Линклар

Bu yil Uilyam Shekspir hayotdan ko‘z yumganining 400 yilligi munosabati bilan “Shekspir barhayot” kampaniyasiga start berildi. Bu kampaniya doirasida Shekspir ijodi va hayotiga oid turli tadbirlar uyushtiriladi. Ozodlik radiosi Uilyam Shekspir ijodining o‘zbek teatr san’atiga ta’siri haqida turkum maqolalar tayyorladi. Ana shunday maqolalardan birinchisiga Shekspir asarlaridagi Romeo va Hamlet rollarini o‘ynagan o‘zbek akteri Rashid Shadatni tanladi.

Shu kunlarda Londondagi teatrlardan birida ishlayotgan 40 yashar Rashid Shadat o‘z hayoti Shekspir bois butkul o‘zgarib ketganligini aytadi.

Ozodlik bilan suhbatda Rashid Shadat Shekspir dramasidagi Hamlet rolidan parcha ijro qilib berdi.

O‘zbeklar kashf qilgan Shekspir

Shekspirning o‘zbek tomoshabini tomonidan kashf etilishi 1935 yilda — “Hamlet” tragediyasining Hamza nomidagi drama teatri (hozirgi O‘zbek milliy akademik drama teatri)da sahnalashtirilishi bilan boshlangan. Shundan keyin O‘zbekistondagi o‘zbek va rus teatrlarida Shekspirning “Otello”, “Romeo va Julьetta”, “Yuliy Sezar”, “Qirol Lir”, “Koriolan”, “Veronalik ikki yigit”, “Qiyiq qizning quyilishi”, “Yoz tunidagi g‘aroyib otlar” singari asarlari katta muvaffaqiyat bilan qo‘yildi.

O‘tgan yili Alisher Navoiy nomli opera va balet teatrida rejisser Firudin Safarov Juzeppe Verdi bastalagan “Otello” operasi sahnaga qo‘yilgan bo‘lsa¸ bu yil Qashqadaryodagi teatrda “Otello” spektakli tomoshabinlar hukmiga havola qilindi.

O‘zbekistonlik 33 yashar teatr rejisseri Jo‘rabek Ro‘zmetovning aytishicha, Shekspir ijodi bilan 1996 yili maktabda o‘qigan vaqtida tanishgan:

- Shekspir asarlarini o‘qish davomida men teatr san’atiga qiziqdim. Aynan Shekspirni mutolaa qilish asnosida vizual san’at bo‘lgan sahna sirlariga oshno bo‘ldim, deydi suhbatdosh.

Shekspir mutarjimlari

Shekspir asarlarini tarjima etishda G‘afur G‘ulom, Yashin, Uyg‘un, Shayxzoda, Turob To‘la, Qodir Mirmuhamedov kabi yozuvchi va tarjimonlar ishtirok etdilar.

So‘nggi yillarda Jamol Kamol Shekspir asarlarini bevosita ingliz tilidan o‘zbek tiliga tarjima qildi.

Cho‘lpon qalamiga mansub «Hamlet»ning tarjimasi esa o‘zbek tarjima san’atining shoh namunasi hisoblanadi.

Shekspirning 1592—1600 yillarda yozilgan “Sonetlar” kitobi Uyg‘onish davri nafis san’atidan ilhom olgan tarzda dunëga kelgani aytiladi.

Shoir Xurshid Davron tarjima qilgan Shekspir sonetlaridan biri “Ertangi quyoshga peshvoz chiqqan buyuk yo‘lchi” obrazida o‘z haëtini tasvirlaydi:

Olov tojli boshin ko‘tarib asta,

Yotog‘idan oq tong qo‘zg‘aladi bot.

Ziyo tangrisini ehtirom ila

Ta’zim etib qarshi olar mavjudot.

Choshgohda qudrati oshib mislsiz

Oftob yuksaklardan socharkan ziyo, —

Oltin gardishiga million-million ko‘z

Shavqu hayajonda boqur mahliyo.

Manzillarin o‘tgach, safari qarib

Horg‘in quyosh asta botar ekan oh,

Unga sig‘inganlar yuzlarin burib

Tamom teskariga tashlarlar nigoh.

Yoshlik o‘tar, farzand qoldirganing soz,

Ertangi quyoshga u chiqur peshvoz.

XS
SM
MD
LG