Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 20:22

Chinozlik Ahmadboy moliyaviy piramida tashkil etganlikda ayblanmoqda


"Ahmadboy" sxemasi moliyaviy piramidaga o‘xshashiga qaramasdan, unga minglab dollar sarmoya qilayotganlar soni 40 mingga etgan bo‘lishi mumkin.
"Ahmadboy" sxemasi moliyaviy piramidaga o‘xshashiga qaramasdan, unga minglab dollar sarmoya qilayotganlar soni 40 mingga etgan bo‘lishi mumkin.

Toshkent viloyati Chinoz tumanida joylashgan “Chinoz Avto Hamkor” firmasi yiliga kamida 100 foizlik dividend va’dasi bilan odamlardan omonat olmoqda. Avtomobil savdosiga ixtisoslashganiga qaramasdan bank xizmatlarini ko‘rsatayotgan firma “Ahmadboy” nomi bilan tanilgan chinozlik tadbirkor Ahmad Tursunboevga qarashlidir. “Ahmadboy” tadbiriga sarmoya qilgan omonatchilarning aytishicha, bu sxema “moliyaviy piramidaga” o‘xshasa-da, pulini ikki barobarga ko‘paytirish tamasida bo‘lganlar soni ko‘payotgani aytilmoqda. Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha, bunday omonatchilarning soni hozirda 40 mingga yetgan bo‘lishi mumkin.

Mashinafurush firmami yo bankmi?

Asli chinozlik tadbirkor Ahmad Tursunboev bundan 2-3 yil avval tanila boshladi, deydi uni taniganlar. Ozodlik gaplashgan chinozliklar xalq orasida “Ahmadboy”, deya tanilgan 38 yoshli tadbirkor avtomobillar savdosi bilan shug‘ullanishdan avval qassoblik qilar edi, deya bildirishdi.

“Ikki yilcha avval mashina sotish bilan shug‘ullana boshladi. Keyin odamlardan 200 foizgacha yillik foyda va’dasi bilan pul ola boshladi. Foizga ham qarz beradi”, deydi chinozliklardan biri.

Toshkent viloyati Chinoz tumani hokimiyatining tadbirkorlarga litsenziya berish uchun mutasaddisi Farhod Mustafoevning Ozodlikka aytishicha, Ahmad Tursunboevga qarashli firma joriy yil boshrog‘ida ro‘yxatga olingan.

“Ahmad Tursunboev tadbirkor sifatida shu yili ro‘yxatdan o‘tdi. Nizomi bo‘yicha avtomobil savdosi bilan shug‘ullanadi. Lekin aslida nima bilan shug‘ullanayotganini biz tekshirish bizning vakolatimizga kirmaydi. Buni tekshiradigan tashkilotlar bor, masalan soliq qo‘mitasi qiziqishi kerak. Men ham odamlardan foizga pul olayotgani haqidagi gap-so‘zlarni eshitganman. Ko‘chada shunaqa gaplar bor. Lekin uni tekshirish bizning vakolatda emas”, dedi Chinoz tumani hokimiyati mulozimi.

"Menga 150 foiz va’da qilishdi"

“Ahmadboy” o‘zining “Chinoz Avto Hamkor” firmasi orqali taklif etayotgan bank xizmatlari shu kunlarda o‘zbekistonliklar muhokama qilayotgan dolzarb mavzulardan biriga aylangan. Chunki bu firma orqali yotqizilgan har qanday sarmoya bir yil ichida kamida ikki barobarga oshishi iddao qilinmoqda.

Tadbirkorga nisbat berilgan “Axmadboy Chinazskiy” Facebook sahifasida ham shu mazmundagi e’lonlarni ko‘rish mumkin. Ozodlik mazkur Facebook sahifasi orqali o‘zini Ahmad Tursunboev, deya tanishtirgan shaxs bilan yozma muloqotda bo‘ldi. Tadbirkor dastlab muxbiringizni potentsial mijoz, deya taxmin qilib, o‘z xodimlaridan birining telefonini taqdim etdi.

Telefonga javob bergan va o‘zini Dilmurod, deb tarishtigan shaxsning aytishicha, bugungi kunda “Chinoz Avto Hamkor” firmasiga sarmoya qilgan mijozlar soni 40 mingga yetgan.

