Линклар

Toshkentning Uchtepa tumani Farhod mahallasi uchastka noziri Izzatilla Hoshimov 55 yashar ayolni tepgani uchun ishdan haydaldi. 10 aprel kuni militsiya formasidagi kishining ruhiy hasta ekani aytilgan ayolni kaltaklagani aks etgan video ijtimoiy tarmoqlarda jamoatchilik tomonidan keskin qoralandi. Ozodlik ushbu voqea tafsilotlarini aniqlab, ayolni tepgan kishi uchastka noziri Izzatilla Hoshimov ekanini ma’lum qilgandi.

19 aprel kuni Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha, Uchtepa tumani Farhod mahallasi uchastka noziri Izzatilla Hoshimov to‘rt kun avval ishdan haydalgan va uning o‘rniga Fazliddin Isroilov tayinlangan.

Bu haqda Ozodlikka ma’lum qilgan Toshkent shahar huquq-tartibot idoralaridagi manbaga ko‘ra, Hoshimov aynan katta yoshdagi ayolni mahalla ahli orasida tepgani uchun ishdan bo‘shatilgan:

"Izzatilla Hoshimovning o‘sha ayolni tepgani videosi katta shov-shuv bo‘lib ketdi. Buning ustiga Ozodlik radiosi uning o‘zini topib, intervyu qilib, maqola chiqargach rahbariyat uni bo‘shatishga qaror qildi. Uch kun avval uning o‘rniga Fazliddin Isroilov Farhod mahallasi uchastka noziri etib tayinlandi", dedi huquq-tartibot idoralaridagi ismini ochiqlamayotganimiz manba.

10 aprel kuni Uchtepa tumani Farhod mahallasi hududida sodir bo‘lgan ushbu voqea aks etgan video ijtimoiy tarmoqlarda tarqalib, ayolni tepgan militsioner keskin qoralandi.

Voqeadan ikki kun o‘tib, Ozodlik militsiya xodimining ayol kishini kaltaklayotgan videosi tafsilotlarini aniqladi. Guvohlar voqeaning videoda aks etmagan jihatlariga ham aniqlik kiritishdi:

“Uchastkovoy melisa ayolni qanday tinchlantirishni bilmadi shekilli, mashinasidan kir lattani olib, uni ayolning og‘ziga tiqmoqchi bo‘ldi. Ayol qichqirib, qarshilik ko‘rsatib, yuz- ko‘zini yopmoqchi bo‘lgan edi, uchastkovoy ayolning yuziga oyoqlari bilan tepdi. Keyin uchastkovoy uni o‘zbekchalab so‘kdi. Hamma buni kuzatib turdi, lekin hech kim indamadi. Voqea 3 soatcha davom etdi. Keyin mashinada yana uchta militsioner keldi. Tez tibbiy yordam ham etib keldi. Ayolni tez yordam mashinasiga olishmoqchi bo‘lganida u qarshilik ko‘rsatdi. Shu payt uchastkavoy yana uni kaltakladi. Lekin keyin eshitishimizcha, ular voqea guvohlaridan yolg‘on ko‘satma berishni talab qilishgan. Protokol tuzilganida, uchastkovoyning ayolni kaltaklaganini yozishmagan”, deydi uchtepalik manba.

55 yoshlardagi ayolni tepgan deb ko‘rilgan uchastka noziri Izzatilla Hoshimov bilan ham Ozodlik bog‘landi.

Hoshimov Ozodlik bilan suhbatda ayolni tepmaganini iddao qildi:

- Yo‘q tepmaganmiz uni. Hech qanaqa tepilmagan. U yerda fuqarolarning oldida qanaqasiga tepish mumkin uni.

Ozodlik. Oyog‘ingiz bilan tepayapsizda endi. Har holda oyog‘ingiz turibdi uning ustida.

