Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 06:09

Gulnora Karimovaga pora berganlikda gumonlangan TeliaSonera nomini o‘zgartirdi


O‘zbekistonda prezidentning qiziga pora berganlikda ayblanayotgan Shvetsiyaning TeliaSonera shirkati o‘z nomini o‘zgartirdi. Bir necha yildan beri tergov ostida qolayotgan shirkatni Telia Company deya nomlash to‘g‘risidagi qaror shu hafta qabul qilingani aytilmoqda. Rebrending korrupsiya bilan bog‘liq janjal bois yirik miqdorda jarima tahlikasi ostida qolayotgan shirkatning daromadlari tushib ketayotgan paytga to‘g‘ri kelmoqda. Bundan avval shved kompaniyasi Osiyo bozoridan chiqish niyatlarini ham bildirgan edi. O‘zbekistonda pora berganini tan olgan VimpelCom shirkati ham o‘tgan oyda o‘z nomini o‘zgartirish niyatida ekanini bildirgan edi.

Nomi Telia Company deb o‘zgartirilgan telekom shirkatining 2016 yil birinchi choragidagi sof daromadi 4,9 foizga tushib ketgani to‘g‘risida 19 aprelь kuni hissadorlar majlisida ma’lum qilindi.

Ayni yig‘ida shirkatning O‘zbekistondagi korruptsiya janjali bilan eslanuvchi nomi – TeliaSonera brendidan voz kechishga qaror qilindi. TeliaSonera nomi 2002 yilda Shvetsiyaning Telia va Finlyandiyaning Sonera kompaniyalari birlashuvi natijasida yuzaga kelgan.

Katta qismi Shvetsiya va Finlyandiya hukumatlariga qarashli shirkat 2007 yilda O‘zbekiston telekom bozorida biznes qilish huquqini qo‘lga kiritish maqsadida bu mamlakat prezidentining qizi Gulnora Karimova bilan tuzilgan noqonuniy bitimga binoan 350 million AQSh dollari miqdorida pora berganlikda ayblanmoqda.

TeliaSonera Gulnora Karimovaga pora bergani iddaolari Shvetsiya, AQSh, Hollandiya va Yevropaning qator davlatlarida tergov qilinmoqda.

Shvetsiyada bu ishni 2012 yildan beri tergov qilayotgan mamlakat bosh prokuraturasi korrupsiyaga qarshi kurash boshqarmasi boshlig‘i Gunnar Stetlerning Ozodlikka aytishicha, Gulnora Karimova va TeliaSonera shirkati gumonlanuvchi sifatida o‘tayotgan ish shu yilning kuz oylarida sudga oshirilishi mumkin.

- Shirkatga rasman ayblov e’lon qilish masalasi kuz oylariga qoldi. Ayblov e’lon qilinishi ehtimollari qancha ekanini ayta olmayman, bu shved qonunlariga ziddir. Lekin shirkat nomi o‘zgargani bu masalaga ta’sir qilmaydi. Jinoyat ishi doirasida shirkatning eski rahbariyati sodir etgan xatti-harakatlar tekshirilmoqda. Shirkatning yangi rahbariyatiga kelsak, mening nuqtai nazarimdan, ular Osiyo mamlakatlarida yo‘lga qo‘yilgan xatolarni tuzatishga imkon qadar harakat qilmoqda,- dedi Shvetsiya prokuraturasi tergovchisi.

Telia Company vakillaridan shirkat nomi o‘zgarishi O‘zbekistondagi janjalga bog‘liqmi, degan savolga javob olish imkoni bo‘lmadi.

Lekin joriy yil birinchi choragida daromadning qariyb 5 foizga qisqarishi shirkatning aynan O‘zbekiston doxil Osiyo mamlakatlari hamda Sharqiy Yevropadagi faoliyatidan tushayotgan foydaning qisqargani bilan izohlanmoqda.

Gulnora Karimovaga pora berganlikda gumonlanayotgan TeliaSonera yirik miqdorda jarimaga tortilishi mumkin
Gulnora Karimovaga pora berganlikda gumonlanayotgan TeliaSonera yirik miqdorda jarimaga tortilishi mumkin

Rebrending ham korrupsiya janjali ortidan sobiq TeliaSonera Osiyo mamlakatlaridagi biznes manfaatlarini sotish rejalarini e’lon qilishidan bir necha oy o‘tib amalga oshdi.

O‘tgan oy boshlarida Gulnora Karimovaga pora berganlikda ayblangan VimpelCom shirkati ham o‘z nomini o‘zgartirish rejalarini e’lon qildi. Undan sal avvalroq esa Hollandiyada ro‘yxatga olingan telekom shirkati “O‘zbekistondagi nufuzli shaxsga” 114 millon dollar pora berganini tan olib AQSh nazorat idoralariga rekord darajadagi 795 million dollar jarima to‘lagan edi.

AQSh Adliya vazirligi Gulnora Karimovaga 350 million AQSh dollari to‘laganlikda gumonlab TeliaSonera shirkatini ham taftish etmoqda. Ayrim xabarlarga ko‘ra, AQSh shevd shirkatidan 1,7 milliard AQSh dollari miqdorida jarima to‘lashni talab qilgan.

Korrupsiya bilan bog‘liq janjal ortidan TeliaSonera shirkati O‘zbekiston va Osiyoning boshqa mamlakatlarini tark etish rejasini e’lon qildi. 20 aprel kuni esa bu rejalar doirasidagi birinchi qadam o‘laroq, Telia Company Nepaldagi Ncell mobil operatoridagi ulushini 48 millon dollarga sotganini e’lon qildi.

Telia Company bosh ijrochi direktori Yohan Dennelind The Wall Street Journal gazetasiga bergan intervьyusida shu yil oxiriga qadar Osiyoning qolgan mamlakatlari, jumladan O‘zbekistondan chiqish jarayonini yakunlash niyatida ekanini bildirdi.

XS
SM
MD
LG