Линклар

O‘zbekistondagi kasb-hunar kollejlari o‘qituvchilari zimmasiga xorijga ketgan va darsga kelmayotgan o‘quvchilarni qaytarish vazifasi yuklandi. Kollejlarda o‘quvchilar yashaydigan rayonlar mikrouchastkalarga taqsimlangan va unga biriktirilgan o‘qituvchi qisqa muddati ichida darsga kelmayotgan o‘quvchini topib, kollejga qaytarishi lozim. Kollejlar rahbariyati bu ishlarni o‘qituvchi ishdan tashqari, o‘z hisobidan qilishga majburligini tasdiqladi.

Toshkent viloyatidagi Ozodlik mushtariysidan quyidagi maktub keldi:

"1 apreldan boshqa viloyatlarda bilmadimu, lekin Toshkent viloyatida kollejlarda o'quvchilarni o'quv mashg'ulotlariga jalb qilish bo'yicha katta tekshiruvlar turli tashkilotlar tomonidan olib borilmoqda. Bu albatta yaxshi chunki o'quchilar kollejda 100 %davomat bilan darslarda qatnashsa, bekor qolib bemani ishlarga vaqt ajratmasa biz juda xursandmiz, masalaning lekin degan joyi bor hozir kollejlarda har bir o'quvchini nazoratga olish uchun har bir o'qituvchiga15-17 tadan o'quvchi bo'lib berilgan (mikro uchastka rahbari deyiladi) lekin mana shu mikro uchastka rahbarlari uchun hech qanday oshiqcha haq to'lanmaydi. To'g'ri bu mayda gap ammo o'sha mikro uchastka rahbari mikro uchastkasida kelmagan o'quvchi uchun vaqtini sarflaydi, u uchun qog'oz hujjat tayyorlaydi buning hammasi osmondan tushmaydi bu mablag', bechora mikro uchastka rahbari yonidan to'lab qog'oz sarf qiladi".

Maktub ortidan surishtirgan muxbir bunday mikrouchastkalar nafaqat Toshkent viloyatidagi, balki respublika bo‘ylab mavjud 1 yarim mingtaga yaqin barcha kasb-hunar kollejlarida tashkil qilingani haqida ma’lumot oldi.

Jumladan, Sirdaryo va Toshkent viloyatidagi qator kollejlar rahbariyatidan olingan ma’lumotga ko‘ra, har bir ta’lim maskanida o‘rtacha 35-45 tadan mikrouchastka tashkil qilingan.

Toshkent viloyati Chinoz tumanidagi kasb-hunar kollejlaridan birining rahbari muxbir bilan mikrofonsiz suhbatda har bitta uchastkada o‘rtacha 15-17 nafardan o‘quvchi bo‘lishi va ularga bir o‘qituvchi biriktirilganini tasdiqladi:

"Asosiy maqsad - davomadni ko‘tarish, kollejga o‘qishga kirib, darsga kelmay yurganlarni aniqlab, ta’lim jarayoniga qaytarish. Shu yil boshida boshlaganmiz, mikrouchastkalar tuzishni - hozirgacha davomad 90 foizga ko‘tarildi, oldin 60 foiz atrofida edi", dedi ismini ochiqlamayotganimiz kollej rahbari.

Toshkent viloyati Chirchiq tumanidagi kollejlardan birining aynan mikrouchaskalar bilan ishlash bo‘limi rahbari shu kunlarda yuqori tashkilotlarda tekshiruvlar boshlangani, boisi har bahor mavsumida kollej o‘quvchilarining xorijga ishga ketib qolishi yoki qishloq xo‘jalik ishlariga jalb qilinishi kuzatilishini aytdi:

"Bizni kollejda 3-bosqichdagi 3 o‘quvchi Rossiya va Qozog‘istonga ketib qolgan edi. Shu mikrouchastka rahbarlari uyiga qayta-qayta borib, ota-onasi bilan ishlab, ularni qaytardi. Hozir darsda shular. Keyin ota-onasiga yordam beraman, deb darsga kelmayotganlar bor. Turmushga chiqqan qizlar bor. Xullas, o‘quvchi 2 kun darsga kelmasa, uchinchi kuni uchastka rahbari borishi va darsga qaytarishi shartda", dedi ismini ochiqlmayotganimiz mulozim.

