Линклар

O‘zbekiston prezidenti 12 aprelda imzolagan qarorga binoan, 2016 yilgi hosildan boshlab ho‘l meva-sabzavot, kartoshka, poliz mahsulotlari va uzum xarid qilish bo‘yicha davlat buyurtmasi joriy etiladigan bo‘ldi.

Prezident qarori imzolanishidan oldin Vazirlar Mahkamasining joriy yil 1 iyulidan boshlab O‘zbekistonda etishtirilgan meva-sabzavotni yuk mashinalarida xorijga eksport qilishga ruxsat beruvchi qarori chiqqan edi.

O‘zbekistonlik ba’zi kuzatuvchilar keyingi yillarda har ikki qarorni amalga oshirishning tashkiliy-texnologik bazasi yaratilganini e’tirof etib turgan bir paytda ba’zi meva-sabzavot yetishtiruvchilar "bu qarorlar bir necha oydan so‘ng yana o‘zgarib ketmasligiga kafolat yo‘q", demoqda.

Qarorning dehqon va bog‘bonga taalluqli qismi

Prezident 12 aprelda imzolagan "Meva-sabzavot, kartoshka va poliz mahsulotlarini xarid qilish va ulardan foydalanish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarorga binoan Davlat buyurtmasi doirasida:

mahsulotlarni “O‘zbekoziqovqatxolding” xolding kompaniyasi tarkibiga kiradigan xususiy mulk shaklidagi qayta ishlash korxonalari fermer va dehqon xo‘jaliklaridan kontraktatsiya shartnomalari asosida shartnoma qiymatining 40 foizidan kam bo‘lmagan miqdorda bo‘nak berish orqali sotib oladi;

ho‘l meva-sabzavot, kartoshka, poliz mahsulotlari va uzum fermer va dehqon xo‘jaliklaridan kelishilgan, bozor narxlarida xarid qilinadi;

Qarorning dehqon va bog‘bonga tegishli qismi shular. Qolgani eksportchiga tegishli me’yorlardir.

Qarordan maqsad

Hujjat muqaddimasida aytilishicha, u “qayta ishlash korxonalarini xomashyo resurslari bilan muntazam ta’minlash, ichki iste’mol bozorini yil davomida sabzavotlar, kartoshka, meva va poliz mahsulotlari bilan barqaror to‘ldirish, shuningdek, tashqi bozorlarda xaridorgir va raqobatbardosh bo‘lgan ho‘l meva va qayta ishlangan meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qilish hajmini ko‘paytirish va turlarini kengaytirish uchun ularni etishtirish, ishlab chiqarish va xarid qilish bo‘yicha yagona tizimni shakllantirish maqsadida” qabul qilingan.

Xushxabar

Farg‘onalik tahlilchi Abdusalom Ergashev kuni kecha Ozodlik bilan suhbatda keyingi yillarda mamlakat ichki bozorini yil davomida sabzavotlar, kartoshka, meva va poliz mahsulotlari bilan barqaror to‘ldirishning tashkiliy-texnologik bazasi yaratilganini e’tirof etgan edi.

- Bundan 5 – 10 yil oldin O‘zbekiston katta hajmdagi sovuqxonalar qurish boshlangan. Hozir bunday sovuq omborlar juda ko‘p. Ularning foydasi, albatta, sezilayapti. Odatda bahorda qimmatlab ketadigan sabzavot mana bugun arzon, deydi Abdusalom Ergashev.

Farg‘onalik tahlilchi bilan boshqa bir qaror - Vazirlar Mahkamasining joriy yil 1 iyulidan boshlab O‘zbekistonda etishtirilgan meva-sabzavotni yuk mashinalarida xorijga eksport qilishga ruxsat beruvchi qarori munosabati bilan gaplashgan edik.

O‘zgaruvchan siyosat

Ma’lumki, hukumatning bu sohadagi siyosati bir yilga yetmagan muddatda bir necha bor o‘zgardi. Meva-sabzavotni avvaliga faqat samolyot va poezdlarda tashishga ruxsat berildi, keyin cheklangan tarzda avtomobillarda olib chiqishga ruxsat berdilar, ya’ni bu imkoniyatdan hamma ham foydalana olmadi. Mana endi xalqaro yuk tashishga litsenziyasi bor mashinalar tashiyversin, qabilidagi qaror chiqdi.

Hukumatning prognoz qilib bo‘lmaydigan bu siyosatidan ko‘plab dehqonlar zarar ko‘rdi.

Toshkentlik G‘olibbek Xolnazarov - yuqori malakali iqtisodchi, ayni paytda u bog‘bon-fermer hamdir.

- O‘tgan yili meva-sabzavotni tashqariga avtoulovda olib chiqishni taqiqlab qo‘yuvdi. Shaxsan o‘zim guvoh bo‘ldim, yonimdagi bog‘bon 7 - 8 etishtirgan qariyb 1 gektarlik uzumzorini buzib tashladi. Chunki, o‘tgan yili uzumini kilosini 300 so‘mdan vino zavodi ham olmadi, dedi G‘olibbek Xolnazarov.

Uning o‘zi ham o‘tgan qishloq xo‘jalik yilida foyda ko‘rmadi.

- O‘tgan yili bog‘imiz hosil bermadi. Olmani sovuq urib ketdi. Uzumni zo‘rg‘a 300 so‘mdan vino zavodiga, Parkent tumanidagi Qoraqalpoq jamoa xo‘jaligi joylashgan erdagi vinzavodga 300 so‘mdan zo‘rg‘a topshirdik, deydi suhbatdoshimiz.

Qani, yoz kelaversinchi...

G‘olibbek Xolnazarov Vazirlar Mahkamasi qaroriga ham, Prezident qaroriga ham katta skepsis bilan qaramoqda.

- Paxta bilan bug‘doyni davlat o‘zi belgilagan narxda sotib oladiyu? O‘shanga o‘xshab, endi meva-sabzavotni ham davlat narxida sotib olmoqchi bo‘lishayotgandirda, dedi Janubiy Koreyada o‘qib qaytgan malakali iqtisodchi, hozirda esa bog‘bon-fermer G‘olibbek Xolnazarov.

Balki, yoz kelgach, davlat fermerlardan meva-sabzavotni sotib olishni boshlagach, suhbatdoshimizning fikri o‘zgarar? Har holda Prezident qarorida mana bunday deyilgan:

Ho‘l meva-sabzavot, kartoshka, poliz mahsulotlari va uzum fermer va dehqon xo‘jaliklaridan kelishilgan, bozor narxlarida xarid qilinadi.

XS
SM
MD
LG