Линклар

logo-print

Haaga okrug sudi Haagadagi Doimiy arbitraj sudining Rossiya hukumatidan sobiq YuKOS neft shirkati haqdorlari foydasiga 50 milliard AQSh dollari miqdorida tovon puli unidirish to‘g‘risidagi qarorini bekor qildi, ya’ni Rossiya hukumati shikoyat arizasini qondirdi.

Bu haqda xabar qilgan Rossiyadagi axborot agentliklariga ko‘ra, Haaga okrug sudi hukmi so‘nggi qaror emas. YuKOSning sobiq aktsionerlari bugungi hukm ustidan Haaga apellyatsiya sudiga va so‘ngra Niderlandiya Oliy sudiga arz qilishlari mumkin.

2014 yilning 28 iyulda e’lon qilingan sud hukmida Rossiya 2004 yilda YuKOS shirkatini tugatib, uning aktivlarini kimoshdi savdosiga qo‘yish qarori bilan 1991 yilgi Xalqaro Energiya Nizomini buzgan, degan xulosa berilgan edi.

Haaga sudi qarorida YuKOSning katta qismini sotib olgan davlatga qarashli Rosneftь shirkati rahbariyati Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan birgalikda shirkatni yo‘q qilishda ishtirok etgani ta’kidlangan.

Mahkamada shikoyatchi sifatida ishtirok etgan Group Menatep Limited shirkati 114 milliard AQSh dollari miqdorida tovon puli talab qilgan edi.

50 milliard AQSh dollari Haaga sudi undirishni qaror qilgan eng katta tovon miqdoridir.

Sud hukmiga ko‘ra, Rossiyadan Group Menatep Limited shirkatining sud xarajatlarini qoplash uchun 65 million AQSh dollari miqdorida haq undirilishi ham ko‘zda tutilgan.

YuKOS shirkati 10 yillik qamoqdan keyin o‘tgan yili avf etilgan Mixail Xodorkovskiyga qarashli bo‘lgan. Xodorkovskiy prezident Vladimir Putin hukumati tarafidan soliqdan bo‘yin tovlaganlik va mablag‘larni talon-taroj qilganlikda ayblangan.

2005 yilda Xodorkovskiy YuKOSdagi ulushini Group Menatep Limited kompaniyasiga sotgan. Mazkur shirkat YuKOSning sobiq rahabarlari, jumladan Leonid Nevzlinga qarashlidir. Dushanba kuni e’lon qilingan sud qarori Xodorkovskiyga taalluqli emas.

Haaga arbitraji qaror qilinishi munosabati bilan Rosneft e’lon qilgan bayonotda davlatga qarashli shirkat ishtirok etgan barcha shartnomalar Rossiya qonunchiligiga asosan bitilgani ta’kidlangan. Rosneft o‘z hissadorlariga Haaga sudi chirqagan qaror shirkatga taalluqli emasligi va uning faoliyati yoki aktivlariga ta’sir qilmasligini ishonch bilan ta’kidladi.

Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov 2014 yil 28 iyul kuni sud hukmiga munosabat bildirib, Moskva mazkur qaror ustidan shikoyat qilish uchun barcha huquqiy vositalardan foydalanishini bayon qilgan edi.

XS
SM
MD
LG