Bu mulozim O‘zbekiston Kasb-hunar ta’lim boshqarmasi maxsus qarori bilan olib borilayotgan bu tadbir to‘liq o‘qituvchining hisobidan ekanini yashirmadi, hatto, norozi ham bo‘ldi:

"Bizning kollejda 40 ta mikrouchastka bor. Har bir uchastkada 13-17tagacha o‘quvchi yashaydi. O‘qituvchi darsdan bo‘sh vaqtida o‘z yonidan pul sarflab, o‘quvchilarning uyiga boradi. Agar bola xorijda bo‘lsa, bir necha marta borishiga to‘g‘ri keladi. Odatan, kechki payt qatnagani uchun faqat taksida yuradi, yosh-yosh ayol o‘qituvchilarimiz bor - oqshom yo‘lda yolg‘iz qolib ketishi bor. To‘g‘ri, davomad darhol yaxshilandi, lekin ba’zi o‘qituvchilarga juda og‘ir bo‘layapti. Hamma rasxodi o‘zidan", dedi Chirchiq tumanidagi kasb-hunar kollejlaridan birining rahbari.

O‘zbekistonda hozir jami 1 ming 412 ta kasb-hunar ta’limi kolleji bor. Bu kollejlarda tashkil qilingan mikrouchastkalar jami soni esa kamida 50 mingtadir. Demak, kamida 50 ming nafar kollej o‘qituvchisi ishdan bo‘sh vaqtida va o‘z hisobidan qo‘shimcha ish bilan shug‘ullanishga majbur qilinmoqda.

Toshkent viloyati Bo‘ka tumanidagi kasb-hunar ta’limi kollejlaridan birining o‘qituvchisi bu majburiyatning ijrosi bevosita tuman hokimiyati tomonidan amalga oshirilayotganini aytdi:

"Bir yig‘ilishda o‘qituvchilar: "Bizning bu ishga vaqtimiz ham, pulimiz ham etmayapti", deb norozi bo‘lgan edi. Hokimiyatda: "Siz bizdan ham ko‘p oylik olasiz, nima uchun endi yurmasligingiz kerak? Yurasiz-da!" deb aytishyapti. Endi shu o‘qituvchini oyligi hokimiyatdagilarni oyligidan kattami?!" deydi o‘qituvchi.

Aslida O‘zbekistondagi kasb-hunar kollejlarining xorijga - Qozog‘iston va Rossiyaga mehnat muhojirligiga ketib qolayotgan o‘quvchilarini qaytarish chora-tadbirlari 2013 yilda O‘zbekiston prezidenti Islom Karimovning xorijda, ayniqsa, Rossiyada yurgan mardikorlarni "dangasa" deb qoralaganidan so‘ng boshlangan edi.

Avvaliga xorijga ketgani, turmushga chiqqani yoki ota-onasiga qishloq xo‘jaligi ishlarida yordam berayotgani uchun kollejga darsga qatnamayotgan o‘quvchilarning ota-onalariga 1 million so‘mgacha jarima solish chorasi ko‘rildi.

Ya’ni, o‘qishni tashlab xorijga ishlashga ketgan farzandini qaytarmagan ota-onalar O‘zbekiston ma’muriy-javobgarlik kodeksining 47-moddasi (Bolalarni tarbiyalash va ularga ta’lim berish borasidagi majburiyatlarni bajarmaslik) bo‘yicha javobgarlikka tortilishi aytilgan.

Kollejlarda o‘qituvchilar hisobidan mikrouchastka tashkil qilish va ularning tekin ishchi kuchidan foydalanish harakati esa O‘zbekiston Kasb-hunar ta’limi boshqarmasining 2015 yil dekabr oyidagi bo‘yrug‘i bilan boshlangan. Bahor fasli kelishi bilan buyruq ijrosi ustidan nazorat kuchaytirildi.

XS
SM
MD
LG