Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 18:34

O‘zbek mehnat muhojirlarining Rossiyadan jo‘natayotgan pullari 50 foizga ozaydi


Uylariga pul jo‘natayotgan o‘zbek muhojirlari.
Uylariga pul jo‘natayotgan o‘zbek muhojirlari.

Rossiya Markaziy banki 20 aprel kuni Rossiyada mehnat qilayotgan mardikorlardan O‘zbekistonga pul jo‘natmalari 2015 yilda 50 foizga kamayganini ma’lum qildi. 2016 yilning birinchi choragida esa pul jo‘natmalari miqdori bundan ham ozroq bo‘lgan.

Rossiya Markaziy bankining 20 aprel kuni e’lon qilgan ma’lumotlariga qaraganda, joriy yilning yanvar va fevral oylarida postovet davlatlaridan Rossiyaga kelib ishlayotgan muhojirlar vatanlariga 690 million dollar pul jo‘natgan.

2015 yilning yanvar va fevral oylarida bu ko‘rsatkich 1 milliard 277 million dollarni tashkil qilgan edi. Demak, Rossiyadan pul jo‘natmalari 50 foizdan ko‘proqqa ozaygan.

Markaziy bank statistikasida aytilishicha, o‘zbekistonlik muhojirlar 2014 yilda vatanlariga 5,5 milliard dollar jo‘natgan. 2015 yilda esa o‘zbek mardikorlarining Rossiyadan O‘zbekistonga jo‘natgan pullari miqdori 2 milliard 400 millionni tashkil qilgan.

Ozodlik radiosi bilan suhbatlashgan mutaxasislar iqtisodi mehnat muhojirlarining valyuta jo‘natmalariga qisman qaram bo‘lgan O‘zbekistonda buning ortidan o‘zbek so‘mining keskin qadrsizlanishi yuzaga kelganini e’tirof etadilar.

2015 yilning o‘n oyi mobaynida O‘zbekiston milliy valyutasi dollarga nisbatan rasman 9,36 foizga qadrsizlandi. Qora bozorda esa shu davr mobaynida dollar so‘mga nisbatan 45 foizga qimmatlagan. O‘z ismini aytishimizni istamagan o‘zbekistonlik iqtisodchining fikricha, bu holatToshkent rasmiylarida iqtisodiy bo‘hronga qarshi turish rejasining yo‘qligini anglatadi.

- Birinchidan, O‘zbekistonda iqtisodiy bo‘hronga qarshi hukumat rejasi yoki konsepsiya ishlab chiqilishi kerak edi. Iqtisodiy bo‘hronga qarshi kasanachilikni rivojlantirish kabi mayda-chuyda loyihalar bilan kurashib bo‘lmaydi, - dedi iqtisodchi.

Toshkentlik iqtisodchi Mirkomil Toshkandiy ham o‘z hamkasbining fikrlariga qo‘shiladi. Unga ko‘ra, O‘zbekistonga tashqaridan kelayotgan valyuta miqdorining ozayishi, o‘zbek so‘mining qadrsizlanishi ortidan narx-navo ham tez ko‘tarilib ketmoqda. Iqtisodchining aytishicha, O‘zbekistonda narx-navoning muntazam ko‘tarilishi tendentsiyaga aylangani iqtisodiy siyosat noto‘g‘ri olib borilayotganidan darak beradi:

- Agar narx-navo va energoresurslar 11 foizga oshsa, buning qolgan mahsulotlar narxiga ta’siri qoida bo‘yicha 6-7 foizdan oshmasligi kerak. Ammo O‘zbekiston sharoitida bu ko‘rsatkich 20, xatto 50 foizgacha oshib ketayapti. Bu esa xo‘jalik yuritish noto‘g‘ri olib borilayotganidan darak beradi. Ya’ni, eksport va import balansi me’yorida emasligini anglatadi. Respublikada haligacha import eksportdan baland. Shuning uchun inflyatsiya oshib ketmoqda, - dedi Mirkomil Toshkandiy.

Rossiya Markaziy banki hisobotida O‘zbekistondan tashqari Tojikiston va Qirg‘izistonga ham pul jo‘natmalari ikki-uch barobarga kamayib ketgani aytiladi.

Masalan, Tojikistonga Rossiyadan 2014 yilda 3 milliard 831 million dollar jo‘natilgan bo‘lsa, 2015 yilda faqat 1 milliard 278 million dollar jo‘natilgan.

Rossiyadagi mehnat muhojirlari muammolari bilan shug‘ullanuvchi nodavlat tashkilotlari mutaxasislari fikricha, pul jo‘natmalarining ozayib ketishiga 2015 yilning 1 yanvaridan mehnat muhojirlari uchun patent joriy etilishi, Rossiyadagi iqtisodiy inqiroz va rubl qadrining keskin tushib ketishi asosiy sabab bo‘ldi.

XS
SM
MD
LG