Линклар

Toshkent shahrining Bektemir tumanidagi kanalizatsiya chiqindilarini tozalash korxonasidan chiqayotgan sassiq gazlar aholi orasida turli xil kasalliklar ko‘payishiga sabab bo‘lmoqda. Aholi nomidan Ozodlikka kelgan shikoyatga ko‘ra, har kuni ertalab va kechqurunlari korxonadan chiqqan badbo‘y hid bois nafas olish juda qiyinlashmoqda. Aholining bu arzidan mutasaddi tashkilotlar xabari bor, biroq chiqindilar hidini o‘ldirish uchun ishlatiladigan bijitqining etishmasligi bois muammo bartaraf qilinmasdan qolayapti.

Toshkent shahrining Bektemir tumani Oltintopgan mahallasi hududida joylashgan kanalizatsiya chiqindilarini tozalash korxonasidan chiqayotgan sassiq hiddan nafaqat Bektemir aholisi, balki Chirchiq daryosining narigi qirg‘og‘ida joylashgan Mirobod va Sirg‘ali tumanlarining aholisi ham aziyat chekmoqda.

Oltintopgan mahallasi aholisi nomidan Ozodlikka kelgan maktubga ko‘ra, kanalizatsiya chiqindilarini tozalash korxonasi hididan ayniqsa, yosh bolalar va qariyalar qiynalmoqda:

“Korxonadan har kuni ikki mahal: ertalab va kechqurun hid tarqaladi. Ertalab nonushta payti chiqadi. Keyin kechqurun ujin payti chiqadi. Kechqurin soat 5 dan 8 gacha. Ba’zida soat 10-11gacha cho‘zilib ketadi. Ba’zida hid shunaqa darajada sassiq bo‘ladiki, umuman chidab bo‘lmaydi. Uylarimizni ichi hidga to‘lib ketadi. Nafas olib bo‘lmaydi. Qariyalar va bolalarga qiyin bo‘layapti. Hid chiqqan payti qariyalarning qon bosimi ko‘tarilib ketayapti. Bolalarda esa allergik kasalliklar ko‘payapti. Ba’zida yosh bolalarni hid chiqqan payti yo‘tal tutib qoladi. Ko‘pchilikda bosh og‘rig‘i paydo bo‘lgan”, deyiladi oltintopganliklar maktubida.

Oltintopgan mahallasida yashovchi fuqarolardan birining Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda aytishicha, chiqindilarni tozalash korxonasidan chiqayotgan hiddan norozilik bildirib, turli tashkilotlarga shikoyat qilingan, biroq bundan biror natija bo‘lmagan:

“Bu korxonadan chiqayotgan hid keyingi bir yil ichida juda kuchayib ketdi. Hamma joyga yozildi, hech foydasi bo‘lmadi. Hid daryoning narigi yog‘idagi hududlarga ham yetib borayapti. O‘sha joyda joylashgan Sirg‘ali va Mirobod tumani aholisi ham hiddan norozi bo‘lib ko‘p yozishdi. O‘tgan yili prezident saylovi bo‘lgan payti, saylovdan oldin bir hafta, saylovdan keyin 10 kun umuman hid chiqmadi. Demak, qanaqadir yo‘li bor ekan. Lekin bizning shikoyatlarimizni hech kim inobatga olmayapti”, deydi Oltintopgan mahallasida yashovchi erkak.

Bektemirdagi kanalizatsiya chiqindilarini tozalash korxonasi mutaxasislaridan biri Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda muammoni tan olib, uning sababini shunday izohladi:

“Kanalizatsiya chiqindilari to‘planadigan otstoynik bilan bog‘liq muammo drojji ya’ni biz bijitqi deymiz, shu bilan bog‘liq. Keyingi paytda tumanda ishlab chiqarish korxonalari ko‘payib ketdi. Koka-kola, Spirt zavodi, teri ishlab chiqarish sexi, qishloq xo‘jalik mahsulotlarini qayta ishlash korxonalari bor. Toshkent markazidagi ko‘plab ishlab chiqarish korxonalari jumladan, Toshkent- vino ham bizning tumanga ko‘chirildi. Ulardan chiqqan chiqindilar hammasi kanalizatsiya orqali shu erga to‘planadi. Lekin ulardan chiqayotgan toksik moddalar bijitqilarni o‘ldirib tashlayapti. Bijitqilar etmayapti. Shu bijitqilar chiqindilar hidini o‘ldirishga xizmat qiladi. Lekin chiqindi ko‘p bo‘lgani bois, bijitqi-mikroblar hidlarni o‘ldira olamyapti”, deya izohladi korxona mutaxassisi.

Bektemir tuman sanitariya epidemiologiya nazorat markazidan olingan ma’lumotga ko‘ra, markazning ushbu muammodan xabari bor, biroq ruxsat berilmagani bois uni tekshrish ishlari boshlanmayapti:

- Bu shikoyatlar prokuraturagacha yetib borgan. Tozalash inshootini biz o‘zimizdan o‘zimiz tekshira olmaymiz. Nazorat qiluvchi organlar faoliyatini muvofiqlashtiruvchi kengashga buyurtma berganmiz. Hozir o‘sha hujjat tayyorlanayapti. Keyin biz borib, o‘sha tozalash inshootini qaytadan tekshirib,nazoratga olamiz.

Ozodlik: Qachon olasiz nazoratga?

- Hozir nazorat qiluvchi organlarni muvofiqlashtiruvchi respublika kengashidan bizga tekshirish uchun asos beradigan hujjat beradi-da. Shug‘ullanishayapti. Bektemir tumani prokurorining ham, Toshkent shahar prokuraturasining ham xabari bor. Bizga kengashning ruxsati kerak, rejadan tashqari qisqa muddatli tekshiruv beradi. Keyin o‘zimiz borib, qaerda kamchiliklar bo‘lsa, o‘rganib, ularni bartaraf qilamiz, bu muammo hal bo‘ladi,- dedi Bektemir tuman sanitariya epidemiologiya nazorat markazi maxsus mutaxassisi.

Biroq mutaxasis tekshirish uchun qachon ruxsat berilishi va muammo bartaraf etilish sanasi va muddatini aniq aytib bera olmadi.

XS
SM
MD
LG