Линклар

logo-print

Istanbulda 2014 yilda otib ketilgan andijonlik 39 yashar imom Mirzag‘olib Hamidov (Abdulloh Buxoriy) ishi bo‘yicha mahkamaning uchinchi majlisi bo‘ldi. Unda prokuror sudlanuvchilarga umrbod qamoq jazosi so‘radi. Imomga nisbatan buyurtma qotillikning ijrosida turkiyalik Eldor Aslon va o‘zbekistonlik Sobir Shukurov ayblanmoqda. Buyurtmachilar esa Tigran Kaplanov va Vasiliy Ivanchenkolar ekani iddao qilindi.

Uchinchi majlis

19 aprel kuni Istanbulning Baqirko‘y tumani jinoyat ishlari sudiga keltirilgan ikki shaxs - turkiyalik Eldor Aslon va o‘zbekistonlik Sobir Shukurovlar 2014 yilning 10 dekabrida Istanbulning Zaytunburni mavzesida imom Abdulla O‘zbek ismi bilan tanilgan, Internet olamida esa Abdulloh Buxoriy nomi bilan ma’ruzalarini tarqatgan, asl ismi Mirzag‘olib Hamidov bo‘lgan 39 yashar andijonlik imomni otib o‘ldirganlikda ayblanmoqda.

Eldor Aslon qotillikni ijro etuvchi, Shukur Sobirov esa tashkil qiluvchi sifatida sudlanmoqda. Sudlanuvchilar shu kunga qadar ayblovni inkor qilib kelmoqda.

19 aprel kuni mahkamada ishni tergov qilayotgan prokuror chiqish qildi va ayblanuvchilar ziddiga so‘zlagan bir guvoh tinglandi.

Prokuror da’vosi

Mahkamani kuzatib kelayotgan "O‘zbeklar birligi" tashkiloti raisi Adam Chevikka ko‘ra, prokuror ayblov xulosasini eshittirgan va ayblanuvchilarga umrbod qamoq jazosini so‘ragan:

- Mahkamada prokuror so‘ng xulosasini eshittirdi va keyingi sud majlisi, taxminimizcha, oxirgisi bo‘ladi. Prokuror sudlanuvchilar qotillik sodir etgan, degan da’vo bilan ularga umrbod qamoq jazosini so‘radi. Lekin, Turkiya qonunchiligiga binoan ayblanuvchilar buni rad etishi haqida ariza kiritishi va keyingi mahkamaga qadar aybsizligini ko‘rsatuvchi yangi dalillarni taqdim qilishi mumkin. Ular boshidan buyon ayblovni inkor etib kelmoqda, - deydi Adam Chevik.

Yangi guvoh ko‘rsatmasi

19 aprel kungi sudda tinglangan yangi bir guvoh o‘zbekistonlik imomga nisbatan suiqasdni sodir etgan shaxslarni yollagan asosiy figura sifatida O‘zbekiston maxsus xizmatlariga aloqador, deya Tigran Kaplanov nomini tilga olgan.

Ayblanuvchilarga qarshi ko‘rsatma bergan guvohning (xavfsizlik nuqtai nazaridan guvohning ismi sir saqlanmoqda. - tahr.) asli chechen millatiga mansubligi, Chechenistondagi urushlarda qatnashgan va keyinchalik mamlakatni tark etib, Turkiyadan qo‘nim topgan sobiq harbiy ekani aytilmoqda.

Mahkama protokoliga ko‘ra, bu guvoh jinoyat sodir etilgunga qadar ayblanuvchilar bilan bir necha bor uchrashgan. Unga Turkiyadagi 4 o‘zbekka nisbatan suiqasd rejalanayotgani aytilgan va aynan Abdulloh Buxoriyni o‘ldirishni undan so‘rashgan.

