Линклар

Шошилинч хабар
02 май 2024, Тошкент вақти: 02:25

Eronda odob-axloqni nazorat qiluvchi yashirin politsiya bo‘limi tashkil etildi


Eronlik politsiya xodimi ko‘chada ketayotgan ayolga hijobi shariatga muvofiq o‘ralmagani yuzasidan tanbeh bermoqda.
Eronlik politsiya xodimi ko‘chada ketayotgan ayolga hijobi shariatga muvofiq o‘ralmagani yuzasidan tanbeh bermoqda.

Eron rasmiylari mamlakat poytaxtida fuqarolarning odob-axloqini nazorat qiluvchi va qoidalarga rioya qilmaganlar haqida rasmiylarga xabar beruvchi maxfiy politsiya bo‘limini tashkil etishdi.

Tehron politsiyasi yetakchisi Husayn Sajediniya 7000 ga yaqin agent “paranjidan noto‘g‘ri foydalanish, avtomobillar ichida paranjini olib tashlash” hamda shovqin solish va mashinani ehtiyotsiz haydash hollariga e’tibor qaratishini bildirdi.

Mizan Online rasmiy xabar agentligiga ko‘ra, Sajediniya maxfiy agentlar fuqarolarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri ogohlantirmasligini aytgan: agentlar qoidani buzgan shaxs mashinasining nomerini politsiya xodimlariga SMS orqali yuborishadi. Buning ortidan politsiya xodimlari tegishli choralarni ko‘rishadi.

Rasmiylar buni ochiqchasiga aytmayotgan bo‘lsa-da, aftidan yangi choralar faqat ayollarga qaratilgan.

1979 yilgi islomiy inqilobdan beri mamlakat rasmiylari zo‘r berib aholini konservativ kiyinishga chaqirib keladi. Ammo qo‘lga olishlar, jarimalar, tahdidlarga qaramasdan ko‘pchilik eronlik ayollar, xususan, Tehron va boshqa yirik shaharlarda yashovchi ayollar kichik qars, pardoz-andoz, qisqa palto va tor shimlardan voz kechmay keladi.

2014 yilning iyunida Eron parlamenti a’zolari “o‘ta tor legginslar” muammosini muhokama qilgan edilar.

Sajediniyaning e’lonini mamlakat ichidagi va tashidagi eronliklar tanqid qildi. Ularga ko‘ra, yangi chora hukumatning fuqarolar hayotiga aralashishiga qaratilgan yana bir qadamdir.

Twitter foydalanuvchilaridan biri “Katta aka seni kuzatyapti”, deb yozdi.

“Haddan ziyod xavfsizlik xavf keltirishi mumkin”, deb yozdi yana bir eronlik.

“Meni Eronni tashlab etishga majbur qiladigan yagona narsa hijobdir”, deb yozdi tehronlik boshqa bir ayol.

Mizan Online nashri yangi bo‘limning a’zolari ekanligini aytilayotgan shaxslarning suratlarini e’lon qildi. Buning ortidan ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari Eron maxfiy agentlarining surati Internetga yuklangan yagona davlat ekanligini aytib, mamlakat rasmiylarini mazax qilishdi.

Ayrimlar yangi politsiya bo‘limining yaratilishi prezident Hasan Ruhoniyning fuqarolar erkinliklarini oshirish bo‘yicha bergan va’dalariga zid ekanligini aytishdi.

Gulnoz Isfandiyoriy maqolasi

XS
SM
MD
LG