Линклар

So‘nggi olti oy ichida Toshkent shahri va viloyati, Farg‘ona viloyatida IShIDga aloqadorlikda gumon qilinib ushlangan fuqarolarning ko‘pchiligi tergovga hamkorlik va sukut saqlash sharti bilan qo‘yib yuborilmoqda. Bu haqda inson huquqlari faollari va ushlanganlarning yaqinlari ma’lumot bermoqdalar. Ozodlik o‘tgan yilning oktyabr-noyabrida va bu yilning yanvarida ushlanganlar taqdiriga oid ma’lumotlarni aniqlashga urindi.

Ozodlik Toshkent shahri, Farg‘ona viloyatidagi faollar yordamida o‘tgan yili kuzda va bu yil bahorda O‘zbekistonda IShIDga aloqadorlik gumoni bilan qo‘lga olingan o‘nlab shaxs qo‘yib yuborilgani haqidagi ma’lumotlarni olmoqda.

Xususan, 13 aprelь kungi muloqotlar natijasida Toshkent shahrining Sebzor mahallasida shu yilning yanvarida qo‘lga olingan 14 dindordan 3 nafari ozod qilingani ma’lum bo‘ldi.

Biroz avval Farg‘ona viloyati So‘x tumanida IShIDga aloqadorlik gumoni bilan yanvar oyida ushlangan va O‘zbekiston JKning 159, 244-moddalari asosida ayblov e’lon qilingan 12 yigitning ozod qilingani ma’lum bo‘lgan edi.

O‘tgan yilning oktyabr-noyabrida Toshkent shahri hamda viloyati, bundan tashqari Farg‘ona vodiysidagi ayrim shaharlarda, yanvarь oyida esa Toshkentning qator tumanlarida xorijdan qaytgan dindor kishilar hibsga olingani qayd etilgan edi.

Ular, asosan, turli diniy radikal oqimlar yoki IShIDga moyillik, aloqadorlik gumoni bilan ushlangani aytilgan edi.

Tergovga hamkorlik

Huquq faollaridan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, o‘tgan yilning oktyabr-noyabr oylarida hibsga olishlar Toshkent shahri va viloyatida, yanvar oyidagi hibslarning aksariyati esa Toshkent shahrida kuzatilgan.

Toshkentning Sebzor mahallasida istiqomat qiladigan faollardan biri ismini aytmaslik sharti bilan u yerdagi vaziyatni tilga oldi:

- Bizning mahallamizga qo‘shni mahallada yanvar oyida, adashmsam, 3 nafar yosh yigitni olib ketishgan edi. Ular 15 kun o‘tirishdi, qo‘yib yuborishdi. Lekin, ulardan olingan ma’lumot asosida 13 kishini olib ketishdi, 15 sutkadan keyin ularni ham ko‘pchiligini qo‘yib yuborishdi. Keyin yana uchinchi potokni olib ketishdi. Shularning orasidan haqiqatda IShIDda moyilligi isbotlanganlarni ushlab qolishganini eshitdim. Bular shu yonimizdagi domlardan birida yashagan shoir yigit va mahallalardan birida yashagan dindor ayol, deyishdi. Lekin, men ularni shaxsan tanimayman. Chiqqanlarni o‘zlari jim, birovga og‘iz ochmayapti, menimcha, - deydi toshkentlik ayol.

MXX va IIV charxpalagi

Ozodlik yanvarь oyida Toshkentning Rakat, Salom choyxona, Sebzor, Jar Ariq mahallalarida yashovchi, ilgari AQSh va boshqa xorijiy davlatlarda ishlab qaytgan 14 kishi hibsga olinganini xabar qilgan edi.

Hibsga olinganlarning yaqinlaridan olingan ma’lumotga ko‘ra, AQShning Florida va Virjiniya shtatlarida ishlab qaytgan 31 yashar Sherzod Abdullaev, 37 yashar Doniyor Ahmedov, 35 yashar Mansur Shomansurov, 42 yashar Nodir Turobov, 30 yashar Anvar bo‘lgan.

Xususan, Sebzor mahallasidagi hibslar haqida AQShdan turib xabar bergan o‘zbekistonlik muhojir Mirrahmat Mo‘minov ham ushlanganlarning keyingi taqdiridan to‘liq xabar ololmayotgani, ulardan faqat 3 nafarining taqdirini bila olganini aytadi:

- O‘tgan yili kuzda ushlangan Shavkat, degan yigitni juda katta pora evaziga chiqarishganini aniqladik. Uning Amerikada firmalari bor edi. Lekin, unga O‘zbekistondan chiqmaysan, degan. Hozir uning Amerikada oilasi, bolalari qolib ketdi. Yanvarda ushlangan yigitlardan ikki nafari - Shomansur Mansurov va Sherzod Abdullaevlar qo‘yib yuborilgan. Ularning yaqinlari ham sukutda. Ikki nafarini 5 va 7 yilga qamadi, deb eshitdik. Lekin, kimligi aniqmas. Lekin, insof bilan aytish kerak, O‘zbekiston hozir ushlangan dindorlarga unaqa uzoq muddatlar berib, qamab yuborish taktikasidan biroz chekingani kuzatilmoqda. Hozir eng og‘ir javzo 7 yildan oshmayapti, - deydi Mirrahmat Mo‘minov.

