Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 19:25

Oksana Chusovitina yettinchi marta olimpiadada qatnashadi - Rekord!


 Oksana Chusovitina
Oksana Chusovitina

O‘zbekistonlik gimnastikachi Oksana Chusovitina yettinchi marta Olimpiya o‘yinlarida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritdi. 5 avgustda Rio-de-Janeyroda boshlanadigan musobaqa 40 yoshli Chusovitina uchun yettinchi olimpiada bo‘ladi. Bu esa gimnastikada o‘ziga xos rekorddir.

Rio-de-Janeyrogacha olti marta Olimpiya o‘yinlarida Chusovitinadan tashqari bolgariyalik sportchi Yordan Yovchev ishtirok etgan edi. Lekin Chusovitina farzand ko‘rganidan keyin sportga qaytgan antiqa ayol sportchi hisoblanadi ham.

Asli buxorolik Oksana Chusovitinaning katta sportdagi faoliyati bundan 25 yil avval boshlangan. 1992 yilda MDH terma jamoasi safida Barselonada ilk bor yozgi olimpiadada ishtirok etgan Chusovitina oltin medalni qo‘lga kiritgan edi. 2000 yillar boshlarida oiilaviy sabablarga ko‘ra Germaniyaga ko‘chib ketgan gimnastikachi 2008 yilgi Pekin olimpiadasida kumush medalni qo‘lga kiritgan edi.

2012 yilgi London Yozgi Olimpiya o‘yinlarida ham Chusovitina Germaniya jamoasi safida qatnashgan edi. Lekin 2013 yilda uning O‘zbekiston fuqaroligi qayta tiklangan va o‘shandan beri xalqaro musobaqalarda O‘zbekistonni tamsil etmoqda.

Oksana Chusovitinaning London olimpiadasida qatnashgani ko‘pchilikni hayratga solgan edi. Ozodlik bu haqda tayyorlagan maqolani e’tiboringizga havola qilamiz.

London Olimpiadasining yangi rekordlari hali qayd qilinmay turiboq¸ asli o‘zbekistonlik gimnastikachi Oksana Chusovitina¸ olimpiada tarixida o‘ziga xos rekord o‘rnatib ulgurdi. Odatda 20 yoshning nari-berisida professional musobaqalardan chiqib ketiladigan badiiy gimnastika sohasida Oksana bugun oltinchi bor olimpiada bellashuvlarida qatnashmoqda.


Oksana - London mo‘’jizalarining mo‘’jizasi

XXX London Olimpiadasining rasmiy ochilish marosimi boshlanmay turib¸ sportchilar o‘zaro musobaqalarni boshlab yubordi. Payshanba kuni basketbol va futbol bo‘yicha milliy jamoalar bellashuvining birinchi bosqichiga start berildi. Britaniya-Senegal matchiga o‘zbekistonlik Ravshan Irmatov hakamlik qildi.

XXX Yozgi Olimpiada o‘yinlarining rekordchi va medal sohiblari nomlari aniqlanmay turiboq¸ sport ishqibozlari va mutaxassislar orasida shov-shuvga sabab bo‘layotganlardan biri – asli o‘zbekistonlik¸ bugunda Germaniya bayrog‘i ostida London musobaqalarida qatnashayotgan Oksana Chusovitinadir.

Badiiy gimnastika mezonlaridan kelib chiqilsa¸ Oksana katta sportni allaqachon tark etgan bo‘lishi kerak edi. Nari borsa¸ bugun u bellashuv uchun sahnga chiqayotgan sportchilar emas¸ ular murabbiylari o‘tiradigan joyda bo‘lishi mumkin edi.

Ammo o‘z sport kar’erasini sovet O‘zbekistonida boshlagan Oksana¸ butun dunyoni hayratda qoldirib¸ bugun oltinchi bor Olimpiada musobaqalarida ishtirok etmoqda. Bu esa¸ shu paytga qadar gimnastika tarixida misli ko‘rilmagan hodisa¸ Ginnes rekordlar kitobiga kirishga loyiq fenomen.