Sudda marhum Mirzag‘olib Hamidov haqlarini himoya qilayotgan advokat Umar Yuzgulga ko‘ra, 19 aprel kungi mahkamada o‘zbekistonlik imomning buyurtma qotillik qurboni bo‘lgani haqidagi da’vo ismi ochiqlanmayotgan guvoh ko‘rsatmalari bilan yanada quvvatlangan:

- Uning yoniga kelgan shaxs Sobirdir. Sobir: "4 kishini o‘ldirishimiz kerak, undan keyin yana 9 kishi bor", degan. Bunga 4 kishining surati va ismini berishgan, lekin 9 kishining ismi yo‘q. Bu kapitanga (guvohga - tahr.) bir kishini o‘ldirib berishi uchun 300 ming AQSh dollari taklif qilishgan. Guvoh o‘sha zahotiyoq politsiya va turk Milliy xavfsizlik xizmatiga bu haqda xabar bergan. Ular bilan hamrohlikda Abudulloh Buxoriyni ogohlantirgan. Keyin esa suiqasd sodir etildi. Bugungi guvoh va yana bir guvoh - chechen tadbirkori Alijan Elomon ko‘rsatmasi asosida bu ikkovlon qo‘lga olindi. Guvoh sudda shunday ko‘rsatma berdi, - deydi advokat Umar Yuzgul.

Tigran Kaplanov va Vasiliy Ivanchenko

Umar Yuzgulga ko‘ra, ismi ochiqlanmayotgan guvoh Tigran Kaplanov nomini o‘zbekistonlik imomga nisbatan suiqasd buyurtmachisi sifatida tilga olmoqda.

Tigran Kaplanovning shved mahkamasida taqdim etilgan pasporti nusxasi

Tigran Kaplanovning shved mahkamasida taqdim etilgan pasporti nusxasi

Bunga qadar Shvetsiya mahkamasida Rossiya fuqarosi ko‘rilgan 37 yashar o‘zbek Tigran Kaplanovning (shuningdek, bu shaxs Umid Aminov nomi bilan tanilgan) Shvetsiyadan boshpana olgan o‘zbekistonlik imom Obid qori Nazarovni o‘ldirish uchun Yuriy Jukovskiyni yollagani da’vo qilingan.

Turkiyada Abdulloh Buxoriyga qarshi suiqasdni ham ayni shaxs buyurtma qilgani haqidagi iddaoni Turkiya fuqarosi bo‘lgan, asli chechenistonlik Alijan Elomon ham Baqirko‘ydagi mahkamaning ikkinchi majlisida ilgari surgan edi.

O‘shanda qotillikdan bir oy oldin Antaliyada Sobir Shukurov suiqasd ijrochi ko‘rilgan Eldor Aslon bilan 200 ming dollarga kelishgani, suiqasd tashkilotchisi "Tigran Kaplanov" laqabli Umid Aminov esa qotilning sevgilisi hisob raqamiga 200 ming dollarni to‘rt bo‘lib jo‘natgani iddao qilingan edi.

Bundan tashqari, mahkamaga keltirilgan yangi guvoh o‘z ko‘rsatmalarida yana bir shaxs - Rossiya maxsus xizmatlariga aloqador va so‘nggi yillarda Turkiyadagi chechenlarga qarshi ketma-ket suiqasdlar buyurtmasichi, deya Vasiliy Ivanchenko nomini tilga olgan. Protokolda qayd etilishicha, o‘ldirilishi rejalangan 4 shaxs surati va manzili bitilgan faks Ivanchenko nomidan jo‘natilgan.

Guvoh bu faks qog‘ozini unga Sobir Shukurov berganini iddao qilmoqda. Shukurov esa bunday qog‘ozni unga berganini sudda rad etdi, ammo guvohni tanishi, uning uyida bo‘lganini tan oldi.

