Линклар

logo-print

Xorijliklardan ruslarni ta’riflab berishni so‘rasangiz, ko‘pincha “qat’iy”, “g‘amgin”, “jiddiy” so‘zlarini eshitasiz. Rossiyaliklarni “baxtiyor” so‘zi bilan ta’riflaydigan odamni deyarli uchratmaysiz.

Rossiya rasmiysi bu muammoni yechishning o‘zgacha yo‘lini taklif qildi: mamlakatda Baxtiyorlik vazirligini yaratish kerak.

Bu g‘oya g‘alati eshitilsa-da, Birlashgan Arab Amirliklari (BAA) allaqachon bunday vazirlik yaratish niyatida ekanligini e’lon qilgan.

Prezident Vladimir Putinning yaqin hamkori, Federatsiya Kengashi raisasi Valentina Matvienko BAAga qilgan tashrifi davomida Rossiyada ham bunday vazirlik tuzish kerakligini aytdi.

Dubayda bosh vazir shayx Muhammad bin Rashid al-Maqtum bilan uchrashgan Matvienko 13 aprel kuni rus xabar agentligiga bergan intervyusida bu fikrni Rossiyada ham ko‘rib chiqish lozimligini aytdi.

TASS va “Interfaks” agentliklarining xabar berishicha, Matvienko “Bundan maqsad har bir odamni baxtiyor qilish, baxtiyor maktablarni qurish, har bir fuqaroni baxtli qilish uchun aholiga xizmatlar ko‘rsatishdir”, degan.

Matvienko BAA bosh vaziri “har bir baxtli odam baxtsizlikni baxtga aylantira oladi, baxtli odam terrorist bo‘lishga harakat qilmaydi”, deganini aytgan. “Menimcha, bunday vazirlik Rossiya uchun juda foydali bo‘ladi”, deya so‘zini davom ettirgan Matvienko.

Putinning yaqin hamkori ekani aytiladigan Matvienko Rossiya Qrimni anneksiya qilib olgani uchun AQSh joriy qilgan sanktsiyalar qora ro‘yxatiga kiritilgan.

O‘tgan oyda shimoliy amerikalik hamda britaniyalik tadqiqotchilar BMT qo‘llovi bilan yalpi ichki mahsulot, umr uzunligi, korruptsiya hamda “qaror chiqarish erkinligi” bo‘yicha mamlakatlar reytingini chiqardi. Unga 156 davlat kiritildi.

Tadqiqot natijalariga ko‘ra, Rossia 56-o‘rinda turadi. Mamlakat Polshadan bir pog‘ona baland, Molodova va Qozog‘istondan bir pog‘ona past o‘rinni egalladi.

Qizig‘i shundaki, BAA baxtiyorlik vazirligini tuzishga kirishgan ilk mamlakat emas. Venesuelada bunday idora 2013 yildan beri faoliyat yuritib keladi. Butan Qirolligi esa fuqarolarning baxtiyorligini kuzatib borish uchun uzoq yillardan beri yalpi milliy baxtiyorlik indeksini tuzib keladi.

Rossiya hozirgi kunda duch kelayotgan muammolarni e’tiborga oladigan bo‘lsak, Kremlning BAAdagiga o‘xshash Baxtiyorlik vazirligini tuzishi amri mahol. Agar bunday vazirlik chinda yaratilsa, bu BAA va Rossiya o‘rtasidagi ikkinchi o‘xshashlik bo‘ladi. Bu ikki mamlakat o‘rtasidagi birinchi o‘xshashlik esa ayni damda ularni baxtsiz qilayogan narsa, ya’ni neftga bo‘lgan qaramlikdir.

XS
SM
MD
LG