Sukut saqlash haqida tilxat

Matbuotga 200 ortiq kishi ushlanganiga oid ma’lumotni bergan O‘zbekiston mustaqil huquq himoyachilari tashabbus guruhi shu kunga qadar bu shaxslarning keyingi taqdiriga oid biror rasmiy ma’lumot olishning imkoni bo‘lmaganini aytmoqda:

- Bizdagi ma’lumotlarga ko‘ra, hibsga olinganlarning yaqinlaridan bu haqda matbuotga, inson huquqlari himoyachilariga ma’lumot bermaymiz, advokatga murojaat qilmaymiz, mazmunida tilxat olingan. IIV va MXX hozir shu yo‘lga o‘tib oldi. Tilxat evaziga IIV yoki MXX ularni qiynoqlarga solmayotgan bo‘lishi mumkin, chunki unaqa qiynoqlar yoki nohaq qamaldi, degan shikoyat bilan bizga hech kim kelmadi shu kungacha, - deydi guruh rahbari Sur’at Ikromov.

Ammo, norasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, hibsga olinganlarning ko‘pchiligi tergovga hamkorlik qilish va huquqiy himoya so‘rab, turli tashkilotlarga murojaat qilmaslik sharti ostida qo‘yib yuborilgan.

Sur’at Ikromov bu qadar keng ko‘lamdagi hibslardan so‘ng bu qadar uzoq davom etgan "sukunat"ga ilk bor guvoh bo‘layotganini aytmoqda:

- Bunaqasini avval ko‘rmaganman, shu darajada qo‘rqib qolishgan odamlar. Ichkaridagi yaqinlarimizni qiynashmasa bo‘ldi, qo‘yib yuborishsa bo‘ldi, deb qolishgan. So‘rasam ham aytishmaydi, bizga kelishmaydi. Qizig‘i, Toshkent viloyatidagi Zangiota tumanida ayrim hibsga olinganlardan Sur’at Ikromovga bormaysiz, deb talab qilishgan, - deydi huquq himoyachisi.

Faolning yaqinlariga bosim

Mirrahmat Mo‘minov Toshkent shahridagi IShIDga aloqadorlik gumoni bilan ushlangan dindorlar haqida nisbatan ko‘p va aniq ma’lumot bergan faollardan biridir.

Uning aytishicha, ana shu ma’lumotlari ortidan uning Toshkentdagi oilasi - onasi va singillariga bosim kuchaytirilgan:

- So‘nggi 40 kun ichida ikki bor uyidan olib ketib, juda kuchli bosim, tahdidlar bilan so‘roq qilishgan, pastkashlik qilishgan. Saharlab mashinaga solib olib ketishgan, Olmazor tuman IIBga. 4 soatga yaqin gaplashishgan. Telefonlaridan mening, bolalarimning suratlarimni olishgan, shaxsiy hayotimga oid ma’lumotlarni so‘rashgan. Ayniqsa, onamni qo‘rqitishgan: "O‘g‘lingizni Amerikadan deport qildiramiz, o‘g‘irlab kelamiz, bizga hech kim qarshilik qilolmaydi", deb qo‘rqitishgan. Men buni shaxsiy hayotimga tajovuz, deb hisoblayman va buni shunday qoldirmayman, tegishli tashkilotlarga murojaat qilaman, - deydi AQShdagi o‘zbekistonlik muhojir Mirrahmat Mo‘minov.

Rasmiylar sukutda

O‘zbekistonda so‘nggi 6 oy ichida bo‘lgan IShIDga aloqadorlik gumoni bilan amalga oshirilgan hibslar haqida huquq-tartibot idoralari biror aniq rasmiy ma’lumot bergani yo‘q.

Necha kishi hibsga olingan, qaerlarda hibsga olingan va ularga konkret qanday ayblovlar qo‘yilgani haqida hozirga habar rasmiy bayonot berilgani yo‘q.

Shu kunga qadar bu hibslar haqida matbuotga ma’lum bo‘lgan xabarlar huquq himoyachilari va hibs qilingan yoki qisqa muddatga ushlanganlarning yaqinlaridan olingan ma’lumotlardir.

Ammo, so‘nggi oylarda O‘zbekiston rasmiy matbuoti mamlakatning turli viloyatlarida aynan IShIDga aloqadorlikda ayblangan shaxslar ustidan mahkamalar, tergovlarga oid ma’lumotlarni bermoqda. Bundan tashqari, Suriyaga borib-qaytgan konkret o‘zbekistonliklar taqdiri hikoya qilingan hujjatli filmlar namoyish qilinmoqda.

XS
SM
MD
LG