Oksana siri sirligicha qolishini istamoqda

Payshanba kuni 37 yashar Oksana 12 yashar o‘g‘li Alisher bilan nemis olimpiadachilari safida Londonga keldi. Uni bevosita bilganlar¸ asli toshkentlik bu ayolning¸ o‘zidan 20 yilga yoshroq jamoadoshlaridan-da ko‘proq¸ jiddiy musobaqalarga hozirligiga qoyil qolayotganlarini yashirmaydilar.

Oksananing badiiy gimnastika bo‘yicha nemis jamoasida musobaqalarda qatanashadiganlarning o‘rtacha yoshi 18 atrofida. Ammo yosh odatda muammoga aylanadigan sportning bu sohasida¸ Oksana hamon eng sara sportchi maqomida qolmoqda.

Ko‘p jurnalistlar Oksanaga “Buning siri nimada?” degan savol bilan ko‘p marta murojaat qilgan. Londonga kelishi bilan G‘arb muxbirlari Olimpiadaning bu mo‘’jizasidan yana shuni so‘rashdi.

- Sirimni aytmayman. Balki London o‘yinlaridan keyin aytarman. Balki yo‘q¸ deydi qiziquvchan muxbirlarga yanada sirliroq qilib Oksana.

Mo‘’jiza siri - onalik muhabbati

1975 yilda Buxoroda tug‘ilib¸ badiiy gimnastika bilan shug‘ullanishni ham aynan shu yerda boshlagan Oksana 1992 yilda birinchi bor Barselona Olimpiadasida qatnashib¸ musobaqalarni yettinchilikda tugatdi.

So‘ngra 1996 yilda Atlanta¸ undan keyin 2000 yilgi Sidney Olimpiadasida qatnashdi. Bu o‘yinlarda medal sohibasiga aylanmagan bo‘lsa-da¸ Oksananing qo‘lida 9 oylik chaqalog‘i Alisher bilan xalqaro musobaqalarda qatnashganining o‘ziyoq¸ badiiy gimnastika mutaxassislari tomonidan¸ mislsiz jasorat sifatida baholandi.

Sidney tugagach¸ 25 yashar Oksana katta sportni tark qilishi mumkin edi. Ammo qo‘lidagi go‘dagining saratonning og‘ir ko‘rinishi – oqqonga chalingani¸ sportchi qizning yashirin matonatini bulog‘ini ochib yubordi.

Bolasini davolatish uchun Germaniyaga kelgan Oksana¸ Germaniyadagi musobaqalarda qatnashib¸ yutgani evaziga berilgan pullarni o‘g‘lining muolajasiga to‘lay boshladi.

Alisher tuzalib ketdi va o‘z minnatdorligini izhor qilish yo‘li sifatida Oksana¸ o‘z talantini Germaniya badiiy gimnastika jamoasiga taklif etdi. Shu tarzda u Germaniya fuqaroligi¸ uning asosida milliy jamoasiga qabul qilindi va 2008 yilgi Pekin olimpiadasida 33 yashar Oksana Germaniya bayrog‘i ostida musobaqalarga kirdi.

Oksananing eri Bahodir Qurbonov va o‘g‘li Alisher bugun Toshkentda yashamoqda.

London Olimpiadasi tugashi ortidan Oksana katta sportdan iste’fo berib¸ o‘z oilasi bilan birlashish orzusida.

Ayni paytda¸ Oksana o‘z hayoti timsolidagi mo‘’jizaning Londonda tugashini ham istamaydi.

- Kim biladi. Balki¸ 2016 yilda meni Braziliya Olimpiadasida ham ko‘rishingiz mumkindir¸ deb kuladi sirli qilib Oksana.

XS
SM
MD
LG