Линклар

Toshkent shahri va viloyati prokuratura tizimlarida kadrlar almashinuvi davom etmoqda. O‘tgan oyda Toshkent shahar prokurori lavozimiga Mira’lam Mirzaev tayinlanishi ortidan poytaxtning Yakkasaroy va Bektemir tumanlari hamda Toshkent viloyati Yangi yo‘l tumani prokurorlari lavozimlaridan chetlatilgani aytilmoqda. Ozodlik manbalariga ko‘ra, ishdan olinganlarning uchalasi ham sobiq bosh prokuror Rashid Qodirovning odamlari bo‘lgan. Qodirov o‘tgan yilning aprelida ishdan olinishi ortidan mamlakat prokuratura tizimida jiddiy o‘zgarishlar ro‘y berdi.

Toshkent shahar Yakkasaroy va Bektemir tumanlari prokurorlari Abdulla Qodirov va Baxtiyor Abduvohidov shu hafta boshrog‘ida ishdan chetlatilgani aytilmoqda. Ozodlik manbasining aytishicha, ular kutilmaganda hech bir tushuntirishsiz lavozimlaridan bo‘shatilgan. Ular bilan bir vaqtning o‘zida Toshkent viloyati Yangi Yo‘l tuman prokurori Husan Ahmedov ham ishidan olindi, deydi manbamiz.

“Ularning ishdan olinishi sabablarini hech kim bilmaydi. O‘zlari uchun ham kutilmagan bo‘ldi. Hammasini chaqirib, arizalaringni yoz, deb aytishgan. Ular ham indamasdan yozib berishgan. Hozir bittasiga ish berishdi. Ikkitasi ishsiz, zahirada turibdi”, deydi Ozodlik manbasi.

Ozodlikning xavfsizlik idoralaridagi boshqa manbasi ham uchta prokuror ishdan chetlatilganini tasdiqladi. Bu manbaning iddao qilishicha, ishdan olingan prokurorlarning uchalasi o‘tgan yili lavozimidan chetlatilgan sobiq bosh prokuror Rashid Qodirovning odamlari bo‘lgan.

“Hammasi Rashid Qodirovning odamlari edi. Qodirov bosh prokurorlikdan ketganidan keyin jiddiy o‘zgarishlar bo‘layotganini bilasiz. Sekin asta u qo‘ygan odamlarni rahbar lavozimlardan olishyapti. O‘tgan oyda shahar prokuraturasiga tayinlangan Mira’lam Mirzaev hozir o‘zining odamlarini qo‘ymoqda. Yakkasaroyda prokuror vazifasini bajarayotgan Ulug‘bek Toshev va Bektemirga vaqtincha prokuror bo‘lgan Sanjar Solihovning ikkalasi Mirzaevning odamlari”, deydi manba.

Uning yana aytishicha, Toshkent viloyati Yangi Yo‘l tumani prokurori vazifasini vaqtincha bajarishga Husanxo‘ja Po‘latxo‘jaev tayinlangan. Tuman sobiq prokurori viloyat prokuraturasining jinoyat ishlari bo‘yicha sud tergovida prokuror vakolatini ta’minlash bo‘limiga o‘tkazilgan.

Rashid Qodirov bir yil avval bosh prokurorlikdan olinganishi ortidan unga sodiq shaxslar lavozimlaridan chetlatilmoqda

Rashid Qodirov bir yil avval bosh prokurorlikdan olinganishi ortidan unga sodiq shaxslar lavozimlaridan chetlatilmoqda

“Husan Ahmedov tuman prokurorligidan viloyat prokuraturasining 12-bo‘limiga o‘tkazildi. Bu uning maqomi jiddiy tarzda pasayganini anglatadi. Viloyatdagi eng yirik tuman prokurori bo‘lgan odam viloyatda sudlarda prokuror vakolatini ta’minlash bilan shug‘ullanadi endi. Yakkasaroyning sobiq prokurori Abdulla Qodirovni ham shahar prokuraturasidagi nazorat bo‘limlaridan biriga o‘tkazishlari mumkin, ya’ni uning ham maqomi ancha pasaytirilishi aytilmoqda. Lekin Qodirov hozircha ta’tilga chiqarib yuborildi. Bektemirning sobiq prokurori Baxtiyor Abduvohidovning taqdiri nima bo‘lishi hozircha noma’lum”, deydi xavfsizlik idoralaridagi Ozodlik manbasi.

Mart oyida Toshkent shahar prokurori Mirzohid Obidov egallab turgan lavozimidan olinib, poytaxt hokimi muovini vazifasiga o‘tkazilgani to‘g‘risida Ozodlik o‘z manbalariga tayanib, xabar qilgan edi.

Shahar prokurori lavozimiga esa O‘zbekiston prokuratura tizimidagi eng nufuzli figuralardan biri hisoblangan Mira’lam Mirzaev tayinlangan edi. Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha, Mira’lam Mirzaev O‘zbekiston Milliy xavfsizlik xizmati raisi Rustam Inoyatovning xotini tarafidan jiyani bo‘ladi.

2015 yilning 20 aprel kuni Respublika Bosh prokurori lavozimini uzoq vaqt egallab kelgan Rashid Qodirov lavozimidan olinganidan keyin prokuratura tizimidagi unga sodiq shaxslar rahbar lavozimlaridan olingani kuzatildi. Qodirovning odamlari ekani iddao qilinayotgan Yakkasaroy, Bektemir va Yangi Yo‘l tumanlari prokurorlarining lavozimlaridan olinishi, sobiq bosh prokuror oilasi bilan Latviyada yashayotgani to‘g‘risida xabarlar paydo bo‘lgan vaqtga to‘g‘ri kelmoqda.

XS
SM
MD
LG