Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 07:31

Ko‘lobda yetti masjid uysiz oilalarga o‘tkazib berildi


Ko‘lobda boshpanasizlarga uy qilib berilgan sobiq masjidlardan biri.
Ko‘lobda boshpanasizlarga uy qilib berilgan sobiq masjidlardan biri.

45 yoshli Savsan Jonova uch oydan beri o‘g‘li bilan Ko‘lob shahridagi “Xatti roh” mahallasidagi yangi uyida istiqomat qilmoqda. Jonovaga berilgunicha bu imorat masjid bo‘lgan.

Ozodlikning tojik xizmati bilan suhbatda Savsan Jonova umrining so‘nggi 6 yilini Tojikiston kommunistik partiyasining Ko‘lobdagi idorasidagi katalakdek xonada kechirganini aytgan. Qizini ham o‘sha joyda chiqargan ayol nihoyat o‘z uyiga ega bo‘lganidan mamnun.

Sobiq masjidda yashayotgan Savsan Jonova.
Sobiq masjidda yashayotgan Savsan Jonova.

​- Buning uchun rasmiylarimizdan juda minnatdorman. O‘n besh yil avval erim bilan ajrashib, qo‘limda ikki bolam bilan qolganimda yaqinlarimdan hech kim meni uyiga kiritmagan. Men biror boshpana ajratishlarini so‘rab hokimiyatdagilarga ham, parlamentga ham ko‘p marta murojaat qilganman, - deydi Savsan Jonova.

U istiqomat qilayotgan bino ikki yilcha avval “Xatti roh” mahallasida yashagan odamlar tomonidan masjid o‘laroq qurilgan. Mahalla ahli bu joy ilk boshdan namoz o‘qish uchun mo‘ljallangani, shuning uchun ham bu yerni uy qilib olish durust emasligini aytmoqdalar.

Savsan Jonova mahalladagilar uni xushlamay qabul qilganlarini, uning uyiga kirmayotganlarini, hatto bir marta “fashist” deb haqorat qilganlarini aytadi.

- Ayrim qo‘shnilarim ustidan prokuraturaga shikoyat qildim. Bir qarasang, elektrimizni uzib qo‘yishadi, bir qarasang, ataylab, boshqa muammolar yaratishadi, - deya noliydi ayol.

Ko‘lob shahar hokimining muovini Kenjamo Majidova vaziyatga izoh berarkan, Jonovani sobiq masjidga ko‘chirish oldidan mahalla ahli bilan gaplashganini aytadi.

- Dastavval biz sobiq masjidga mahalladagilarning boshpanasiz tanishlaridan birini joylashtirishni o‘ylagandik. Biz bu joyni sport zaliga aylantirishni ham taklif qildik, biroq ular: “Masjid o‘yin o‘ynaydigan joymi?” deb, taklifimizni keskin rad etishdi. Shundan so‘ng biz huquq-tartibot idoralari xodimlari bilan birgalikda Savsan Jonovani joylashtirdik. Mahalladagilar hozir sobiq masjid binosini qaytarib olishni istashayotganmish, ammo hujjatlar allaqachon Jonova nomiga rasmiylashtirib bo‘lingan, - deydi Kenjamo Majidova.

“Xatti roh” mahallasi raisi Sharifjon Talabov Savsan Jonovani sobiq namozxonaga ko‘chirishga mahalladagilar ichidagi kichik bir guruhgina qarshi ekanini aytadi.

Bu Tojikistonda sobiq masjidlarni muhtoj kishilarga o‘tkazib berish bo‘yicha ilk tajriba emas. O‘tgan yili Xovaling tumani rasmiylari “noqonuniy qurilgan” degan iddao bilan 5 masjidni turar-joysiz odamlarga uy qilib bergandi.

Noqonuniy qurilgan masjidlarni jamoat joylariga aylantirish harakati 2010 yili vijdon va din erkinligi to‘g‘risidagi yangi qonun kuchga kirganidan keyin boshlangan. O‘shandan buyon mamlakat bo‘ylab mingdan ziyod namozxona jamoat joylariga aylantirilgan.

Tojikistonlik ekspertlarning ayrimlari rasmiylarning bu harakatini tanqid qilganlar. Ularga ko‘ra, aholisining 90 foizdan ko‘prog‘i musulmon bo‘lgan mamlakatda rasmiylarning ibodatxonalarga bunaqa munosabatda bo‘lishi odamlarning diniy his-tuyg‘ularini tahqirlaydi.

XS
SM
MD
LG