Линклар

logo-print

AQSh harbiy havo kuchlari Boltiq dengizi ustida ​Amerika havo kuchlariga tegishli RC-135 samolyotining Rossiyaga qarashli Su-27 qiruvchi samolyoti tomonidan xavfli darajada yaqin masofada yo‘li to‘silgani haqida xabar tarqatdi. Rossiya Mudofaa vazirligi esa bu xabarni inkor qildi va o‘z samolyoti fazo hududidan xalqaro tartib doirasida foydalanganini ta’kidladi.

AQSh kapitani Denni Ernandesning CNN telekanaliga aytishicha, hodisa 14 aprel kuni sodir bo‘lgan. AQSh tomoni Rossiyaga tegishli Su-27 qiruvchi samolyoti xavfli darajada AQSh harbiy samolyotiga yaqinlashgani va "noprofessional harakatlari bilan" uning yo‘lini kesib chiqqanini ta’kidladi.

Shuningdek, bu bayonotda rus uchuvchisining tartibsiz va agressiv harakatlar qilgani aytildi.

AQSh tomoniga ko‘ra, Amerika harbiylari o‘sha kuni Boltiq dengizi uzra rejalashtirilgan parvozni amalga oshirayotgan bo‘lgan.

Ammo, Rossiya Mudofaa vazirligi AQSh tomoni bayonotiga raddiya berdi. Vazirlik rasmiysi Igor Konashenkovga ko‘ra, Su-27 samolyoti xalqaro normalar doirasida fazo bo‘shlig‘idan foydalangan va AQSh samolyotiga xavf solar darajada yaqinlashmagan.

Rossiya tomoni o‘z uchuvchisi katta tezlikda Rossiya chegarasi tomon yaqinlashayotgan ob’ektni ko‘zdan kechirish uchun unga yaqinlashgani, ammo bunda xalqaro qoidalar doirasidan chiqamaganini ta’kidlamoqda.

Bu ikki davlat harbiylari o‘rtasida bir hafta ichida sodir bo‘lgan ikkinchi jiddiy intsidentdir.

12 aprel kuni ham AQSh harbiy-dengiz floti Rossiyaga tegishli Su-24 bombardimonchi samolyoti va Ka-27 vertolyoti AQShga qarashli "Donalьd Kuk" esminetsi uzra parvoz qilayotgani aks etgan suratlarni chop etgan edi.

AQSh tomoni rossiya harbiy uchoqlari xavfli darajada Amerika kemasiga yaqinlashgani va havoda turli manyovrlarni amalga oshirganini aytgan hamda bunday harakatlardan "jiddiy xavotir" izhor qilgan edi.

Ilk intsident bo‘yicha bayonot bergan AQSh Davlat kotibi Jon Kerri buni qoralagan va Rossiya harbiylarini "xavfli" provokatsiyaga yo‘l qo‘ydi, deb ayblagan edi.

Kerriga ko‘ra, AQSh harbiy kemasi unga o‘ta yaqinlashgan Su-24 samolyotini xalqaro normalarga binoan urib tushirishga haqli edi.

O‘shanda ham Rossiya Mudofaa vazirligi rasmiysi Igor Konashenkov AQShga qarashli "Donald Kuk" harbiy kemasi yonidan uchib o‘tgan samolyotlar xavfsizlik qoidalariga to‘liq rioya qilgan, deb bayonot tarqatgandi.

"Interfaks" agentligi Rossiyaga qarashli SU-24 samolyotlari avvaldan rejalashtirilgan o‘quv-amaliy parvozlarni amalga oshirgani va bu paytda AQSh kemasi Rossiya harbiy-dengiz bazasiga 70 kilometr masofaga qadar yaqinlashganini xabar qilgan edi.

20 aprel kuni Bryusselda bo‘ladigan NATOga a’zo davlatlar uchrashuvida Rossiya va AQSh harbiylari o‘rtasidagi bu ziddiyatning alohida muhokama qilinishi kutilmoqda.

XS
SM
MD
LG