- 100 ming-200 ming (dollar) berganlar ham bor, aka. Misol uchun 10 ming qo‘ysangiz, birga-bir (ikki barobar, demoqchi-tahr.) qilib beramiz. Bir yil ichida 20 ming qilib beramiz. 20 mingni 12 oyga bo‘lib, har oyda beramiz. Qo‘lingizga jeton beramiz kassadan. Pasportingizdan ma’lumotlarni yozib olib, qo‘lingizga jeton beramiz. Har oyga bir chislo belgilanadi, zazor (kechikish-tahr.) 15 kun bo‘ladi. Har oy kelib, pulingizni olib ketasiz. Bir yil deganda pulingiz ikki barobar qilib qaytib beriladi,- deya ishontirdi “Chinoz Avto Hamkor” vakili.

Bunda Dilmurodning aytishicha, u faqatgina pul olib kelgan mijozlar bilan ishlaydi. Lekin “Chinoz Avto Hamkor” nafaqat pul, mashina va yoki boshqa mulkni ham pulga chaqib qabul qilishi mumkin.

- Mashina bo‘yicha men shug‘ullanmayman. Mashina bo‘yicha boshqa bolalar bor. Mashina ham birga-bir. Narxini chiqaramiz, bozor narxiga qarab, narxini chiqaramiz. O‘shanga qarab pulga chaqiladi. Faqat mashina zazori 20 kun,- deydi “Chinoz Avto Hamkor” vakili.

Piramida doimiy tarzda pul mablag‘larini jalb etishga asoslanadi. Bunda piramidaning ilk ishtirokchilariga foyda keyingi sarmoyachilar hisobidan qoplanadi.
Piramida doimiy tarzda pul mablag‘larini jalb etishga asoslanadi. Bunda piramidaning ilk ishtirokchilariga foyda keyingi sarmoyachilar hisobidan qoplanadi.

Moliyaviy piramidani eslatuvchi bu sxemaga sarmoya qilgan mijozlardan biri bilan Ozodlik gaplashishga muvaffaq bo‘ldi. Shaxsini sir saqlayotganimiz suhbatdoshimiz, “Ahmadboy” sxemasi shubhali ekanini tan oldi. Lekin hozircha daromad keltirib turgani uchun har oyda pulini olayotganini iddao qildi.

“Men pul tikkanimga ikki oydan oshdi. Har oyda borib pulimni olyapman. Lekin, rostini aytsam, hech kimga borib pul qo‘yishni maslahat bermagan bo‘lardim. Chunki kuyib qolsa, javobgar bo‘lib qolishni istamayman. Hozircha bu sxema ishlayapti. O‘zi menga Ahmadboy bilan ikki yildan beri ishlaydigan odamlar maslahat berishgan edi. Lekin bu moliyaviy piramidaning bir ko‘rinishi ekanini tushunib turibman. Men tavakkal qildim. Piramida fosh bo‘lmaguncha pul ishlab olish maqsadida. Bitta mashinam bor edi, shuni olib borib topshirdim. Lekin menga 100 foiz emas, 150 foiz taklif qilishgan. Ikki marta oylikni oldim”, deydi “Ahmadboy” tadbiriga sarmoya yotqizganini iddao qilgan suhbatdosh.

"Bu piramidaning klassik ko‘rinishi"

“Chinoz Avto Hamkor” faoliyatini bir necha oydan beri kuzatayotganini iddao qilgan toshkentlik tadbirkorning shaxsi sir qolishi sharti bilan Ozodlikka aytishicha, bu erda gap moliyaviy piramida haqida ketyapti.

“Men 8 oydan beri kuzatyapman “Ahmadboy” piramidasini. Odamlar minglab dollarlarni olib kelib berishyapti. Uning idorasi Chinozning Olmazor qo‘rg‘onida joylashgan. O‘zim ham borib ko‘rdim. Hech kimga hech qanday qog‘oz bermaydi. Pasportingizni ko‘radi, qandaydir jeton beradi. Shu bilani ish bitti. Rossiyada "MMM" ham shunaqa bo‘lgan. Tojikiston va Dog‘istonda ham yaqindan shunga o‘xshash piramadilar tashkil qilingan edi. Boshida odamlarni qiziqtirish uchun mijozlarga va’da qilingan katta foyda beradi. Lekin keyin katta miqdorda pul to‘planganidan keyin, g‘oyib bo‘ladi”, deydi toshkentlik tadbirkor.

