Линклар

logo-print

Qirg‘izistonning Olabuqa tumanidagi Qajar qishlog‘i aholisi Suriyaga borgani iddaosi bilan qishloqda yashovchi Mavluda Sharipova oilasining ko‘chib ketishini talab qilmoqda. Biroq Mavluda Sharipova Ozodlik bilan suhbatda Suriyaga bormaganini aytdi. Unga ko‘ra, qishloqdagi voqealarga uning sobiq qudasi bilan yuzaga kelgan kelishmovchiliklari sabab bo‘lmoqda.

Olabuqa tumani Baltagulov qishloq kengashi deputatlari navbatdagi sessiyada Qajar qishlog‘i yashovchilarining Mavluda Sharipova oilasini majburan boshqa yerga ko‘chirish to‘g‘risidagi talabini muhokama qiladi.

Bundan avval ham Sharipovlar oilasini qishloqdan ko‘chirish harakati bo‘lgan edi. Hamqishloqlari Sharipovlar oilasini Suriyadagi janglarda ishtirok etganini iddao qilib, qishloqdan haydash talabi bilan miting ham o‘tkizgan edi.

Qajar qishlog‘i aholisi o‘tgan haftada bu masalada yana qishloq hukumati va qishloq kengashiga murojaat yo‘llagan.

43 yoshli Mavluda Sharipova Ozodlik radiosiga o‘zining Suriya bilan bog‘liqligi to‘g‘risidagi gap-so‘zlar uydirma ekanini aytdi. Unga ko‘ra, u qishloq aholisi va militsiya xodimlariga o‘g‘lining Rossiyada, kuyovining Turkiyada ishlayotganini aytib, ularga telefon nomerlarini bergan. Bundan tashqari:

- O‘g‘lim bilan gaplashtirmadim, biroq uning telefon nomerlarini berganman. Biroq erim bilan gaplashgan gaplarimni qo‘yib eshtirganman. Ishlagan, yashagan joylarini videoga olib: “Men yaxshiman, xavotir olmanglar, ishlayapman, pul yuborib turaman, yaxshi yashab, yaxshi tirikchilik qilib o‘tiringlar”, degan videolarini to‘laligicha huquq organlari xodimlari va hamqishloqlarimga qo‘yib berganman, ko‘rishgan, eshtishgan, -deydi Mavluda Sharipova.

Uning aytishicha, bu voqealarga uning sobiq qudalari sabab bo‘lmoqda. Unga ko‘ra, o‘tgan yilning mayida kuyovi Rossiyaga ishlagani ketgan. Qudasi esa o‘g‘il nevarasini o‘zi bilan olib qolib, kelinini qiz farzandiga qo‘shib ota uyiga tashlab ketgan. Bir necha oydan so‘ng kuyovi Rossiyadan qaytgach, uni boshqa qizga uylantirishadi. Mavluda opa qudasidan o‘g‘il nabirasini ham qaytarishni talab qilgan. Shundan so‘ng quda tomoni qishloqda Sharipovlar oilasi Suriyaga bormoqchi bo‘lganini aytib, bu olilani qishloqdan xaydash tashabbusini ko‘targan. Hozir Mavluda Sharipova qudalaridan nabirasini qaytarib olish maqsadida advokat yollagan.

-Hozir bu bo‘yicha xalq orasida tushuntirish ishlari olib borilmoqda. Shu hafta qishloq kengashida mazkur masala ko‘rib chiqiladi. Mahalliy hukumat ularni ko‘chirish talabiga rozi emas. Shu sababli qishloq kengashi sessiyasida deputatlardan yana bir imkon berishini so‘raymiz. Biroq Sharipovlarni ko‘chirish masalasini deputatlar ham hal qilolmaydi, sud orqaligina hal qilinishi mumkin. Hozir biz vaziyatni hal qilishga harakat qilyapmiz, - deydi qishloq hukumati rahbari Mamadali Parpiev.

Jalolobod viloyat Ichki ishlar boshqarmasi Mavluda Sharipovaning 23 yoshdagi o‘g‘li Suriyaga ketganini va u yerdagi janglarda ishtirok etayotgani to‘g‘risida ma’lumot tarqatgan. Mavlyuda Sharipovaning turmush o‘rtog‘i, 53 yoshli Xayrullo Mahmudov o‘tgan yilning may oyida o‘g‘lini izlab Turkiyaga ketgan, keyinchalik u oilasini tanishlari orqali o‘z oldiga chaqirgan.

Mavluda Sharipova uch qizi va nabirasini olib, ikki marta Turikyaga borishga harakat qilgan. Birinchi safar u O‘sh aeroportida qo‘lga olingan. Ikkinchi marta Sharipova Moskva orqali Turkiyaga ketgan. Ko‘p o‘tmay Turkiyadan Qirg‘izistonga deportatsiya qilingan. O‘shandan boshlab qishloq aholisi bu oilani qishloqdan ko‘chirish talabini ko‘tarib kelmoqda.

Biroq Mavluda Sharipova ular Turkiyaga faqat oila a’zolarini ko‘rish uchun borganini aytmoqda. Ketayotganida ham 11 kun muddatga borish va qaytish uchun chipta olgan.

Qajar qishlog‘ida asosan qirg‘izlar istiqomat qiladi. Sharipovalar qishloqdagi yagona o‘zbek oilasidir. Mavluda Sharipova “Bo‘layotgan voqealarda millatchilik ruhi yo‘qmi?” degan savolga quydagicha javob berdi.

- O‘zlari biladi, balki ichlarida millatchilik qilishayotgandir, bilmadim. Ammo mening o‘zimga millatchilik qilib: “Sen o‘zbeksan”, deyishmadi, - deydi Mavluda Sharipova.

XS
SM
MD
LG