Линклар

Шошилинч хабар
05 май 2024, Тошкент вақти: 04:29

Qirg‘izistonda dehqonlar nos taqiqlanishiga qarshi norozilikka chiqdi


Qirg‘izistonning Botken viloyatida tamaki yetishtirib, nos sotib tirikchilik qiladigan 200dan ortiq dehqon mamlakatda nos taqiqlanishiga qarshi norozilik bildirdi. Shu kunda Qirg‘iziston parlamentiga mamlakat bo‘ylab nosvoyning tayyorlanishi va sotilishini taqiqlovchi qonun loyihasi taqdim qilingan.

Botkendagi Qishtut qishlog‘idan saylangan deputat Bakitbek Muratovga ko‘ra, tumandagi Dara va Qishtut qishloqlari aholisining asosiy tirikchiligi aynan tamakidandir:

- Bularga tomorqa uchun berilgan yer hajmi juda oz bo‘lgani uchun, boshqa ekin ekishga sharoiti yo‘q bularning. Bularning asosiy daromad manbai shu qora tamakidan,- deydi deputat.

Hokimiyatga borgan dehqonlar ushbu qonunning qabul qilinishiga qarshiligini bildirgan. Ozodlik qirg‘iz xizmati muxbirlariga ko‘ra, mahalliy hokimiyat rasmiylari esa hozircha qonun loyihasi muhokamada ekani, qabul qilinmagani, shunday bo‘lsa-da, bu murojaatni rasmiylashtirib parlementga yo‘llashini aytib, dehqonlarni tinchlantirgan.

Botken viloyatida yiliga 1 ming gektar yerga tamaki ekiladi va dehqonlar bir yilda 400 million so‘mga qadar daromad oladi. Qirg‘izistonda tamakining sariq va qora turlari etishtiriladi. Sariq tamakidan sigaret, qora tamakidan esa nos tayyorlashadi.

Shu oy boshida Qirg‘iziston parlamentidagi "Respublika - Ota jurt" partiyasi fraksiyasi deputati Mahabat Mavlanova mamlakatda nosvoyni taqiqlash haqidagi tashabbus ortidan ishlab chiqilgan qonun loyihasini parlamentga taqdim qilgan edi.

"Qirg‘iziston respublikasi fuqarolarini tamakining zararli oqibatlaridan himoya qilish" deb nomlangan qonunga o‘zgartishlar kiritish haqidagi loyihada mamlakatda nosvoyni tayyorlash, mamlakatga olib kirish va sotishni taqiqlash ko‘zda tutilgan.

24kg saytiga intervyu bergan deputatga ko‘ra, bugungi kunda tarkibida nikotin moddasi bo‘lgan nosning zararli ekani ilmiy jihatdan isbotlangan va bu vosita ham taqiqlanishi lozim.

"2006 yilda qabul qilingan va hozir tahrir qilinishi ko‘zlangan qonunda nos "tutunsiz tamaki mahsuloti" deyilgan. Aynan shu qonunda ishlab chiqarishni legallashtirish, tutunsiz tamaki mahsulotlarini sotish va aksiz solig‘ini solish normasi ko‘rsatilgan. Lekin, Vazirlar mahkamasi aynan nosvoyning ishlab chiqarilishi va sotilishi bo‘yicha soliq tizimini ishlab chiqqani yo‘q", deydi Mahabat Mavlanova.

Ayni paytda deputat uy sharoitida - gigiena qoidalariga rioya qilinmagan holda tayyorlanadigan tamaki mahsulotini yoshlar va bolalar ham iste’mol qilayotganidan jiddiy xavotir bildirdi.

"Ayrim hollarda nos tarkibida tovuq va boshqa hayvonlar axlati, kul, ohak, yelim, aromatizatorlar, yog‘, tamaki kukuni bo‘lishi mumkin. hayvonlar axlati qo‘shilgani bois ham uni iste’mol qilganlar har xil ichak infeksiyalari yoki parazitlar bilan kasallanishi, gepatit virusini yuqtirishi mumkin", deydi deputat.

Hozir Jo‘g‘o‘riqu Kenesh muhokamasiga kiritilgan qonun loyihasiga ayrim narkologlarning nos sigaretdan ko‘ra zararliroq mazmunida bergan ma’lumotnomalari ham tirkalgan.

Qirg‘iziston Fanlar akademiyasining O‘shdagi tibbiyot muammolar instituti esa muntazam nos iste’mol qilgan erkaklar bepusht bo‘lib qolishi mumkinligini aniqlagani xabar qilingan.

Hozir Markaziy Osiyoning O‘zbekistondan boshqa barcha respublikalarida nosni taqiqlash yoki cheklash chora-tarbirlari ko‘rilgan. Jumladan, 2008 yilda Turkmaniston prezidenti o‘z farmoni bilan nosni taqiqlagan, 2011 yildan boshlab esa Qozog‘istonda nos narkotik hamda psixotrop moddalar tarkibiga kiritilgan. Tojikistonda ham nos taqiqlangan. Rossiya hududida nos savdosi taqiqlangan.

Xususan, “O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasi Rossiya so‘roviga asosan bu mamlakatga nos olib kirishni cheklagan va kishi boshiga 250 grammlik cheklov joriy qilgan edi.

“Ko‘rsatilgan miqdordan oshgan bu turdagi mahsulot musodara etiladi va yo‘q qilinadi”, deyilgan edi milliy aviakompaniyaning matbuot markazi tarqatgan xabarnomada.

XS
SM
MD
LG