Линклар

logo-print

O‘zbekistonda neyroxirurgiya sohasida kadrlar tanqis bo‘lib qolmoqda. Juda katta miqdorda mablag‘ o‘zlashtirgan “Qishloqqurilishbank” mansabdorlari ushlandi. Qamoqdagi “hizbut-tahrirchi” farzandlariga maktub yozdi. Joriy hafta matbuot shu kabi voqealar haqida yozdi.

O‘zbekistonda neyroxirurgiya sohasida kadrlar tanqis bo‘lib qolmoqda

O‘zbekistonda neyroxirurgiya sohasida kadrlar tanqisligi hamon dolzarb bo‘lib qolmoqda (“Oila davrasida”, 14 aprel). Mamlakat Sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari Asilbek Xudoyorovga ko‘ra, Surxondaryo va Qoraqalpog‘iston eng og‘riqli nuqtalar sanaladi. Surxondaryoda neyroxirurg mutaxassislar bilan ta’minlanganlik 57,9 foizni, Qoraqalpog‘istonda esa 82,2 foizni tashkil etmoqda. Qayd etilishicha, muammoning sabablaridan biri tibbiyot yo‘nalishida kontrakt asosida o‘qigan talabalarning aksari Toshkentdagi ixtisoslashgan markaz va poliklinikalarda ishlab qolmoqda, faqat davlat granti asosida ta’lim olganlargina kadrga ehtiyoj yuqori hududlarda faoliyat boshlamoqda.

“Qishloqqurilishbank” mansabdorlari juda katta miqdorda mablag‘ o‘zlashtirgan

“Qishloqqurilishbank” Buxoro viloyati mintaqaviy filiali boshqaruvchisi Shuhrat Murtazoev va yana bir necha mansabdor juda katta miqdordagi mablag‘ni o‘zlashtirgani aniqlandi (“Huquq”, 14 aprel). Bank mansabdorlari muayyan firmalarga kredit ajratib, mablag‘ni hujjatlarni soxtalashtirish yo‘li bilan o‘zlashtirib kelgan. Tergov xulosasiga muvofiq, 460 million so‘mga yaqin kredit mablag‘i talon-taroj qilingan. Mazkur jinoiy ishda “Qishloqqurilishbank”ning Buxoro viloyati boshqaruvchisi Sh. Murtazoev bilan birga, Gala-Osiyo filiali boshqaruvchisi T. Sherov, kreditlash bo‘limi boshlig‘i Sh. Qurbonov va mutaxassis X. Xodjaevlar ham ishtirok etgan. Qayd etilishicha, ayblanuvchilar yetkazilgan zararni to‘la qoplagani bois, sud tomonidan ularga qamoq bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo tayinlangan.

Toshkentlik “hizbut-tahrir”chi qamoqdan farzandlariga maktub yozdi

“Hizbut-tahrir” diniy-ekstremistik oqimiga a’zoligi uchun ozodlikdan mahrum etilgan toshkentlik Botirjon Rashidov qamoqdan oila a’zolariga maktub yozdi (“Darakchi”, 14 aprel). “Hizbut-tahrir” yo‘lini to‘g‘ri deb bilib, 12 yildan ortiq vaqt davomida haq yo‘ldaman deb, butun borlig‘imdan ayrilganimni kech tushunib etdim, aldanganimni, “hizb”ni deb butun hayotim barbod bo‘lganini tushundim. “Hizbut-tahrir”! Meni va farzandlarimni xo‘rlaganing, oilamni barbod qilganliging uchun sendan nafratlanaman!” deyiladi maktubda. Qayd etilishicha, B. Rashidov 1966 yilda Toshkentda tug‘ilgan. 2004 yilda 15 yil muddatga ozodlikdan mahrum etilgan. Ayni paytda Zarafshon shahrida jazo muddatini o‘tamoqda.

Qarshidagi oilaviy poliklinika bosh shifokori yarim milliard so‘mni talon-taroj qildi

Qarshi shahridagi 6-oilaviy poliklinika bosh shifokori Nurmamat Do‘stqobilov davlat mablag‘lari va o‘zgalarga tegishli rizqni yuhoday domiga tortdi, deb xabar beradi “Huquq” nashri. 2005 yildan beri bosh shifokor bo‘lib ishlab kelgan N. Do‘stqobilov 507 million so‘mdan oshiq mablag‘ni talon-taroj qilgan. Yarim milliard so‘mlik mablag‘ning kattagina qismi poliklinikada ishlamagan shaxslar nomiga ochilgan kartochkalarga pul o‘tkazish yo‘li bilan o‘zlashtirilgan. Bu borada bosh shifokorga poliklinika bosh hisobchisi va xazinachisi yordam bergan. Uch sudlanuvchiga ham tegishli jazo berilgani xabar qilingan.

Internet kafeda kompyuter o‘ynayotgan, bozorda arava tortayotgan o‘quvchilar maktabga qaytarildi

Namangan viloyatida darsga qatnashmay, ko‘cha-ko‘yda bemaqsad yurgan, tilanchilik, aravakashlik qilayotgan hamda internet kafelarga kirgan o‘quvchilarni aniqlash bo‘yicha “O‘quvchi” tadbiri o‘tkazildi (“Postda”, 9 aprel). Tadbir davomida bozorda arava tortayotgan 2 nafar, savdo qilayotgan 32 nafar, internet kafeda kompyuter o‘ynayotgan 31 nafar o‘quvchi aniqlanib, dars mashg‘ulotlariga qaytarilgan. “Tun” tadbiri reydlarida esa 14 nafar o‘quvchi ota-onasi kuzatuvisiz tunda ko‘ngilochar maskanda bo‘lgani aniqlangan. Ushbu holatlar yuzasidan ularning ota-onasi va ko‘ngilochar maskanlar egalariga nisbatan ma’muriy ish ochilgan.

Tohir Malik ayrim kliplarni hayvonot bog‘iga o‘xshatdi

O‘zbekiston xalq yozuvchisi Tohir Malik Feysbuk sahifasi orqali shou-biznes vakillariga kinoyali munosabat bildirdi. “Darakchi” nashri xabariga ko‘ra, yozuvchi kayfiyati yomon bo‘lgan paytda televizorda ashulachilarning klipini ovozini o‘chirgan holda tomosha qilishini aytgan. “Chunki ashulalarining so‘zlarini eshitsam, tepa sochim tikka bo‘lib ketadi. Ovozni o‘chirib, ularning harakatlarini ko‘rsam, kulgim keladi. Siz ham bir tajriba qilib ko‘ring. Ba’zilarida xuddi hayvonot bog‘ida ochiq eshiklar kuni o‘tkazilayotganga o‘xshaydi. Ba’zi ashulachilarning qorni burab og‘riyaptiyu hojatxona eshigi oldida navbat kutib qiynalayotganga o‘xshaydi”, degan yozuvchi Tohir Malik.

XS
SM
MD
LG