunlarini o‘tkazmoqchimiz.O‘zbekiston borasidagi masala muhokama qilinmagan, - dedi Abdug‘affor Abdujabborov.

Tojikistonda O‘zbekiston madaniyati kunlari so‘nggi bor bundan 19 yil avval, ya’ni 1997 yilda o‘tkazilgan. Toshkent va Dushanbe o‘rtasida aloqalar soviy boshlaganidan keyin ikki qo‘shni mamlakat orasida Madaniyat kunlari o‘tkazish masalasi ham ko‘tarilmagan.

Madaniyat vazirligi mulozimiga ko‘ra, o‘tgan yilning iyun oyida Toshkentda ShHTga a’zo mamlakatlar madaniyat vazirlarining majlisi bo‘lib o‘tgan, unda madaniyat vaziri Shamsiddin O‘ruzbekzoda boshchiligidagi tojik delegatsiyasi ham qatnashgan.

- Dushanbe va Toshkent orasidagi madaniy hamkorlik masalasi kelajakda o‘tkaziladigan shu kabi uchrashuvlarda muhokama qilinsa, ajab emas, - dedi Abdug‘affor Abdujabborov.

Joriy yilning 23-24 iyun kunlari Toshkentda Shanxay hamkorlik tashkiloti sammiti bo‘lib o‘tadi. Unda Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon ham ishtirok etishi kutilmoqda. Yuqori darajadagi uchrashuvlar doirasida O‘zbekiston va Tojikiston prezidentlari alohida uchrashuv o‘tkazishlari taxmin qilinmoqda. Ekspertlar bu muzokaralar chog‘ida o‘zbek-tojik aloqalari rivojiga to‘sqinlik qilayotgan muhim masalalar hal bo‘lishiga umid qilmoqdalar.

O‘zbekiston bilan Tojikiston o‘rtasidagi aloqalar o‘tgan asrning 90-yillari o‘rtalaridan soviy boshlagan. “O‘zbekiston islomiy harakati” jangarilari xurujidan so‘ng O‘zbekiston bir tomonlama Tojikiston bilan chegarani minalashtirgan. O‘sha paytda ikki mamlakat o‘rtasida joriy etilgan viza tartibi hozirga qadar kuchda qolmoqda.

Ikki mamlakat o‘rtasidagi tortishuv 2010 yili Dushanbe o‘z kuchi bilan Rog‘un GESini qurishga qaror qilganidan keyin avj oldi.

O‘zbekiston rahbariyati bu to‘g‘on qurilishi mintaqada urushga sabab bo‘lishi mumkinligidan ogohlantirib keladi.

Suv, tranzit va boshqa sabablar tufayli vaqti-vaqti jiqqamusht bo‘lib turadigan Toshkent va Dushanbe o‘rtasidagi munosabatlar o‘tgan yili biroz iligandek bo‘ldi. Dekabr oyida Tojikiston poytaxtida ikki mamlakat Tashqi ishlar vazirliklarining konsultatsiyalari bo‘lib o‘tgan. Uchrashuvda tomonlar MDH va ShHTni rivojlantirish istiqbollarini muhokama qilganlar hamda bu kabi siyosiy konsultatsiyalarni o‘tkazish orqali ko‘plab ikki tomonlama muammolarni hal qilish yo‘lini topish mumkin, degan xulosaga kelganlar.

XS
SM
MD
LG