Линклар

logo-print

Rossiya Tergov qo‘mitasi rahbari Aleksandr Bastrikin "Qrim referendumi natijalarini inkor etish" va "tarix sahifalarini qayta ko‘rib chiqish urinishlari"ni “ekstremizm” deb e’lon qilishni taklif etdi. “Kommersant Vlast” nashrida e’lon qilgan maqolasida bosh tergovchi Internetda senzura joriy etishni ham taklif etdi.

Rossiya Tergov qo‘mitasi boshlig‘i Aleksandr Bastrikin o‘z ta’biri bilan AQSh va ittifoqchilari tomonidan Rossiyaga qarshi “e’lon qilingan gibrid urushi”ga “keskin, adekvat va mutanosib javob qaytarishga” chaqirdi.

Bu haqda u “Kommersant Vlast” nashrida 18 aprel kuni e’lon qilgan maqolasida gapirdi.

- 2015 yilda Rossiyada ekstremistik va terrorchilik yo‘nalishidagi jinoyatlar sonining o‘sishi kuzatildi. Xususan, 1329-ta ekstremistik kayfiyatidagi jinoyatlar sodir etildiki, bu 2014 yilga nisbatan 28,5 foizga ko‘proqdir. Ekstremistik faoliyat yuritgan tashkilotni tuzish bilan bog‘liq 42 jinoyat qaydga olindi (o‘sish 2,4%). Shuningdek, terrorchilik ruhida sodir etilgan jinoyatlar soni Rossiya Federatsiyasi hududida 36,3 foizga o‘sib, 1538ga etdi, deb yozdi Bastrikin.

Uning fikricha, G‘arbning “gibrid urushi” siyosiy, iqtisodiy, axborot va huquqiy sohalarda olib borilmoqda hamda sanksiyalarning joriy etilishi rublning devalvatsiyasiga olib kelgan. Biroq Bastrikin Rossiya uchun eng xatarlisi “axborot urushi” ekanini ta’kidladi. Bu urushning “instrumentlari” - xalqaro huquq va unga asoslangan adliyadir, deya ta’kidladi u.

Tergov qo‘mitasi boshlig‘i shuningdek “tarixiy faktlarga oid ma’lumotlarni qalbakilashtirilgani”ni qoralab, Rossiyaning 2014 yilda Qrimni anneksiya qilganiga doir har qanday tanqidni qonun bilan jazolashga chaqirdi.

- Ekstremizmga qarshi kurash maqsadida quyidagi choralar taklif etiladi. Davlatning mafkuraviy siyosati kontseptsiyasini yaratish o‘ta muhimdir. Uning negizi etib butun ko‘pmillatli rus xalqini birlashtiruvchi “milliy g‘oya” bo‘lishi mumkin. Yoshlarni qurolli ekstremizmga qarshi kurash dasturiga faol jalb qilish lozim. Nazorat va boshqaruvchi idoralar kuchlari yordamida barcha diniy, milliy-madaniy va yoshlar tashkilotlarini federal qonunchilikka mosligi yuzasidan ommaviy taftishdan o‘tkazish zarur, ma’lum qildi Aleksandr Bastrikin.

Mutassaddi Xitoydagi kabi, internet provayderlar uchun yagona qoidalar ishlab chiqishni, Internetga kirish mumkin bo‘lgan “jamoatchilik joylarida” ekstremistik materiallarga to‘siq qo‘yuvchi filьtrlar o‘rnatishni taklif etdi.

Shuningdek, u xorij rezidentlari bo‘lgan elektron OAVlar to‘laligicha yopilishi kerakligini bildirdi.

Bastrikin yuqorida zikr etilgan takliflar asosida allaqachon federal qonunlarga o‘zgartishlar ishlab chiqilganligini ma’lum qildi.

Qizig‘i, o‘tgan yil avgustida VTsIOM ijtimoiy markazi o‘tkazgan so‘rovga ko‘ra, 49 foiz rossiyalik Internet tsenzura qilinishi tarafdori ekanini bildirgan. So‘rovda ishtirok etgan ruslarning 58 foizi esa mamlakatda siyosiy vaziyat og‘irlashishi jarayonida Internetning mutlaqo o‘chirilishiga tayyor ekanini qayd etdi.

Ayni paytda, rossiyalik respondentlarning 11 foizigina Internet qo‘shimcha nazoratga muhtoj emasligi to‘g‘risida fikr bildirgan.

XS
SM
MD
LG