Maxsus xizmatlar

Advokat Umar Yuzgulga ko‘ra, ismi ochiqlanmagan bu guvoh hamda avvalgi majlisda tinglangan ishbilarmon Alijan Elomonning ko‘rsatmalari o‘zbekistonlik imom Abdulloh Buxoriy-Mirzag‘olib Hamidovga nisbatan suiqasd ortida o‘zbek va rus maxsus xizmatlari turibdi, degan da’voni quvvatlamoqda:

- Bu Vasiliy Ivanchenko Rossiya maxsus xizmatlaridagi kapitan ekan. Biz hakamdan: "Xo‘p, bu Sobirni kim jo‘natdi, unga bu ishni kim qildirayapti? Ivancheko kim, Tigran kim? Ularning maqsadi nima? Bu narsalar surishtirilsin, aniqlansin!" deb talab qildik. Lekin, mahkama hay’ati buning ko‘rilayotgan ishga aloqasi yo‘q, deb qaror qildi va tergovni davom ettirish so‘rovini rad etdi, - deydi Umar Yuzgul.

Turk mahkamasi muammosi

Umar Yuzgul shu kunga qadar Turkiyada Checheniston, O‘zbekiston va Tojikistondan borgan bir necha qochqin va siyosiy muxolifat vakillari buyurtma qotillik qurboni bo‘lganini eslatdi.

Yuzgulga ko‘ra, Turkiya politsiyasi qotillik ijrochilari va ayrim hollarda tashkilotchilarini ushlamoqda, jazolamoqda. Ammo, bu jinoyatlarning mamlakat tashqarisidagi buyurtmachilari bilan qiziqmayotir:

- Asl muammo shunda. Rus, o‘zbek, chechen xavfsizlik xizmatlari Turkiya hududida jinoyat sodir etmoqda. Masalan, shu kungacha 5-6 nafar chechenistonlik qochqinni o‘ldirib ketishdi, oxirgisini 4 oy oldin otib ketishdi. Sal oldin tojikistonlik Umarali Quvvatovni o‘ldirishdi. Undan oldin Abdulla Buxoriyni o‘ldirishdi. Mana bugun guvoh bu ishga Tigran buyurtma bergan bo‘lishi mumkin, deyapti. Lekin, mahkama buning ishga aloqasi yo‘q, deyapti. Men: "Bu Tigran Kaplanovni Shvetsiyada o‘zbekistonlik yana bir imomga suiqasdni buyurtma qilgan, degan da’vo bilan hibsga olish qarori berildi, bu shaxslarning Turkiyadagi harakatlari ustidan tergovni davom ettirish kerak" deb talab qildim. Lekin, mahkama rad etdi va ishni shu erda yopdi, - dedi Umar Yuzgul.

Tigran Kaplanovga oid hibs qarori

Shu yilning 4 martida Shvetsiyaning Ostershund shahar sudi o‘zbekistonlik ulamo Obid qori Nazarovga nisbatan 2012 yilda sodir etilgan suiqasd ishi tergovi doirasida asli o‘zbekistonlik Rossiya fuqarosi Tigran Kaplanov (Umid Aminov)ni hibsga olishga order bergan.

Ostershund sudining Ozodlik tasarrufiga kelib tushgan 4 mart kungi qarorida Tigran Kaplanov Shvetsiyadan boshpana olgan o‘zbekistonlik imom Obid qori Nazarovni o‘ldirish uchun Yuriy Jukovskiyni yollagani da’vo qilingan.

Qarorda aytilishicha, Kaplanov-Aminov 2011 yil noyabridan 2012 yilning fevraliga qadar O‘zbekiston fuqarosi Yuriy Jukovskiyning Shvetsiyaga borishi uchun viza olib berish va u yerda Obid qorini topishi bilan bog‘liq sarf-harajatlarni to‘lashda gumon qilinmoqda.

Shvetsiya matbuotiga intervьyu bergan prokuror - Obid qoriga suiqasd urinishini tergov qilayotgan Krister Petersson Kaplanovning hozir Rossiyada ekanini taxmin qilishi va bu holda uning Shvetsiyaga ekstraditsiyasi oson kechmasligini aytgan.

