Линклар

Шошилинч хабар
09 май 2024, Тошкент вақти: 07:19

AQSh Davlat departamenti o‘zbek rasmiylarini qo‘llayotganlikda aybladi


AQSh Davlat departamenti O‘zbekiston xavfsizlik idoralarini “mahbuslarga nisbatan qiynoq va zo‘ravonlik qo‘llayotganlik”da aybladi.

Davlat departamentining turli mamlakatlardagi inson huquqlari bilan bog‘liq vaziyatga oid yangi hisobotida prezident Islom Karimov hukumati fuqarolarga o‘z liderlarini saylov vositasida o‘zgartirish imkonini bermayotgani aytiladi. 13 aprel kuni e’lon qilingan hisobotda O‘zbekiston konstitutsiyasidagi bir kishi ikki martadan ko‘p prezidentlikka saylana olmasligi haqida modda borligiga qaramay, Karimov 2015 yili prezidentlikka to‘rtinchi marta qayta saylangani urg‘ulanadi.

Hisobot mualliflariga ko‘ra, qo‘lga olinganlarga nisbatan xavfsizlik idoralari xodimlari tomonidan qiynoq qo‘llanilayotgani va shafqatsiz munosabatda bo‘linayotgani, adolatli sudlov uchun imkon berilmayotgani, qonun ustivorligiga e’tiborsizlik va hukumatni saylov yo‘li bilan almashtirish imkoniyatining yo‘qligi O‘zbekistonda inson huquqlari sohasida mavjud bo‘lgan eng muhim muammolardandir.

Hisobotda, shuningdek, O‘zbekistonda mahbuslarning uzoq muddat qamoqda qolayotgani, qamoqxonalardagi sharoitning yomonligi, ba’zan esa hayot uchun xavfliligi, diniy erkinliklar keng ko‘lamda cheklanayotgani, so‘z, matbuot va yig‘ilish erkinliklarining cheklab qo‘yilgani, fuqarolik jamiyatiga nisbatan cheklovlar, harakat erkinligining cheklangani, ayollarga nisbatan zo‘ravonliklar, fuqarolar asosiy ijtimoiy xizmatlardan foydalana olmayotgani hamda hukumat tomonidan uyushtirilgan majburiy mehnat qarshisida chorasiz qolayotgani kabi muammolarga ham e’tibor qaratilgan.

XS
SM
MD
LG