Линклар

Namangan viloyatida militsiya xodimlari darsdan qolib, ko‘cha-ko‘yda tilanchilik qilib yurgan, bozorda arava tortayotgan yoki internet kafelarda vaqtini o‘tkazayotgan geymer o‘quvchilarga qarshi reydlar o‘tkazib, ularni maktabga qaytarmoqda. Viloyat Ichki ishlar boshqarmasi rasmiylariga ko‘ra, dars mashg‘ulotlari payti bozorda o‘nlab bola ushlanib, maktabga qaytarilgan.

Namangandagi "O‘quvchi" tadbiri viloyat xalq ta’limi boshqarmasi, maktablar rahbarlari bilan hamkorlikda o‘tkazilmoqda.

Viloyat Xalq ta’limi boshqarmasining Ozodlik bog‘langan mulozimiga ko‘ra, so‘nggi ikki kun ichida o‘qish chetda qolib bozorda, avtoservislarda ishlayotgan o‘nlab bola aniqlangan va dars mashg‘ulotlariga qaytarilgan:

– Bozorlarga hozir militsiya xodimlari, maktab rahbarlaridan iborat gruppa chiqarilgan. Arava sudragan, savdo qilayotgan, yo‘lda mashina yuvayotgan, tilanchilik qilayotgan bolalar olinyapti, ota-onalariga ogohlantirish berilib, maktabga qaytarilyapti, - dedi Namangan viloyati Xalq ta’dimi boshqarmasining Ozodlik bog‘langan mulozimi.

O‘zbekistonda barcha bolalar va o‘smirlar 12 yillik majburiy ta’limni olishlari shart.

Umumta’lim maktabidagi 9 yillik o‘qishdan so‘ng o‘quvchilar keyingi 3 yil davomida ixtisoslashtirilgan kasb-hunar kollejlari va akademik litseylarda ham tahsil olishi majbur qilib qo‘yilgan.

O‘zbekistonning “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonuni 30-moddasiga muvofiq, ota-onalar bolalarning o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi olishlari uchun javobgardirlar. Bu qonunni buzganlar esa, ma’muriy jazoga tortiladi.

Kuzatuvchilarning aytishlaricha, ko‘p bolalarning maktabdan qolishiga ularning oilaviy ahvoli sabab bo‘layotir.

Jumladan, kam ta’minlangan oilalar bolalarini kiyim-bosh, o‘quv qurollari bilan ta’minlay olmasligi tufayli maktab yoshidagi ko‘plab bola o‘qishdan chetda qolayotgani aytiladi.

Namanganning To‘raqo‘rg‘on tumanidagi maktablardan birida ishlovchi muallimning aytishicha, bolalarning maktabga bormasligiga ota-onalarning bola tarbiyasiga e’tiborsizligi ham sabab bo‘layotir:

- Ba’zi bir o‘quvchilar yetishmovchilik tufayli o‘qish vaqti arava tortib pul ishlashga majbur bo‘lmoqda. Ayrimlarini ota-onalari bunga yo‘l qo‘yib beryapti. Hamma hozir pulni o‘ylaydigan bo‘lib ketdi. Bolasi o‘qimasa ham mayli, pul topib uyiga olib kirsa bo‘ldi. Bolani kelajagi hech kimni qiziqtirmaydi, - deydi ismi sir qolishini istagan to‘raqo‘rg‘onlik muallim.

Namanganlik jurnalist Nosir Zokirning aytishicha, bolalarning maktabga bormasligiga faqat oiladagi nochorlik sabab emas:

- Hozir davomad juda pasayib ketgan. Bunga o‘qituvchilarni o‘zlari ham sababchi bo‘lyapti. O‘quvchini bir nimasini oladi, yoki telefoniga pul tushirib qo‘ysa ham bor ketaver, der ekan-da. Internet kafega kirsangiz bolalar o‘yin o‘ynab o‘tiradi. “Nimaga bu yerda dars vaqti o‘tiribsan”, deb so‘rasam, “qo‘yavering, domlaga aytib qo‘yganman”, - deydi. Hozir nazoratni kuchaytirmasa bo‘lmaydigan bo‘lib qoldi, bolalarni davomadi susayib ketdi, - deydi Nosir Zokir.

Viloyatda maktabga bormayotgan bolalarning aniq soni ma’lum emas.

Namangan hokimligining axborot xizmati boshlig‘i O‘g‘ilxon Boltaboeva Ozodlik bilan suhbatda maktablarda davomad pastligini rad etdi:

”Namanganda o‘quvchilar yuz foiz darsga qatnashyapti”, - deya gapni qisqa qildi Boltaboeva.

Mustaqil kuzatuvchilar esa viloyatda oylab maktabga bormaydigan bolalar borligini aytishadi.

Qishloq joylarida esa ota-onalar o‘z farzanddarini o‘qishdan qoldirib, dala yumushlariga jalb etishi, ular mehnatidan foydalanishi sir emas.

- Maktabda esa muallimlar davomad yaxshiligini ko‘rsatish uchun darsga kelmaydigan o‘quvchilarni ham darsda qatnashgan tarzda ko‘rsataverishadi, - deydi Namanganning To‘raqo‘rg‘on tumanidagi maktablardan birida ishlovchi muallim.

XS
SM
MD
LG