Линклар

logo-print

Jizzaxning Baxmalida xususiy bog‘lar fermer xo‘jaliklariga aylantirilmoqda, Samarqandning Bulung‘urida bog‘lar buzilib, o‘rnini polizga aylantirish buyurildi.

Bu Prezident Karimovning meva-sabzavot xarid qilish bo‘yicha davlat buyurtmasi joriy etish, eksport qilish va saqlashga oid joriy oydagi uch qaroridan so‘ng Ozodlikka tinglovchilardan kelayotgan xabarlardir.

Baxmal tuman hokimligi vakili bu xabarlarni ularga biroz “aniqlik kiritgan” holda tasdiqladi. Uning aytishicha, mavjud fermer xo‘jaliklari hududida barpo etilgan bog‘larni alohida fermer xo‘jaligi sifatida rasmiylashtirish boshlangan.

Tashvishli xabar

Tinglovchilardan Ozodlikka kelgan xabarlardan birida mana bunday deyilgan:

“Baxmal va Bulung‘ur tumanlarida xususiy bog‘lari bo‘lgan shaxslarni o‘z arizasiga ko‘ra fermer xo‘jaligiga o‘tishga majburlashayapti. Nostandart ekilgan va gullab turgan olma daraxtlari va bedalar buzib tashlanayapti”.

Optimallashtirishning "meva bosqichi"

Bu xabar ortidan Baxmal tuman hokimligi bilan bog‘landik. Hokimlik vakili “Bog‘lar fermer xo‘jaliklariga aylantirilayaptimi?”, degan savolimizga “Ha”, deb javob berdi.

Shundan so‘ng xodimdan gap qanday bog‘lar ustida ketayotganini surishtirdik.

- 4 yillik, 5 yillik bog‘lar bor, yangi ekilayotganlari bor. Ular -fermer xo‘jaligi balansida turgan bog‘lar. Optimallashtirishgacha fermerdan ijaraga olingan yer bo‘lishi mumkin o‘sha bog‘ qilingan maydon. Aytaylik, u 5 gektar bo‘lsin. Endi fermerdan o‘sha 5 gektarni qaytarish to‘g‘risida tuman hokimi nomiga ariza olinadi. Keyin boyagi fuqaroga – bog‘ qilgan fuqaroga hujjat qilib beriladi, ya’ni u ham fermerga aylanadi, dedi Baxmal tuman hokimligi xodimi.

Baxmalda yong‘oqzor

Shundan so‘ng baxmallik faol, 60 yashar Ochil Mirzaev bilan bog‘landik. Uning aytganlari o‘rganayotganimiz jarayon manzarasini to‘liqladi.

- Bugun men kadastr xizmatiga bordim. O‘sha erda erlarni optimallashtirish boshlandi, deb eshitdim. Uzumchilikni ko‘paytirishga e’tibor berilarmish. Bundan tashqari tumanimizda yong‘oqzor barpo etilarmish. 2, 2,5 gektardan 5 gektargacha yer berilsin, xalq ish bilan ta’minlansin, deb hokim aytganini kadastr boshlig‘ining o‘zidan eshitdim, dedi Ochil Mirzaev.

Bulung‘urda bog‘lar buzilayotgani to‘g‘risida norasmiy xabar

Bulung‘ur tumanidagi vaziyatni o‘rganishimizga g‘allaorollik faol tinglovchimiz, 78 yashar Nabijon Jo‘raboev yordam berdi.

- Bulung‘ur hokimiyatida bulung‘urliklarga “bu yil biz Rossiya bilan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetkazib berish to‘g‘risida shartnoma tuzganmiz”, deyishibdi. Shuning uchun bog‘larni buzishayapti ekan. O‘rniga poliz ekini ekishga buyurishibdi. Har yig‘ilishda tuman hokimi shunday topshiriq berishayapti ekan.

- Bu gapni Siz kimdan eshitdingiz?

- Boya siz telefon qilganingizdan keyin borib keldim Bulung‘urga. Men turgan joydan Bulung‘urning markaziga 25 kilometr. Borib, o‘sha yerdagi dehqonlar bilan gaplashib keldim.

- O‘zingiz yashaydigan G‘allaorolda bunday gap yo‘qmi?

- G‘allaorolda bunday gap yo‘q. Bizda yer ko‘p. Bog‘ni buzishga hojat yo‘q.

- Mehnatingizga rozi bo‘ling, Bulung‘urga borib kelibsiz...

- Hechqisi yo‘q. Bekorchi odamman, borib kelaveraman.

Nabijon Jo‘raboevga ishonmaslikka asosimiz yo‘q. Shunday bo‘lsa ham Bulung‘ur tuman hokimligi bilan bog‘lanishga urindik, lekin buning iloji bo‘lmadi.

Prezidentning "meva" qarorlari

Vazirlar Mahkamasining meva-sabzavotni yuk mashinalarida eksport qilishga ruxsat beruvchi 1 apreldagi qaroridan so‘ng mamlakat Prezidenti shu sohaga oid 3 ta qaror qabul qildi.

Islom Karimov imzolagan qarorlardan biri asosida tashkil qilinadigan maxsus tuzilma - “O‘zbekoziqovqatzahira”ga mamlakat ichki bozorini meva-sabzavot bilan ta’minlash yuklatilgan. Ikkinchisi bilan tashkil qilinadigan tuzilma - “O‘zagroeksport” meva-sabzavotni eksport qilish bilan shug‘ullanadi.

Prezidentning yana bir qaroriga binoan, 2016 yilgi hosildan boshlab, ho‘l meva-sabzavot, kartoshka, poliz mahsulotlari va uzum xarid qilish bo‘yicha davlat buyurtmasi joriy etilgan.

XS
SM
MD
LG