Линклар

13 aprel kuni Moskvaning Molodejnaya metro bekati yonidagi yotoqhonada asosan O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikistondan Moskvaga borgan yuzdan ortiq mehnat muhojiri ovqatdan zaharlanib, shifoxonaga tushdi.

Moskva shahridagi turklarga qarashli qurilish shirkatlaridan birida ishlayotgan 140qa yaqin muhojir kechki ovqatga berilgan kartoshka pyure va tovuq go‘shtidan zaharlangani tasdiqlandi.

Ozodlik Moskvaning turli qurilish maydonchalarida ishlayotgan migrantlarga tayyor ovqatlarni Boyazid ismli turk fuqarosiga qarashli “Anadolu Grupp” shirkati yetkazib berib turganini aniqladi. "Yarsevskaya 36" manzili bo‘yicha joylashgan yotoqxonada asosan Rublevka shossesidagi ko‘p qavatli uy-joy qurilishida ishlayotgan brigada ishchilari zaharlangani ma’lum bo‘ldi.

Shirkat qurilish ob’ektlari muhofazasi bo‘limi boshlig‘i Dmitriy Teletsin Ozodlikka yotoqxona politsiya, tergov va prokuratura xodimlari tomonidan tekshirilgani, barcha xonalar dezinfektsiya qilinganini bildirdi:

- Kecha xodimlarimiz ovqatdan ommaviy zaharlandi. 60 yaqin odam shifoxonada qolmoqda, javob olganlar asta-sekin yotoqxonaga qaytib kelayapti. Bizga ayrim kompaniyalar buyurtma asosida oziq-ovqat yetkazib beradi. Kecha sifatsiz yegulik olib kelishgan, ko‘rinadi. Ishchilarga tushlikka tovuq va kartoshka-pyure, makaron berildi: mana shu pyure va makaronni yeganlar zaharlanibdi. Yotoqxona kamchiliklar tuzatilguniga qadar yopilishi ehtimoli bor, - dedi Dmitriy Teletsin​.

Qurilish shirkati vakili hozirda o‘ta og‘ir ahvolda bo‘lganlar deyarli qolmaganini ma’lum qildi. Dmitriy Teletsin shifoxonaga yotqizilganlar qurilish kompaniyasi hisobiga davolanishini ham qo‘shimcha qildi.

Moskva Sog‘liqni saqlash departamentining bildirishicha, shifokorlarga murojaat qilgan 140 kishidan 58 nafari shifoxonaga yotqizildi, qolgan 80dan ziyod ishchi tibbiy muolajadan keyin qo‘yib yuborildi. Ovqatdan zaharlanganlarning aksar qismi 25dan 40 yoshgacha bo‘lgan O‘zbekiston fuqarolari ekanini shu yotoqxonada yashovchi o‘zbek muhojirlaridan biri tasdiqlab berdi:

- Ha, kartoshka bilan tovuqdan zaharlandi. Yotoqxonada 300 ziyod odam yashaydi. O‘zbekistonning asosan Xorazmning Shovot, Gurlan va boshqa tumanlaridan, Buxorodan kelgan bolalar ham bor,- dedi o‘zini tanishtirmagan o‘zbek muhojiri.

Moskva shahar Bosh tergov boshqarmasida ommaviy zaharlanish hodisasi yuzasidan tekshiruv ishlari boshlab yuborilganini ma’lum qilishdi.

Rossiyadagi turli shirkatlarga yollangan mehnat muhojirlari, odatan, juda og‘ir gigienik sharoitlarda ishlashi, ularga elementar normalarga javob bermaydigan darajada xizmat ko‘rsatilishi tanqid qilib kelinadi.

2013 yilda Moskva Siti qurilishida ishlayotgan 78 nafar mehnat muhojirlari ham ovqatdan ommaviy zaharlanib, shifoxonaga tushgani to‘g‘risida Ozodlik xabar bergan edi.

O‘sha yilning avgustida Sankt-Peterburgda “Pulkovo” aeroporti qurilishida ishlayotgan 400dan ziyod ishchi ham sifatsiz yegulikdan zaharlangan edi. Bu muhojirlarning 70 foizi O‘zbekiston fuqarolari bo‘lgan.

Irkutsk shahridagi Yubileyniy mikrorayonidagi qurilishlardan birida 11 nafar o‘zbekistonlik mehnat muhojiri ovqatga solingan natriy nitritidan zaharlangan edi.

XS
SM
MD
LG