Imom Abdulloh Buxoriy

Abdulloh Buxoriy 2011 yilning mart oyida Turkiyaga qo‘shni Suriyada Bashar Assad rejimiga qarshi isyonlar boshlanishi bilan Assad rejimini qattiq qoralab, uning rejimiga qarshi jihod barcha musulmonlar, xususan o‘zbekistonlik musulmonlarga ham farz bo‘ldi, deb fatvo berishi ortidan jamoatchilik diqqatini tortgan edi.

U Suriyada jihod qilish o‘zbek musulmonlari uchun farz, deb ma’ruza qilgan birinchi o‘zbek imomi bo‘lgan. ​Shuningdek, o‘sha kezda u Suriya va Iroqdagi "Islomiy davlat" haqida hali yakuniy xulosaga kelmagani, ya’ni ularning harakatini ma’qullash yoki qoralashga qaror bermagani, shu harakati uchun, hatto, "Islomiy davlat" mujohidlaridan tahdid maktublari olganini ta’kidlagan edi.

Ammo, tanlash majburiyati tug‘ilganda "g‘arbga ergashgan kufr davlatlari emas, balki shariat asosida yuritiladigan "Islomiy davlat"ni tanlashi"ni ham ochiq baën qilgan. Aksar kuzatuvchilar Internetdagi ma’ruzalari bilan tanishgach, unga radikal islomiy g‘oyalar targ‘iboti bilan shug‘ullangan dindor, deb baho bergan.

Shahrixonlik Buxoriy

Abdulloh Buxoriy shaxsi va faoliyati haqida bir-biriga zid ma’lumotlar bor.

Aksar mustaqil manabalarda uning Andijon viloyati Shahrixon tumanida 1976 yilda dindor oilada tug‘ilgani, asli ismi esa Mirzag‘olib Hamidov ekani aytiladi.

Mustaqil manbalarga ko‘ra, u 1995 yillarda O‘zbekistonni tark etib, avvaliga sobiq O‘zbekiston islomiy harakatiga qo‘shilgan, so‘ngra harakat yetakchilari bilan nizolashib, Turkiyaga qochgan. Ba’zi manbalarda uning baytulmolni o‘g‘irlagani nizoga sabab ekani iddao qilinadi.

Safdoshlaridan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, marhum 8 yil oldin Turkiyaga hijrat qilgan va imomlik bilan shug‘ullanishni boshlagan. Keyinchalik Turkiya fuqarosiga uylanib, bu davlat fuqaroligini olgan. Ammo, uning o‘limidan xabar qilgan turk matuboti Buxoriyni "O‘zbekiston fuqarosi" deb ham yozgan edi.

8 yillik muddat ichida imomning Zaytunburnida sakkizta madrasa ochgani, uning qo‘lida Turkiya, O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Tojikiston fuqarolari, ularning farzandlari dars olgani haqida ma’lumotlar bor.

Xorijda o‘ldirilgan imomlar

2011 yilning sentyabrida Rossiyada o‘zbekistonlik siyosiy faol imom Fuad Rustamxo‘jaev otib ketilgan. Unga nisbatan qotillikni kim sodir etgani va kim buyurgani hanuz noma’lum qolmoqda.

2012 yilning fevralida esa Shvetsiyada o‘zbekistonlik yana bir siyosiy faol imom Obidxon qori Nazarov otib ketildi. Imom og‘ir jarohat oldi va hanuz shifoxonada qolmoqda. Shved kuch ishlatar tuzilmalari ijrochi - O‘zbekiston fuqarosi Yuriy Jukovskiyni topib, umrbod qamoq bilan jazoladi. Hozirda buyurtmachi sifatida Tigran Kaplanovni qidiruvga berdi.

2014 yilning dekabrida Istanbuldagi o‘zbekistonlik uchinchi imom Abdulloh Buxoriy-Mirzag‘olib Hamidov otib ketildi. Turkiya maxsus xizmatlari ijrochilarni ushladi, sudlamoqda. Ammo, buyurtmachi sifatida iddao qilingan Tigran Kaplanov ortidan tergov boshlash talabini rad etmoqda.

XS
SM
MD
LG