Линклар

Шошилинч хабар
10 май 2024, Тошкент вақти: 23:54

Rossiyada Vladimir Jirinovskiyga haykal o‘rnatildi


Rossiyada prezidentlikka besh marta o‘z nomzodini qo‘ygan millatchi, rus siyotatchisi Vladimir Jirinovskiy 70 yoshga to‘lganiga bag‘ishlab, uning haykali o‘rnatildi. "Uzun tili" hamda parlamentdagi mushtlashuvlari bilan nom taratgan Jirinovskiy haykalni shaxsan o‘zi ochdi.

Rossiya Liberal-demokratik partiyasi (LDPR) yetakchisining haykali 3 metr bo‘lib, bronzadan yasalgan. Haykal Jirinovskiy 1999 yil asos solgan Dunyo taraqqiyoti instituti maktabi hovlisida qad ko‘tardi.

Uchiga chiqqan millatchi hamda ekspansionizm tarafdori o‘laroq nom chiqargan Jirinovskiy o‘zida yahudiy qoni borligi oshkor bo‘lguniga qadar antisemit ham edi. U o‘ziga haykal o‘rnatishlarini hecham kutmaganini, bu sovg‘adan faxrlanishini izhor qildi. Haykalni tbilisilik haykaltarosh, Rossiya badiiy san’at akademiyasi prezidenti Zurab Sereteli yasagan.

Jirinovskiy o‘z Instagram sahifasida “Sereteli bu sovg‘ani menga olim yoki atlet bo‘lganim uchun emas, balki siyosatchi va partiya lideri bo‘lganim uchun taqdim etdi. Shuning uchun bu haykalni “bronzadan quyilgan LDPR ishi” deya atashni taklif qilaman”, deb yozdi.

Jirinovskiy LDPR partiyasiga Sovet Ittifoqining so‘nggi yillarida asos solgan. LDPR mamlakatning ilk muxolif partiyasi bo‘lgan.

Jirinovskiy o‘z faoliyati davomida turli mojarolari bilan nom chiqargan. Siyosatchi Rossiya prezidentligiga besh marta o‘z nomzodini qo‘ygan. Ko‘rsatgan eng yaxshi natijasi 2008 yil qayd etilgan. O‘shanda saylovchilarning 9,35 foizi unga ovoz bergan. LDPR partiyasi boshida yaxshiroq natija ko‘rsatgan: 1993 yilgi parlament saylovlarida partiya 23 foiz ovoz to‘plagan. Undan keyingi yillarda esa LDPR yaxshi natija ko‘rsata olgani yo‘q.

Siyosatchi saylov kampaniyalari uchun “Jirinovskiy, aks holsa undan battar bo‘ladi” yoki “Jirinovskiy va hammasi yaxshilanadi” kabi o‘ziga xos shiorlarni tanlaydi.

Haykal taqdimotidan keyin rossiyaliklar Twitterda uni mazax qilishdi.

“Moskvada semiz Jirinovskiy ozg‘in Jirinovskiyning haykalini taqdim etdi. Rossiyaning madaniy va siyosiy hayoti shundan iborat”, deb yozdi @StalinGulag hisobi egasi.

“Haykal o‘zingdan aqqliroq chiqqan paytdagi ahvoling”, deb yozdi @Baturyna_Elena.

Boshqalar esa haykal uchun Jirinovskiyning boshqacha obrazini tanlash yaxshiroq bo‘lishini aytdi.

XS
SM
MD
LG