"Axmadboy Chinazskiy" Facebook sahifasida Ahmad Tursunboevga berilgan faxriy yorliqlar rasmlari bor
"Axmadboy Chinazskiy" Facebook sahifasida Ahmad Tursunboevga berilgan faxriy yorliqlar rasmlari bor

Ozodlik “Axmadboy Chinazskiy” nomli Facebook foydalanuvchisi bilan kun davomida yozishdi. Mikrofon orqali intervyu berishni rad qilgan suhbatdosh Ahmadboy Tursunboevga nisbatan ilgari surilayotgan moliyaviy piramida yasaganlik ayblovlarini mutlaqo rad qildi.

Facebook tarmog‘ining o‘zbek tilidagi segmentiga doir turli guruhlardagi muhokamalar ishtirokchilarining aksari ham Chinozda Ahmadboy taklif etayotgan mo‘may daromad moliyaviy piramidaning klassik ko‘rinishi, degan fikrlarni bildirishmoqda.

Lekin O‘zbekiston huquq-tartibot idoralari Ahmad Tursunboevga qarashli "Chinoz Avto Hamkor" firmasi faoliyatiga shuncha yildan beri qiziqish bildirmayotgani bois, gap qonunbuzarlik haqida ketayotganini aytib bo‘lmasligini qayd etish joiz. “Axmadboy Chinazskiy” nomi ostidagi Facebook foydalanuvchisi shu paytgacha hech kimni aldamaganini iddao qildi.

Hayvonot bog‘iga go‘sht sotgan metsenat

Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha, tadbirkor Ahmad Tursunboev asli Chinoz tumanining Olmazor qo‘rg‘onida 1978 yilda tug‘ilgan. Bundan avval qassoblik qilgan, Toshkent Hayvonot bog‘iga go‘sht yetkazib berish bilan ham shug‘ullangan. Facebook-dagi “Axmadboy Chinazskiy” sahifasida Ahmad Tursunboev nomiga ko‘rsatgan ko‘magi uchun O‘zbekiston nogironlar jamiyati hamda Chinoz tumani madaniyat va sport ishlari bo‘limi tarafidan taqdim etilgan faxriy yorliqlar rasmi e’lon qilingan.

"Ahmadboy" to‘g‘risida Internetdagi Siklopediya resursida berilgan ma’lumotda 38 yoshli tadbirkor "o‘zbekistonlik metsenat", deya ta’riflangan. Bu ma’lumotda ham Ahmad Tursunboev tadbirkorlik faoliyatida 2010 yildan birdaniga jiddiy o‘sish kuzatila boshlagan.

1990 yillar boshlarida katta shov-shuvga sabab bo‘lgan MMM moliyaviy piramidasini Sergey Mavrodi tashkil qilgan edi
1990 yillar boshlarida katta shov-shuvga sabab bo‘lgan MMM moliyaviy piramidasini Sergey Mavrodi tashkil qilgan edi

Moliyaviy piramida odamlar ishonchini qozonish orqali amalga oshiriladigan firibgarlik hisoblanadi. Piramida doimiy tarzda pul mablag‘larini jalb etishga asoslanadi. Bunda piramidaning ilk ishtirokchilariga foyda keyingi sarmoyachilar hisobidan qoplanadi.

Sobiq ittifoqda katta shov-shuvga sabab bo‘lgan moliyaviy piramidani 1990 yillar boshlarida Rossiyada tadbirkor Sergey Mavrodi tashkil qilgan. Ikki-uch yil davomida mijozlariga dividendlarni to‘lab kelgan "MMM" shirkati asoschisi birdaniga g‘oyib bo‘lishi ortidan 15 milliongacha omonatchi zarar ko‘rgan.

AQSh, Yevropaning aksar davlatlari va boshqa ko‘plab mamlakatlarda moliyaviy piramidalarni tashkil etish qonun bilan taqiqlangan. Xususan, Birlashgan Arab Amirliklari va Xitoy kabi mamlakatlarda moliyaviy piramida tashkilotchisi o‘limga hukm etilishi mumkin.

O‘zbekiston qonunchiligida to‘g‘ridan-to‘g‘ri moliyaviy piramidalarni taqiqlovchi me’yorlar yo‘q. Lekin bunday holat jinoyat kodeksining firibgarlik to‘g‘risidagi moddalari bo‘yicha malakalanishi mumkin.

XS
SM
MD
LG