- Yo‘q, yo‘q, unaqa bo‘lmagan. U aks ettirilgan bo‘lishi mumkin. Lekin u ko‘pchilikning oldiga borgan odamni oyog‘idan tortib, yiqitmoqchi bo‘lib, harakat qilgan u ayol. Keyin unga suvlar sepib, o‘ziga bir amallab keltirganmiz. Boshqa hech qanaqa noqonuniy harakat sodir etilmagan,-dedi Izzatilla Hoshimov 12 aprel kuni Ozodlik bilan suhbatda.

So‘nggi paytlarda ijtimoiy tarmoqlarda o‘zbekistonlik tartib posbonlarining zo‘ravonliklari aks etgan videolar tez-tez tarqatilmoqda.

Ijtimoiy tarmoqlar bo‘yicha Ozodlik prodyuseri To‘lqin Umaralievga ko‘ra, O‘zbekiston kabi yopiq jamiyatlarda tarmoqlar haqiqatga erishishda asosiy rolni o‘ynamoqda:

- O‘zbekiston kabi inson huquqlari toptalayotgan, inson huquqlari himoyachilari yo‘q, bo‘lsa ham oz, siquvdagi jamiyatda bunaqangi texnologiyalar, ijtimoiy tarmoqlar albatta katta yordam beradi. Bugungi voqelik shu bo‘lib qoldi, prezidentga ming marta murojaat qilishingiz mumkin, militsiya yoki boshqa bir davlat idoralariga borib, ming marta shikoyat qilishingiz mumkin. Lekin sizni eshitmaslik foizi juda katta. Shuning uchun eng oson yo‘li, hozir biror bir nohaqlikni ko‘rsangiz va bu o‘z hayotingizga xavf solmasa, buni ijtimoiy tarmoqlarga, telegram yoki vatsap orqali jo‘natishingiz mumkin. Menimcha bu narsa o‘sha shikoyatlarga qaraganda kattaroq effekt beradi, foyda beradi. Chunki ommaning bahsi baribir katta kuchda,- deydi To‘lqin Umaraliev.

Umaraliev bilan suhbatni to‘liq ravishda quyida tinglashingiz mumkin:

O‘tgan yili oxirida Toshkentda militsiya xodimlarining transvestitlar kvartirasiga bostirib kirishi va ularni kaltaklagani aks etgan videotasvir tarqalgan, buning ortidan bu ishga mas’ul ko‘rilgan militsiya xodimlari ishdan haydalgandi.

Ozodlik manbalariga ko‘ra, Chilonzor tuman militsiyasi boshlig‘i, polkovnik Abdumajid Shermuhamedov 11 yanvar kuni maxsus majlis o‘tkazib, shaxsan o‘zi transvestitni kaltaklagan kapitan va katta leytenant unvonidagi militsionerning pogonlarini yulib tashlagan.

Yana yanvar oyida Ozodlik Toshkentning Chorsu bozorida militsiya xodimlari tarafidan kaltaklangan va bu haqda hokimiyat idoralariga shikoyat qilgani uchun tuhmatda ayblanib, sudga tortilayotganini iddao qilgan ayol haqida hikoya qilgan edi.

Mart oyi boshida Ozodlik mushtariylaridan biri Samarqandda ikki nafar militsiya xodimi bir ayolni mashina yukxonasiga solishga urinayotgani tasvirlangan videoni yo‘llagandi. Mushtariyning aytishicha, o‘zi tasvirga olgan bu videodagi hodisa 2 mart kuni Samarqanda shahar ichki ishlar bo‘limi yonida sodir bo‘lgan.

Samarqand viloyati va shahar ichki ishlar idoralari o‘shanda bunday hodisa yuz berganini mutlaqo inkor qilishgan. Ammo Ozodlikning mobil muxbirlari videoda tasvirlangan voqea joyi aynan shahar ichki ishlar idorasi binosi oldida ekanini tasdiqlaganlar.

XS
SM
MD
LG