Линклар

logo-print

Xitoy Oliy sudi katta miqdorda pora olgan amaldorga oliy jazo berish mumkin, degan qarorni chiqardi. Xo‘sh, eng korrupsiyalashgan O‘zbekistonda poraxo‘rlikni o‘lim jazosi bilan yengish mumkinmi? Bu savol 21 aprel kuni Toshkent vaqti bilan soat 19.05da boshlanadigan BahsOnline eshittirishining navbatdagi soni mavzusi bo‘ladi.

Shu hafta boshida Xitoy korrupsiyada ayblangan amaldorlarni o‘lim bilan jazolashga doir qonunga o‘zgartish kiritdi. Xitoy Xalq Respublikasi Oliy Sudi dushanba kuni qabul qilgan qaror korrupsioner amaldor qay holatda o‘limga mahkum etilishini aniq belgilab berdi.

Yangi qonunga ko‘ra, bundan keyin amaldor sodir etgan poraxo‘rlik, davlat mablag‘larini talon-torolj qilish, vakolatini suiiste’mol qilish natijasida keltirilgan zarar jami 3 million yuan, yoki taxminan 460 ming AQSh dollarini tashkil qiladigan bo‘lsa, oliy jazoga hukm etilishi mumkin bo‘ladi.

Shu paytgacha Xitoyda korrupsioner amaldor olgan porasi jami 15 ming dollar bo‘lgan taqdirda o‘limga hukm etilishi mumkin edi. Lekin bunda gap faqat pora olish haqida borar edi.

Yangi qonun esa amaldorning keng ma’nodagi korrupsion harakatlariga taalluqli bo‘ladi. Bunda Xitoy Oliy sudi qonunbuzarni albatta o‘limga hukm etish majburiy emasligi, uning aybini yumshatishi mumkin bo‘lgan muayan vaziyatda jazo yumshatilishi mumkinligini ham qo‘shimcha qildi.

Lekin o‘zgartish shundoq ham o‘lim jazosini eng ko‘p qo‘llovchi Xitoyda oliy jazoga hukm etish holatlari ko‘payishiga olib kelishi mumkinligidan tashvish bildirmoqda huquq himoyachilari. Amnesty International tashkiloti Xitoyda har yili qatl etiladigan odamlar soni aniq bo‘lmasa-da, bu mamlakatda dunyoning qolgan davlatlarida ijro qilinadigan jami o‘lim hukmlaridan ko‘proq odam o‘limga hukm etilishini taxmin qiladi.

Boshqa tomondan Xitoy qarorini qo‘llab-quvvatlovchilar ham bor. Bundaylarning fikricha korrupsiya avj olgan jamiyatlarda unga qarshi kurashning yagona samarali yo‘li o‘lim hukmini joriy etishdi.

O‘zbekiston eng korrupsiyalashgan davlatlardan biri sifatida e’tirof etiladi. Transparency International kabi xalqaro tashkilotlar yillardan beri O‘zbekiston korrupsiya reytingida “yomonlarning yomoni” qatoriga qo‘yib keladi. Bunda vaziyat yildan yilga yomonlashayotgani aytiladi.

O‘zbekistonda 2005 yilda oliy jazoga moratoriy e’lon qilingan.

Xo‘sh, O‘zbekistondagi kabi ko‘lamdagi korruptsiyani yengish uchun oliy jazoni qaytarib, poraxo‘rlarni o‘limga hukm etish bilan kurashish samara berishi mumkinmi?

Yo poraxo‘rlik uchun qatl etish haddan ortiq jazomi?

Siz nima deb o‘ylaysiz? BahsOnline dasturining navbatdagi sonida ana shu haqda bahs qilamiz.

BahsOnline jonli muloqotining navbatdagi soni 21 aprel, payshanba kuni Toshkent vaqti bilan soat 19:05 da boshlanadi!

Marhamat, siz ham bog‘laning:

IMO: +420 724 971 539

WhatsApp: + 420 724 971 539, + 420 602 612 713

VIBER: + 420 602 612 713

SKYPE: Ozodskype, Ozodlikonline, Ozodovoz

XS
SM
MD
LG