Линклар

logo-print

1994 yili Toshkent shahar sudi tarafidan uyushgan jinoyatchilikda ayblanib, 15 yilga ozodlikdan mahrum qilingan 59 yoshli Shuhratilla Nosirovning yaqinlariga ko‘ra, uni yana "raskrutka" qilishmoqchi. 23 yildan beri qamoq jazosini o‘taëtgan Shuhratilla Nosirovni Jasliq qamoqxonasida borib ko‘rgan yaqinlari mahkumning qo‘shmcha qamoq muddati joriy yilda tugashi kerak, lekin uning umrbod qamoqda qolishi mumkinligidan xavotirlanishayotganini aytishmoqda.

Toshkentliklar orasida Shuhrat "Dombrabadskiy" laqabi bilan tanilgan mahkumning jazo muddati 2009 yil sentyabr oyida tugagan bo‘lsa-da, unga yana qamoq muddati qo‘shib berilgan edi.

Mahkumning o‘zini Shahnoza, deb tanishtirgan kelini Ozodlik bilan suhbatda o‘z qaynotasining umrbod tutqunga aylanganidan xavotir bildirdi:

- Bir kishi qo‘ng‘iroq qilib, Shuhrat aka Nosirovni, ya’ni adamizlani "raskrutkaga" tayyorlamoqda¸ deb aytdi. U kishi adamizlani nomidan qo‘ng‘iroq qilganini aytib, harakatingizni qilinglar deb tayinladi. 2009 yilgi "raskutkada" muddat qo‘shilganidan keyin adamiz 2016 yilning 18 avgustida muddati tugab ozodlikka chiqishi kerak edi. Jazoni oldin Navoiydagi Qiziltepa qamoqxonasida o‘tadi¸ keyin esa Jasliqqa o‘tkazildi¸- deydi Mahkumning kelini Shahnoza.

MXX nazoratidagi mahbus

Yaqinda qamoqdan ozod bo‘lgan sobiq mahkumning shaxsi sir qolishi sharti bilan Ozodlikka ta’kidlashicha¸ "Shuhrat "Dombrabadskiy" O‘zbekiston prezidenti topshirig‘iga ko‘ra¸ MXXning qattiq nazorati ostida qamoqda saqlanmoqda".

Shuhrat "Dombrabadskiy" qancha kerak bo‘lsa, shuncha raskrutka qilinadi, deya ta’kidladi suhbatdosh.

Uning aytishicha¸ Shuhrat "Dombrabadskiy" prezident bilan hajga borganidan keyin Jasliqning umrbod tutquniga aylanishi aniq bo‘lgan.

"Hozirgilar bilmasa ham kerak¸ 90-yillarda uyiga o‘g‘ri tushgan yoki mashinasini o‘g‘irlatgan odamlar militsiyaga emas, Shuhrat "Dombrabadskiy"ga murojaat qilar edi. Chilonzordagi “Novza” masjidi ichida razborka qilib adolatni qaror toptiradigan kishi edi. Qamoqda ham izzat hurmati baland", deydi manba.

15 yillik hukm bilan 23 yil o‘tirgan mahbus

1994 yili Toshkent shahar sudi tarafidan uyushgan jinoyatchilikda ayblanib, 15 yilga ozodlikdan mahrum qilingan Shuhratilla Nosirov hanuz Jasliq qamoqxonasida saqlanmoqda.

Qo‘limizda Toshkent shahar jinoyat ishlari sudining 1994 yil 29 sentyabrida o‘qilgan hukmi bor. Bu hukm indallosida hozirda 59 yoshga to‘lagan Nosirov talonchilik, uyushgan jinoyatchilikda ayblangan.

Shuhratilla Nosirovni 15 yil ozodlikdan mahrum etish haqidagi 21 varaqlik hujjatda mahkumning qilmish tafsilotlari aks etgan.

Hukmga ko‘ra, Nosirxon masjidi mutavallisi Shuhratilla Nosirovning uyidan 10 dona o‘q, 1 dona granata va 2 grammdan ko‘proq narkotik modda chiqqan. Shuningdek, sud tergovi mobaynida Nosirov tarafidan “Toshkentmarmar” shirkatidan Nosirxon masjidi qurilishi uchun olingan marmarga oid hujjatlarida noaniqlik bo‘lgan. Sud hukmida Nosirovning avtomobillarni o‘g‘irlab, mukofot puli evaziga qaytarib bergani uyushgan jinoyatchilik sifatida malakalangan.

Sud raisi Nazarova T.X. hakamligida o‘tgan bu mahkama Shuhratilla Nosirovning mol-mulkini musodara qilish haqida ham ajrim chiqargan.

"Nosirov Shuhratdan musodara qilingan bir dona granata, 10 dona o‘q O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligiga qaytarilishi lozim", deyiladi hujjatda.

Hukm bilan tanishgan va ismi oshkor etilishini istamagan huquqshunosning aytishicha¸ Shuhratilla Nosirovga bu ayblar asosida 15 yil berilishi mantiqan to‘g‘ri emas:

- Hukmning 10 ta patron¸ granata va nasha qismi o‘ta ishonchsiz va guvohlar ko‘rsatmasi bilan isbotlanmagan. Bu "dalil-isbot"ning militsiya tomonidan tashlab qo‘yilgani hukmdan bilinib turibdi. Boshqa tarafdan qarasak, ayni aybnoma bilan bir odamni 23 yildan ortiq tutqunlikda ushlab turish huquqiy jihatdan ham, oddiy insof yuzasidan ham noto‘g‘ri,- deydi huquqshunos.

Ozodlik muxbiri O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi Jazoni ijro etish bosh boshqarmasiga telefon qilib, “Jasliq” qamog‘idagi 59 yoshli Shuhratilla Nosirovga yana qamoq muddati qo‘shib berilishi ehtimoli borasida izoh so‘radi. Boshqarma mulozimi bunday ma’lumot Nosirovning yaqinlariga berilishini aytdi.

XS
SM
MD
LG