Линклар

Narofominsk shahar sudi ish beruvchisidan 30 ming dollar pul o‘g‘irlab ketganlikda ayblanayotgan 49 yoshli o‘zbekistonlik enagani xalqaro qidiruvga berish va sirtdan qamoqqa olish to‘g‘risida qaror chiqardi. Moskva viloyat tergovchilari navoiylik Xabiba R. haqidagi qidiruv materiallari Interpolga jo‘natilganidan keyin uning o‘g‘li Jasur A.ga nisbatan ham jinoyat ishi qo‘zg‘atilishi mumkinligi ma’lum bo‘ldi.

Moskva viloyatida yashovchi vrach Anjelika Daurova bundan ikki yil oldin farzand asrab oladi.

Anjelika asrandi o‘g‘liga Timur deb ism qo‘yadi. Bola 3 oyga to‘lganida, unga enaga yollab, ishga chiqishga qaror qiladi.

Ozodlik bilan suhbatda Anjelika o‘zbekistonlik Habibani unga umumiy tanishlari bo‘lgan bir ayol tavsiya qilganini gapirib berdi.

- U biznikiga bolamga taxminan 3 oylarcha to‘lganida, ya’ni 2014 yilning aprelida birinchi marotaba keldi. 2015 yilning 29 oktyabrigacha 1,5 yil davomida mening bolamga qaradi. Bolaga u yaxshi qarardi, uning ishiga e’tirozim yo‘q edi. 29 oktyabr kuni u ketdiyu boshqa qaytib kelmadi. Ikki kun davomida unga qo‘ng‘iroq qilib tusha olmadim. Shkafimni ochib, u erda saqlanayotgan pullarni tekshirib ko‘rdim: konvertlar bo‘m-bo‘sh edi. Habiba bizni tunab ketganini o‘shanda tushundim, dedi Anjelika.

Anjelika o‘zbekistonlik bola qarovchisi yashayotgan kvartiraga boradi va qo‘shnilaridan u o‘g‘li, hushtori, ukasi bilan birga yuklarini mashinaga ortib noma’lum tomonga chiqib ketganini aniqladi.

U Habibani xona va javon kalitlarini qo‘lga kiritib, saqlanayotgan dollarlarni olib ketganlikda gumon qildi.

“U kvartirada o‘rnatilgan videonazorat kamerasini ham o‘chirib, hamma yoqdan barmoq izlarini artib ketganini aniqlashdi men chaqirtirgan politsiya xodimlari”, deya davom etadi Anjelika.

- Bu jinoyatga u ko‘p vaqt tayyorlanibdi. Jinoyatga Habibaning o‘g‘li Jasur yordam berganiga amin bo‘ldim, chunki bu yigit Rossiyada o‘g‘irlik bilan qo‘lga tushgan ekan, u o‘zining ma’shuqasi bo‘lgan rus ayolning bolasini boshi bilan krovatga uribdi. Bola ikki yildan buyon koma holatida shifoxonada yotibdi. Bolakayning onasi Jasur ustidan tergov idorasiga ariza yozganini aniqladim. Oldin Jasur bolaning onasini qo‘rqitib qo‘ygan ekan. Shunday qilib, hozirda Narofominsk shahar sudi Habibani sirtdan qamoqqa olish va xalqaro qidiruvga berish to‘g‘risida hukm chiqargan, dedi Anjelika.

Ma’lum bo‘lishicha, o‘g‘rilikda ayblanayotgan o‘zbekistonlik enaga ayol jinoiy ishi Rossiya Bosh prokuraturasi va Interpolga yuborilgan.

Aprelevka shaharchasi Ichki ishlar bo‘limining jinoyat qidiruv bo‘limi xodimi Pavel Vashchinnikov jinoiy ish sekin-asta bo‘lsada, siljiyotganini bildirdi:

- Jarayon to‘xtagani yo‘q, tergov borayotganini tasdiqlashim mumkin, xolos. Odamlarimiz ishlayapti, dedi bundan ortiq ma’lumot bera olmasligini Ozodlikka bildirgan tergovchi Pavel Vashchinnikov.

Tergov idorasida navoiylik Habiba R. Va uning o‘g‘li Jasur A.ga qo‘yilayotgan ayblovlar bo‘yicha materiallar asosida O‘zbekistonga yuborilgan so‘rovga javob olinmagani va o‘zbek militsiyasi va prokuraturasi uni paysalga solayotganini ham bildirishdi. Hozirda Tergov qo‘mitasida o‘zbekistonlik ona-bolaga qarshi jinoiy ishlar birlashtirilishi masalasi ko‘rilayotgani ma’lum bo‘ldi.

Anjelika Daurova mahalliy politsiya ham uni tunab ketgan enagaga qarshi jinoiy ish ochishga avvaliga qarshilik qilganini esladi.

U Moskvada o‘zbekistonlik 4 yoshli qizchani o‘ldirgan enaga Gulchehra Boboqulova to‘g‘risida axborot vositalaridan xabar topgach, Habibani albatta topishga qaror qilganini bildirdi.

Suhbat so‘nggida Anjelika hech qachon uyiga enaga olmaslik haqida qat’iy qarorga kelganini bunday izohlab berdi:

- Birinchi kadrlarni ko‘rib men tildan qoldim, karaxt bo‘ldim! Meni bolam bilan ham shunday hodisa bo‘lishi mumkinligi to‘g‘risidagi o‘y-hayollar meni anchagacha vahimaga solib yurdi. Shundan keyin men tergovchilar bilan janjal qilishni boshladim, enagamga nisbatan ham tergovni tezlashtirishni talab qildim. O‘sha Boboqulova ham meni uyimda ishlagan Habiba kabi 1,5 yil bola qaragani, ular ikkalovi O‘zbekistondan ekani meni har xil hayollarga olib bordi!Axir Habiba 1,5 yil ichida qadrdondek bo‘lib qolgan edi. Mendan tergovchilar so‘radi: qanday qilib begona odam oldida buncha pulni saqladingiz? Men unga eng aziz bo‘lgan farzandimni topshirganimdan keyin pul hayolimga keladi, deb o‘ylaysizmi?! Xullas, hozirgi kunga kelib biror enaga mening uyimga oyoq qo‘ymaydi, degan to‘xtamga keldim, dedi Anjelika.

U hozir 2 yoshga kirayotgan o‘g‘ilchasini, qimmat bo‘lsa ham, xususiy bog‘chaga topshirganini aytdi.

XS
SM
MD
LG