Линклар

Putin tanqid qilgan Qodirov o‘zini oqlashga urindi


Ramzan Qodirov Vladimir Putinga tanqidiy fikrlari uchun minnatdor ekanini bildirdi

Ramzan Qodirov Vladimir Putinga tanqidiy fikrlari uchun minnatdor ekanini bildirdi

Vladimir Putin rossiyaliklar bilan jonli muloqoti davomida Rossiyaning ayrim mintaqalari rahbarlari “muxolifatchilar orasida xalq dushmanlarini izlayotganini” aytib, ularni tanqid qilganidan keyin Checheniston Prezidenti Ramzan Qodirov o‘zini oqlashga urindi.

Qodirov o‘z Instagram sahifasida ba’zan hissiyotga berilishini, leking “Rossiyaning ashaddiy dushmanlariga qarshi kundalik kurashda” o‘zini qurbon qilayotganini yozdi.

Yanvar oyida Qodirov Rossiyaning sobiq bosh vaziri va hozirda muxolifat lideri bo‘lgan Mixail Kasyanov mergan miltig‘i mo‘ljalida tasvirlangan videoni Instagram sahifasida e’lon qilgan edi.

Putin tanqidi ortidan Ramzan Qodirov bu videoni “hazil” deb atadi. Qodirov muxolifatchilarni “sotqin” va “xalq dushmani” deb ataydi va ularga tahdid qilib keladi.

“Men o‘zimning diplomatik ta’limimni Rossiyaning ashaddiy dushmanlariga qarshi kundalik kurashda olganman. Bu kurash davomida eng yaqin va qadrdon qarindosh, do‘stu birodarlarimni yo‘qotganman. Fikrimni izhor qilayotib, ba’zan hissiyotga berilishimning sababi ham shudir”, deb yozdi Qodirov.

Qodirovning otasi Ahmad Qodirov ham 2004 yilda bomba portlashi oqibatida halok bo‘lguniga qadar Moskva qo‘llovi bilan Chechenistonga yetakchilik qilgan.

Mergan nishoniga olingan Kasьyanov tasvirlangan video haqida Qodirov “Bu hazil, obrazli ifoda edi. Unda hech kimga qarshi hech qanday tahdid yo‘q edi, bo‘lishi ham mumkin emas edi,” deb yozdi.

Qodirov Putinga tanqidiy fikrlari uchun rahmat aytdi va “Rossiya hamda buyuk mamlakatimiz manfaatlari uchun” kurashishda davom etishga so‘z berdi.

14 aprel kuni bo‘lib o‘tgan jonli muloqot davomida Putin “Umid qilamanki, Checheniston yetakchilari ham, Rossiyadagi boshqa mintaqalar yetakchilari ham o‘z respublikalari va butun Rossiya xalqi oldidagi mas’uliyatlarini anglab etadilar. Ularning o‘z raqiblariga qaratilgan bunday bayonotlari mamlakatimizda barqarorlikka olib kelmaydi. Aksincha, barqarorlikka putur etkazadi”, dedi.

Rossiya prezidenti Qodirovni Moskvaga sodiqligini maqtab ham o‘tdi. Putin Qodirov boshida chechen ayirmachilari bilan birga “bizga qarshi o‘rmonda jang qilganini” unutmasligimiz kerak, dedi.

Ko‘pchilik Chechenistonda inson huquqlarining jiddiy tarzda buzilishi, jumladan, odam o‘g‘irlashlar, bedarak yo‘qolishlar, qiynoqlar va siyosiy raqiblarning o‘ldirilishida Qodirovnng qo‘li borligini aytib keladi.

Qodirovga aloqador odamlar 2015 yil fevralida muholifatchi Boris Nemsovni o‘ldirganlikda ayblanib, javobgarlikka tortildi. Qodirov bu ishda qo‘li borligini rad etca ham, ayblanuvchilarning biri Zaur Dadaevni “chinakam vatanparvar”, deya maqtagan edi.

Qodirov ixtiyorida tish-tirnog‘igacha qurollangan 30 ming askardan ibirot armiyasi bor.

XS
SM
MD
LG