Линклар

25 yil muqaddam O‘zbekiston Oliy Kengashining tarixiy yettinchi sessiyasida prezident Karimovni keskin tanqid qilgan sobiq deputat Shuhrat Nusratov qamoqdan ozod etilgan. 69 yoshli sobiq deputat 2012 yilda iqtisodiy jinoyatlarda ayblanib yetti yilga qamalgan va Navoiy koloniyasida jazo muddatini o‘tayotgan edi.

Ozodlik manbalariga ko‘ra, Shuhrat Nusratov dushanba kuni muddatidan oldin ozodlikka chiqarilgan.

Nusratov O‘zbekiston rahbari Islom Karimovga qarshi keskin tanqidiy chiqishlari bilan tanilgan edi.

1991 yilda u O‘zbekiston Oliy Kengashining 7-sessiyasida Milliy xavfsizlik xizmatini shaxsan prezidentga bo‘ysundirishga qaratilgan “O‘zbekiston Milliy xavfsizlik xizmati tashkil qilish to‘g‘risida” gi qonunga qarshi gapirgan edi.

“Razvedka va kontrrazvedka organlari barcha texnik vositalari bilan birgalikda bitta odam¸ ya’ni Karimovning qo‘liga berib qo‘yilmoqda. Bu mumkin bo‘lmagan bir narsa. Bunga sira yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi. Agar bunga yo‘l qo‘ysak¸ bizni 37- 40 yillardagidek qatag‘onlar kutadi. Oqibatlarni hatto taxmin ham qila olmaymiz. O‘rtoqlar bizni kutayotgan dahshat ko‘lamini taxmin ham qila olmayapsizlar¸ ayniqsa¸ bizning prezidentning jilovsiz xarakterini hisobga olsak. Ertaga bizni qamashadi. Ertaga sizni qamashadi”, degan edi 1991 yilda O‘zbekiston parlamenti minbaridan turib Nusratov.

O‘sha sessiyadagi nutqidan ko‘p o‘tmay Shuhrat Nusratov Kuybishev tuman (hozirgi Mirzo Ulug‘bek tumani) partiya qo‘mitasining birinchi kotibi lavozimidan olindi.

Siyosatdan uzoqlashgan sobiq deputat qamalishiga qadar so‘nggi asosan tadbirkorlik bilan shug‘ullangan, Toshkentdagi pivo ishlab chiqaruvchi "Sarlsberg Uzbekistan" shirkati boshqaruvchilaridan biri bo‘lib ishlagandi.

XS
SM
MD
LG