Линклар

O‘zbekistonlik mehnat muhojiri Moskva markazida bir guruh mahalliy yoshlar tomonidan kaltaklandi. Boshi yorilganini gapirgan migrant u ishlayotgan Rimskaya metro bekati atrofida allaqachon bir necha hamkasbi ham hujumga uchraganini gapirib berdi. Oxirgi paytlarda Rossiyaning turli mintaqalarida mehnat muhojirlariga qilinayotgan hujumlar ko‘lami kengayayotgani kuzatilmoqda.

Moskvaning Taganskiy tumanidagi Rimskaya metro bekati yonida o‘zbekistonlik mehnat muhojirlaridan biri mahalliy millatchilar hujumiga uchradi.

O‘zini Muhriddin deb tanishtirgan ishchi yigit hodisa o‘tgan bozor kuni sodir bo‘lganini aytib berdi:

- Bozor kuni ishdan qaytayotuvdim. Rimskiy metro bekati yonida kechki payt soat 7-8 larda bir o‘zim ketyatuvdim. Oshnalarim kvartirasida qoldi, meni kvartiram esa uzoqroqda. 6-7 rus yigitlari, orasida kichkina-kichkina qizlar ham bor. Indamadi, savol ham bermadi, meni ko‘rib, orqamga o‘tishtida, tapur-tupur urib ketishdi. Boshimni tosh bilan uribmi, bir nechta joyidan yordi. Bir eplab uyga qochib keldim, deydi Muhriddin.

Muhojir ikki kun ishga yaroqsiz holatda uyda yotib davolangani, politsiya murojaat qilishdan naf ko‘rmaganini gapirdi.

- Nariroqda melisalar ham bor edi. Ular qarab turib, hech balo degani yo‘q! Ko‘rib turib kelmadiyu, men borib o‘tiramanmi – qochib ketdim, menga ham jon kerak. Bolnisaga bormay uyda yotdim ikki kun. O‘sha bolalarni taniyman lekin, har kuni ko‘raman. Ular qolgan bollarni ham uryapti, asosan o‘zbeklarni. Yoshroq bollar – 18-19-20 yoshlar atrofidagi bollar. Urayotganida atrofimizdan o‘rislar indamay o‘tib ketdi, dedi o‘zbekistonlik muhojir.

Bu voqeadan keyin Muhriddin iloji boricha bir o‘zi ko‘chada yurmaslikka qaror qilgani va Moskvada ishlayotgan boshqa yurtdoshlarini ehtiyot bo‘lishga chaqirdi.

Ayni paytda Rossiyaning boshqa mintaqalarida ham mehnat muhojirlariga qilinayotgan hujumlar soni oshib borayotgani kuzatilmoqda.

Tojikistonning Moskvadagi diplomatik vakolatxonasi Rossiya Tashqi ishlar vazirligiga tojikistonliklarga qilinayotgan hujumlar yuzasidan ob’ektiv tergov olib borishni so‘rab, maxsus nota yuborgan edi. Xususan, elchilik 8 aprel kuni Moskvaning “Kalujskaya” metro bekatida Tojikiston fuqarosi bo‘lgan 38 yoshli Sulaymon Saidovning otib ketilganini alohida nazoratga olishni so‘radi.

Sulaymon bu hujum oqibatida boshidan yaralandi, tekkan o‘qlardan biri uning ko‘ziga og‘ir jarohat etkazdi. Ozodlikka shifoxonada bergan intervyusida Sulaymon Saidov hujum qilgan rossiyalik Sergey Tsaryov mast holatda uning jiyaniga, keyin unga hujum qilganini ma’lum qildi.

Kuni kecha “Tojik mehnat muhojirlari” tashkiloti Xanti-Mansiyskda 8 aprel kuni og‘ir tan jarohati olgan 23 yoshli tojikistonlik Usmonzoda Tabaruk hoji Asror ishi ustidan adolatni tergov olib borishni so‘rab, hukumat idoralariga murojaat qildi. Ish beruvchisidan o‘z mehnat haqini talab qilgan bu yigitning og‘ziga noma’lum qimsalar ammiak va sirka qo‘yib, kuydirib yuborgani ma’lum.

Shifokorlar og‘ir holatda reanimatsiyada qolayotgan Asrorning jonini saqlab qolish imkoni deyarli qolmaganini ma’lum qilishdi.

Shu kunlarni Moskva va Peterburgning turli joylarida o‘qotar qurollardan otib ketilgan o‘zbek muhojirlari to‘g‘risida Ozodlik xabar bergan edi.

XS
SM
MD
LG