Линклар

Andijon viloyatining Izboskan tumanidagi 39-maktab-internat direktori Ulug‘bek Karimov va uning yordamchisi poraxo‘rlikda ayblanib, hibsga olindi. Tuman hokimiyatidagi Ozodlik manbasi direktorning xotini ham hibsga olinganini tasdiqladi. Iddaolarga ko‘ra, tergovda direktor yordamchisining Suriyaga ketgan izboskanliklarga aloqadorligi ham o‘rtaga chiqqan.

Poraxo‘rlik da’vosi

Izboskan tumani Poytug‘ shahridagi manbaning Ozodlikka aytishicha, pora olishda ayblanib, ushlangan maktab direktori va uning yordamchisini hibsda saqlash muddati uzaytirilgan:

"Ular aprel oyi boshlarida ushlangan edi. Hozir hibsda saqlash muddatini cho‘zishgan. Pora olishda ayblangan, lekin hozir boshqa ayblovlar ham qo‘yilishi mumkin, deyishyapti", dedi manba.

Ozodlik Izboskan tumanidagi mahalliy hokimiyat idoralariga bog‘lanib, maktab-internat direktori ayni paytda hibsda ekanini tasdiqlashga muvaffaq bo‘ldi.

"Hozir u kishini olib kirib qo‘yishgan. O‘zi sal oldin xotinini ham qamab qo‘yishgan edi. O‘zini shu pora bilan ushlandi, deyishdi. Xotini esa chegarani noqonuniy kesib o‘tgani uchun ushlangan deyishdi. Shu oy boshida ushlangan Ulug‘bek aka. Chiqadi-chiqadi, deyishgandi 15 kunda. Lekin chiqarishmadi, endi uzoq qoladi shekilli. Biror aniq gap yo‘q-da hozir", dedi Izboskan tumanidagi mahalliy hokimiyat idoralaridan birining o‘zini tanishtirmagan xodimi.

Suriyaga oid iddao

Ozodlikka ma’lumt sizdirayotgan manba iddaosiga ko‘ra, bu xabarni u Andijon viloyati MXX tizimiga yaqin manbalardan olgan:

"Men MXXda ishlaydigan odamlarning qo‘shnilaridan oldim bu ma’lumotni. Hozir endi hamma gap Karimovning yordamchisi ustida ketayapti. Pora ishi hozir hech narsa bo‘lmay qolayapti. Chunki, avvaldan o‘zi tergov borayotgan bo‘lgan, Izboskandan Suriyaga ketganlarga aloqadorlar ustidan. Hozir mahallalarda Suriyada yurgan 5ta izboskanlik yigitning videosini ko‘rsatishyapti. Endi shu yigitlarga aloqasi borlar sekin-sekin olinyapti. Shu yordamchini shu ishga aloqasi bor, deyishyapti", dedi manba.

Ozodlik Izboskan tumani Xalq ta’limi bo‘limi, hokimiyati va 39-maktab ma’muriyatidan MXXga yaqinlinigini iddao qilgan manbadan olingan iddaolar bo‘yicha biror ma’lumot ololmadi. Xususan, 39-maktab jamoasidan Ulug‘bek Karimovning pora bilan ushlangani haqidagi ma’lumotdan boshqa ma’lumot yo‘qligi haqida javob oldi.

Suriyaga ketgan izboskanliklar

Izboskanlik manbalardan olingan ma’lumotga ko‘ra, mahalla qo‘mitalari va mahalliy hokimiyat vakillari ishtirokidagi davra suhbatlari, yig‘ilishlar chog‘ida namoyish qilinayotgan hujjatli filmda Chuvama qishlog‘i va Poytug‘ tumanidan Suriyaga ketgani iddao qilingan 20-30 yoshlar oralig‘idagi izboskanlik yigitlarning jang maydonlaridagi suratlari, videolari namoyish qilinmoqda.

"Men o‘z ko‘zim bilan ko‘rdim, chuvamalik ikkita yosh aka-uka ketgan, deb ko‘rsatishdi televizordayam. Ularning ota-onasini shaxsan taniyman. Boqijon aka va Gulnoza opa, deganlarning o‘g‘illari. O‘zi bu bolalar Rossiyaga ishlagani ketgan ekan, endi tushunishimcha, har xil yigitlarga qo‘shilib, Turkiyaga ketib qolishgan ekan. Endi melisa bular Suriyada, deyaptiyu. Ota-onasi yaxshi yurishibdi, hozir. Bechoralar bolalari uchun aybdor, bo‘lib qoldi-da. Bo‘lmasa, kim xohlaydi bolasining urushga yuborishni?!" deydi ismini sir saqlagan izboskanlik ayol.

U yaqinlari Suriyaga ketgani bois, hibsga olinayotgan yoki so‘roqqa tutilayotgan izboskanliklar haqida eshitmagani, ammo mahalla-ko‘yda ham bunday oilalar ortidan nazorat kuchayganiga guvoh bo‘lganini qo‘shimcha qiladi.

IShIDga bog‘langan sazoyilar

Keyingi paytlarda O‘zbekiston bo‘ylab IIV va MXX tomonidan Suriyaga ketgani aniqlangan yoki da’vo qilinayotgan shaxslarining yaqinlari ustidan bosim kuchaytirilgani, mahalla qo‘mitalarida esa bunday oilalar, hatto, sazoyi qilinayotgani kuzatilmoqda.

Asosan, juma kunlari o‘tkazilayotgan ushbu tadbirlarda diniy ayblovlar bilan qamalgan, shu ayblov bilan yaqinda hibsga olingan va ushbu ayb bilan qidiruvga berilganlarning qarindoshlari uchastka noziri tomonidan olib kelinib, mahalla-kuydan kechirim so‘rashga majburlangani xabar qilingan.

O‘tgan yilning yozidan boshlab butun mamlakat bo‘ylab IShIDga qarshi targ‘ibot tadbirlari boshlangan. MXX yig‘inlaridan tashqari mahalla faollari uyma-uy yurib, IShID zo‘ravonliklari, vahshiy qotilliklari va unga qo‘shilish oqibatlari haqida tushuntirish ishlari olib bormoqda.

Ayni paytda Suriyaga ketgani aniqlangan yoki huquq-tartibot idoralari tomonidan da’vo qilingan shaxslarning yaqinlarini hibsga olish hollari Toshkent shahri va viloyati, Farg‘ona viloyatida kuzatilgani haqida Ozodlik xabar bergan edi.

XS
SM
MD
LG